UZB SPort

Aston Martin maxsus libosi Las-Vegas Gran-prisiga tayyor

Las-Vegas Gran-prisi hali start olgani yo‘q, lekin poyga allaqachon paddokda boshlanib bo‘ldi. Navbatdