UZB SPort

Premer-ligadagi forma jadvali: 1-hafta natijalari

Rasmiy turnir jadvali emas. Bu — faqat o‘tgan turdagi o‘yinga qarab tuziladigan “forma jadvali”. Har hafta yangilanadi, demak, yetti kun ichida cho‘qqidan tubga ham, tubdan cho‘qqiga ham chiqish mumkin.

Har yangi tur — toza sahifa. Ayni paytda bu xabarni eshitib yengil nafas olayotganlar bor: Aston Villa, Tottenham Hotspur, Manchester United…

Natija muhim, lekin bu yerda baho avvalambor o‘yin sifatiga beriladi. O‘tgan turdagi har bir uchrashuv bo‘laklab ko‘riladi, kim qanday o‘ynadi, kim nimani uddaladi yoki boy berdi — shunga qarab 1 dan 20 gacha o‘rinlar taqsimlanadi.

2026-27 mavsumidagi har hafta uchun jonli surat, xolos. Subyektiv, bahsli, aynan shuning uchun qiziq.

Keling, birinchi haftaga kirib boramiz.

1. Hull City

Hull City 2–0 Manchester United

Bu ssenariyda bunday yakun yozilmagan edi. Manchester United — ko‘pchilikning asosiy tushish nomzodi deb qarayotgan Hull Citydan to‘liq mag‘lubiyat. Maydonda esa soqolli boshqaruvchi — Oli McBurnie shou ko‘rsatdi.

Sergej Jakirovic taktikada adashmadi. Uch markaziy himoyachi va qanot himoyachilari bilan tuzilgan sxema Unitedning yillar davomida bitmayotgan muammolarini yana ochib tashladi.

Hull haqiqiy “yo‘lbarslarcha” o‘ynadi. 30-daqiqalardan keyin Matt Crooks va Nobel Mendyning Bruno Fernandesga birgalikda bosim qilgani ularning ochko‘zligini aniq ifodalab berdi. O‘sha paytga kelib Hull deyarli ikki barobar ko‘proq yakka kurash yutgan, hisobda ham oldinda edi.

Regan Slater standart vaziyatlarda o‘zini David Beckhamdek tutdi, Mohamed Belloumi raqiblarni “somsa qilib” oyoq orasidan o‘tkazib yurar, McBurnie esa yakka hujumchi sifatida mahorat darsini ko‘rsatardi.

Hull uchun hammasi yurishgan kun bo‘ldi.

2. Brentford

Brentford 3–0 Tottenham Hotspur

Bir yil avval bu natija hayrat uyg‘otgan bo‘lardi. Endi esa unchalik emas. Keith Andrews qo‘l ostidagi Brentford — ko‘p qirrali, xavfli jamoa.

Shanba kuni Brentford ko‘p bora to‘pni markaziy himoyachilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kevin Schade yoki Igor Thiagoga yo‘llab, klassik “9-raqam” o‘yinini ishga soldi. Lekin bu faqat uzun paslardan iborat o‘yin emasdi — Keane Lewis-Potter (ha, aynan chap qanot himoyachisi!) ishtirokidagi kombinatsiyalar ham ko‘zga tashlandi. Ularning yuqori pressing sifati esa alohida mavzu.

Ammo asosiy yulduz — klub tarixidagi eng qimmat transfer, 41 million funtlik Mamadou Sangare. Jismonan kuchli, ikkita golli uzatma, o‘ng tomondagi cho‘ntakka tushganda chap oyog‘i bilan ochadigan pas burchaklari — hammasi raqib uchun bosh og‘rig‘i.

Bir o‘yindan keyin bunday gap aytish erta, deyish mumkin. Lekin baribir tilga keladi: Sangare bu mavsumning eng omadli transferiga aylanishi mumkin.

3. Brighton & Hove Albion

Brighton & Hove Albion 4–0 Aston Villa

Ha, “rasmiy” jadvalda ham birinchi o‘rinda turibdi Brighton, bunga e’tiroz yo‘q. Lekin bu yerda Aston Villa o‘zini o‘zi yiqitganini ham unutib bo‘lmaydi: avtogol, birinchi bo‘limdayoq qizil kartochka va Brightonning yuqori pressingiga qaramay, baribir qisqa pas bilan chiqishga urinish.

Dastlabki daqiqalardanoq signallar ko‘rinib turgan edi. Pascal Gross va Yasin Ayari Joao Gomesni o‘z jarima maydoni atrofida siqib qo‘ydi. 18-daqiqada Georginio Rutterning orqaga yugurib kirishlari Villa markaziy himoyasidagi sekinlikni ochib tashladi va ikkinchi golga sabab bo‘ldi.

Shundan keyin Brighton dengiz bo‘yidagi quyoshli kunda o‘zini erkin his qildi. Yangi transfer Luka Vuskovic diagonal uzatmalar bilan o‘yinni yoydi, ikki gol muallifi Jack Hinshelwood esa nima uchun Fabian Hurzeler uni “10-raqam” sifatida ko‘rayotganini amalda ko‘rsatdi.

4. Chelsea

Fulham 2–3 Chelsea

Cole Palmer qaytdi.

Morgan Rogers bilan bir qatorda, Joao Pedroning ortida erkin harakatlangan Palmer Fulhamga qarshi o‘yinda maydonni o‘z qo‘liga oldi. O‘tgan mavsumdagi asabiy pallalar va Angliya terma jamoasining Jahon chempionati tarkibiga kirmagani uni ancha “och” qilib qo‘ygani sezildi.

Craven Cottagedagi eng yorqin futbolchi Palmer bo‘ldi, lekin uchlikning o‘zi ham alohida hikoya: har biri gol urdi, bir-biri bilan uyg‘un harakat qilib, Chelsea bu mavsumda boshqa chiziqlari ideal bo‘lmasa ham, o‘yin yutishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Orqa chiziqda esa muammolar yetarli edi. Darvozabon Robert Sanchez birinchi golga bevosita sababchi bo‘ldi, ikkinchisida ham o‘zini ko‘rsatolmadi, Levi Colwill ham xato qildi.

Baribir kecha Londondagi derbida asosiy voqea — Chelsea hujumi bo‘ldi. Tomoshabinlar zerikmadi.

5. Arsenal

Arsenal 3–0 Coventry City

Bu uchrashuvni futbol tilida “zona 2 yugurish” deb atash mumkin. Yurak urishi maksimalining 60-70 foizida, sokin, suhbatlashib yugurish. Charchatmaydi, lekin uzoq masofaga tayyorlaydi.

Arsenal uchun mavsumdagi 38 o‘yinning birinchisi shunday o‘tdi. Premer-ligaga endi ko‘tarilgan Coventryga qarshi deyarli ter ham chiqarmadi. Ular bo‘shashgan ko‘rindi (Mikel Arteta bu so‘zni yoqtirmadi), faqat yangi transfer Christos Tzolis bundan mustasno — u maydonda o‘zini ko‘rsatishga shoshilayotgandek. Community Shieldda Manchester Cityga qarshi zo‘r o‘ynagan Tzolis juma kuni ham raqibni xatoga majbur qildi, gollar yaratdi, har imkoniyatda zarba berdi.

Lekin kechirim yo‘q: Arsenal muxlislari, bu hafta “sehrli” o‘yinlar ro‘yxatining cho‘qqisi sizga emas.

6. Everton

Everton 2–0 Crystal Palace

Hisob ko‘rkam, lekin o‘yin unchalik ham bir tomonlama emasdi. Crystal Palace 2.04 xG ko‘rsatkichiga erishib, 2018 yildan beri ilk bor Premer-ligada shuncha kutilgan gol bilan maydondan golsiz ketdi. Bu raqamlarni yomon ko‘radiganlar uchun emas, faqat kontekst uchun.

Shunga qaramay, Everton o‘yinida ijobiy nuqtalar ko‘p edi.

Yosh va tajribasiz markaziy yarim himoyachilar juftligi — Harrison Armstrong (Daniel Munozdan to‘pni tortib oldi) va Hayden Hackney (tezkor ijro etilgan standart) gollarda bevosita ishtirok etdi. Chap qanotda Tyrique George dadil yugurishlari bilan ajralib turdi, Iliman Ndiaye yana bir bor ijodkorligini namoyish qildi, Kiernan Dewsbury-Hall esa chiroyli gol urdi.

Thierno Barry uzoq muddatli yechimmi? Ehtimol yo‘q. Lekin Premer-ligada undan yorqinroq tabassum topish qiyin.

7. Ipswich Town

Ipswich Town 2–1 Sunderland

Hali hammasi boshida, lekin ilk taassurot bitta: Ipswich bu safar Premer-ligada qolishga ikki yil avvalgidan ancha tayyor. 136 million funtlik yozgi transferlar bunga mos.

Old chiziq to‘liq yangilandi. To‘rtlikdan ikkisi — Toulousedan olingan braziliyalik Emersonn va Strasbourgdan kelgan Julio Enciso — shanba kuni hisobni ochgan kombinatsiyada bosh rolni ijro etdi. Enciso butun o‘yin davomida raqibni aldab o‘tishga, yugurishga, pressingga tayyor ekanini ko‘rsatdi.

Orqa chiziqda chap qanot himoyachisi Leif Davis bir necha ideal paytlangan to‘siqlari bilan ko‘zga tashlandi. 201 sm bo‘yli darvozabon Kjell Scherpen esa to‘pni yarim maydondan oshirib, Emersonnga “qo‘l bilan pas” berib yuborgandek bo‘ldi — hammasi osondek ko‘rindi.

Ammo qahramon boshqa edi. Sunderland sobiq futbolchisi Jack Clarke zaxiradan tushib, adolatli bo‘linishi mumkin bo‘lgan bir ochkoni uchga aylantirdi.

8. Leeds United

Nottingham Forest 0–1 Leeds United

Safarda “quruq” hisob va uch ochko. Murabbiy uchun ideal start.

Anton Stachning 88-daqiqadagi jarima zarbasi goli (nemis futbolchisining standart vaziyatlardagi mahorati alohida mavzu) bu g‘alabani “tasodifiy zarba”dek ko‘rsatishi mumkin, lekin voqea unchalik sodda emas.

Ha, Leeds oxirgi daqiqalargacha gol uchun oshiqmadi. Lekin Forestning ham ikkinchi bo‘limdagi qisqa bosimidan tashqari jiddiy xavfi ko‘rinmadi.

Leeds nuqtayi nazaridan bu — o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidagi intizomli, tartibli himoyaviy o‘yin davomidir, faqat endi tarkibda yangi yuzlar bor. Ulardan biri, darvozabon James Trafford Igor Jesusning xavfli zarbasini qaytarib, uch ochkoni saqlab qoldi.

9. Newcastle United

Newcastle United 2–2 Liverpool

Oxirgi daqiqadagi jarima zarbasi — yurakka zarba. Lekin o‘yin? Juda zavqli. Yoz davomida Tynesidega qaytgandek bo‘lgan tushkun kayfiyat fonida bu kutilmagan nafas bo‘ldi.

Yangi murabbiy Matthias Jaissle jamoaga vertikal, tezkor futbol olib keldi va bu uslub Liverpool uchun jiddiy muammo tug‘dirdi. Ayniqsa, Yoane Wissa.

U avval “10-raqam”, keyin hujumchi sifatida o‘ynadi va Newcastle o‘yinidagi eng yaxshi jihatlarni o‘zida jamladi: energiya, dribling, raqibni ortda qoldirish. Ikkinchi gol oldidan u ortida qancha Liverpool futbolchisini qoldirganini eslashning o‘zi kifoya.

Anthony Elanga ham Jaissle uslubidan foyda ko‘radigandek ko‘rindi — u erta gol bilan hisobni ochdi.

Nick Woltemade uchun esa yangi rol haqidagi savollar keyingi haftalarga qoladi.

10. Manchester City

Manchester City 2–1 Bournemouth

Murakkab, asabiy, og‘ir o‘yin. Bournemouth City uchun noqulay raqib ekanini o‘tgan mavsum oxiridagi durangdan keyin yaxshi bilishadi — o‘shanda ularning chempionlik poygasiga nuqta qo‘yilgandi. Bu safar ham oson bo‘lmadi.

Erling Haaland darvoza oldida g‘alati darajada noaniq harakat qildi. Marc Guehi markaziy yarim himoyada o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Himoyada esa notinchlik sezilib turdi, Bournemouthning goli ham shundan darak.

Phil Foden masalasi ham ochiq: uning eng yaxshi pozitsiyasi chindan ham o‘ng qanotmi?

Ha, City Guehi tenglashtiruvchi gol urishidan oldin ham yetarlicha imkoniyat yaratdi, lekin o‘yin odatdagi silliq, ritmli Cityga o‘xshamadi.

Ular uchqunga muhtoj edi. Zaxiradan chiqqan Rayan Cherki aynan o‘sha uchqun bo‘ldi. Uning ikkinchi golli uzatmasi — Josko Gvardiolni “birga-bir” vaziyatga chiqarib, g‘alaba golini ta’minlagan pas — o‘tgan mavsum Chelsea safaridagi Guehiga tashlangan ajoyib uzatmani eslatdi.

11. Bournemouth

Manchester City 2–1 Bournemouth

“Mana, yutishingiz mumkin bo‘lgan sovrin.”

90-yillar britan televideniyesidagi Jim Bowenning shu iborasi Bournemouth uchun juda mos. Yakshanba kuni uch ochko deyarli qo‘llarida edi. Soat esa ularning foydasiga ishlayotgandi.

Keyin esa tushunib bo‘lmaydigan lahza keldi: Guehi yana bir bor bosh bilan zarba berish uchun butunlay yolg‘iz qoldi. Bu safar kechirmadi.

Gvardiolning qo‘shimcha daqiqalardagi goli mehmonlarning alamini yanada oshirdi. Chunki Bournemouth bu kuni aynan Andoni Iraola davridagi jamoaga juda o‘xshab ketdi — klubning Marco Rosega ishonib topshirgan vazifasi ham shu edi.

Faqat bitta savol tinchlik bermaydi: qarshi hujumlarda ikkinchi golni izlashga yanada jasorat bilan o‘tish mumkinmidi?

12. Liverpool

Newcastle 2–2 Liverpool

Yangi mavsum, eski dardlar: qanot himoyachilari, markaz, hujum.

Liverpool St James’ Parkdan Dominik Szoboszlai tomonidan ijro etilgan sovuqqon qo‘shimcha daqiqalardagi penalti hisobiga bir ochko bilan qaytdi. Lekin o‘yin shuni ko‘rsatdiki, Andoni Iraola jamoani yana chempionlik poygasiga qaytarish haqida o‘ylashdan oldin juda ko‘p narsani tuzatishi kerak.

Bu yerda chuqur tahlil emas, qisqa chizgilar. Ammo savollar ko‘p. Milos Kerkez va Jeremie Frimpong qanot himoyachilari sifatida yechimmi? Agar shunday bo‘lsa, savolning o‘zi qanday edi?

Yarim himoya nega bunchalik sust? Wissa ikkinchi gol oldidan ularni qanday oson ortda qoldirganini ko‘rish kifoya.

Va eng achchig‘i: Alexander Isak va Florian Wirtz uchun qariyb 250 million funt sarflangan bo‘lsa, ular qachon bu narxga munosib darajada o‘yin ko‘rsatishni boshlaydi?

13. Fulham

Fulham 2–3 Chelsea

Ko‘pchilik Alvaro Arbeloaning Fulhamdagi ishini kutib turibdi — lekin ko‘proq muvaffaqiyatsizlikni kutayotgandek. Chelsea bilan o‘yinda to‘pni orqadan chiqarishda ikki markaziy himoyachi orasini shunchalik keng ochib qo‘yishi savollar tug‘dirdi. Ayniqsa, mehmonlar birinchi daqiqadayoq bundan foydalanib, gol urganidan keyin.

Chelsea ikkinchi va uchinchi gollarida ham Fulham himoyasi yaxshi ko‘rinmadi. Bu esa boshqa chiziqlarda qilingan yaxshi ishlarni soya ostida qoldirdi: ayrim davrlarda to‘p nazorati, Josh Kingning mehnatsevarligi, hujumga keskinlik olib kirgan yangi futbolchi Gonzalo Garcianing o‘yini. 22 yoshli ispaniyalik haqiqatan yoqimli topilma.

Endi savol: Arbeloaning to‘p bilan o‘ynash taktikasi o‘zgaradimi? Qanday bo‘lmasin, bitta fikr aniq — bu himoya chizig‘iga o‘ng oyog‘li markaziy himoyachi juda asqatardi.

14. Nottingham Forest

Forest 0–1 Leeds

Forest yomon o‘ynamadi. Nikola Milenkovic bosh bilan to‘pni ustunga tekkizdi, Igor Jesus navbatdagi imkoniyatidan foydalana olmadi (u deyarli har doim shunday), Chris Wood esa yaxshi vaziyatni darvoza yonidan o‘tkazib yubordi.

Leeds tarafida esa 88-daqiqaga qadar gol deyarli tasavvurga sig‘masdi — taqdirni Anton Stachning zarbasi o‘zgartirdi. Forest darvozaboni Matz Sels bundan hammadan ko‘proq afsuslanadi.

Forestga esa yangi murabbiy Oliver Glasnerning sxemasi va uslubiga moslashish uchun vaqt kerak. Murillo yangi tizimda o‘zini juda erkin his qildi, ayniqsa Woodga yaratib bergan imkoniyati bilan. Endi savol: James McAtee Crystal Palace davridagi Adam Wharton o‘rnini bosadigan futbolchiga aylana oladimi?

Igor Jesus esa eng yaxshi hujum kombinatsiyasida ikkita variantga ega edi: markazdan Chris Woodni uch nafar Leeds futbolchisiga qarshi yugurtirish yoki o‘ng tomonda bo‘shliqka kirib kelayotgan Neco Williamsni topish.

U birinchisini tanladi. Va bu Forest uchun eng ko‘ngilsiz qaror bo‘ldi.

15. Crystal Palace

Everton 2–0 Palace

Sven-Goran Eriksson bir paytlar aytgandi: “Birinchi bo‘lim yaxshi. Ikkinchisi — unchalik emas.”

Palace shanba kuni hisobni ochishi kerak edi. Lekin Jean-Philippe Mateta imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi, Jordan Pickford esa ajoyib seyvlar qildi. Adam Whartondan Eddie Nketiahga berilgan uzatma esa alohida zavq bag‘ishladi.

O‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari Ismaila Sarr qayerda, degan savol o‘zi-o‘zidan tug‘iladi.

Tezkor ijro etilgan standartdan keyin ikkinchi golni o‘tkazib yuborish — ruhiy zarba bo‘ldi, undan keyin Palace qaytib kelishga o‘xshamadi. Ustiga ustak, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida himoyachi Chadi Riad jiddiy ko‘ringan jarohat oldi.

Yangi transfer Anan Khalailining o‘ng qanot himoyachisi sifatidagi qisqa debyuti ijobiy taassurot qoldirdi, Yeremy Pino esa Merlin Rohlnini chiroyli fint bilan yerga yotqizib, texnikasini ko‘rsatdi. Faqat zarba yakuni xuddi jamoaning umumiy kayfiyati kabi xira chiqdi.

16. Sunderland

Ipswich 2–1 Sunderland

Agar shanba kuni Ipswich xuddi Sunderland kabi xato qilganida, sharhlovchi tayyor gapni ishlatgan bo‘lardi: “Mana, Chempionship bilan Premer-liga o‘rtasidagi farq — bu darajada xatolar kechirilmaydi.”

Ammo Sunderland Premer-ligani yaxshi biladi. Shuning uchun bu mag‘lubiyat yanada achchiq.

Chap markaziy himoyachi rolida o‘ynagan Luke O’Nien birinchi gol oldidan to‘pni sovg‘a qildi. Tanaffusdan keyin uning o‘rniga tushgan Omar Alderete esa aynan shunday xatoni o‘yinning so‘nggi daqiqalarida takrorladi — bu safar Ipswich g‘alaba goliga aylantirdi.

Orada Nilson Angulo ajoyib jarima zarbasidan gol urdi, Brian Brobbey bir necha bor xavf tug‘dirdi. Lekin Sunderland hech qachon o‘yinni to‘liq nazoratga olib, g‘alabaga ishonch bilan intilayotgandek ko‘rinmadi.

17. Coventry City

Arsenal 3–0 Coventry

Bu haftadagi eng qiyin baholanadigan o‘yin. 25 yillik tanaffusdan keyin elitaga qaytgan Coventry birinchi turdayoq amaldagi chempionga, u ham bo‘lsa, uning uyida qarshi tushdi. Haqiqatda bu teng kurash emasdi.

Coventry o‘z ishini ham osonlashtirmadi. O‘ng qanot himoyachisi Milan van Ewijk birinchi gol oldidan to‘pni yo‘qotib qo‘ydi, Tzolis esa uni jazoladi. Yana bir vaziyatda yunon futbolchisining uzatmasini darvozabon Carl Rushworth qaytara olmay, to‘pni Bukayo Sakaga “tushirib berdi” — hisob 2:0 bo‘ldi.

Coventry o‘yinida bitta aniq chiziq ko‘rinib turdi: ular to‘pni tezda oldinga oshirishdan cho‘chimaydi. Arsenalga qaraganda ikki barobar ko‘proq uzun pas — bu yangi hujumchi Taiwo Awoniyiga mos uslub. U oxirgi 20 daqiqada maydonga tushib, old chiziqqa jismoniy kuch olib kirdi.

18. Manchester United

Hull 2–0 Manchester United

Michael Carrick o‘yindan keyin “jamoa unchalik yomon emas, faqat to‘liq klik bo‘lmadi”, dedi. “Unchalik” so‘zi bu safar joyiga tushmagandek.

United uchinchi daqiqada cho‘qqiga chiqdi. Ayden Heaven, Patrick Dorgu, Bruno Fernandes, Andrey Santos va Youri Tielemans chap tomonda chiroyli kombinatsiya uyushtirdi. Bir necha soniyadan keyin Fernandes darvoza bilan yuzma-yuz chiqishiga sal qoldi.

Shundan keyin hammasi keskin pastga qarab ketdi.

Jan Aage Fjortoft Viaplay uchun o‘yinni sharhlab, birinchi bo‘limda jamoa ehtiros yetishmayotganini aytganida Carrick buni yoqtirmadi. Lekin intensivlik yetishmagani aniq edi. Hull har bir to‘p uchun kurashda ustun chiqdi, har zarbada, har pressingda raqibdan oldinda bo‘ldi.

Matheus Cunha “yolg‘on to‘qqizlik” sifatida umuman ishlamadi. Dorgu tez-tez raqib oyog‘iga urilib to‘xtab qoldi. Fernandes esa Youri Tielemans to‘pni qabul qila olmaganda qo‘llarini osmonga otib, maydonda umidsizlik ramziga aylandi.

19. Tottenham Hotspur

Brentford 3–0 Spurs

Bu yerda atrofini aylab, yumshatib gapirishning keragi yo‘q. Tottenham juda yomon o‘ynadi.

Brentford 26 marta zarba berdi, istagancha zonalarni topdi, Roberto De Zerbi jamoasining pressingda ham, to‘p bilan ham qay darajada ojizligini ochib tashladi.

3:0 — Spurs uchun hatto eng yaxshi ssenariy bo‘ldi. Brentfordning xG ko‘rsatkichi 3.96 — bu klubning o‘tgan yil yanvarda tushish arafasidagi Southampton bilan o‘yinidan beri eng yuqori natijasi.

Ikkinchi gol butun uchrashuvning ramzi bo‘ldi.

Richarlison yana bir bor orqasi bilan o‘ynashni yoqtirmasligini ko‘rsatdi — o‘z jarima maydoniga yaqin hududda to‘pni ushlab qola olmadi. Lucas Bergvall, birinchi gol oldidan Sangarega qarshi kurashda yutqazgan futbolchi, bu safar Mathias Jensenga qarshi driblingda xatoga yo‘l qo‘ydi. Jensenning zarbasini darvozabon Antonin Kinsky qaytara olmadi, to‘p Vitaly Janelt oldiga tushdi.

Xato ustiga xato ustiga xato.

20. Aston Villa

Brighton 4–0 Villa

Qayerdan boshlash kerak? Balki “birinchi tur bingo”sidan.

Villa Premer-liga tarixida birinchi bo‘limdayoq to‘rtta gol o‘tkazib yuborgan, qizil kartochka olgan va avtogol urgan atigi ikkinchi jamoaga aylandi.

Yozgi beqarorlikni inobatga olsak ham, bu — falokat darajasidagi o‘yin. Eng yomoni, ko‘p narsa o‘z qo‘llari bilan buzildi. Unai Emery jamoasi Brightonning agressiv pressingiga qaramay, to‘pni qisqa paslar bilan chiqarishda davom etdi va har safar o‘zini xavf ostiga qo‘ydi.

Odatda mayin paslar ustasi sifatida maqtaladigan Pau Torres bu safar unutilmas darajada yomon o‘yin ko‘rsatdi. Yangi futbolchi Joao Gomes uchun esa debyu butunlay kulfatga aylandi: raqibga qaratilgan “sariq kartochka” imo-ishorasi uchun ogohlantirish, zo‘ravonlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka va ustiga-ustak golga olib kelgan xato.

Ijobiy jihatni izlasak, bitta topiladi: Villa ikkinchi bo‘limni 0:0 hisobida yakunladi.

Savol esa oydin: bu faqat birinchi turdagi falokatmi yoki butun mavsum uchun xavotirli signaldir?

Premer-ligadagi forma jadvali: 1-hafta natijalari
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil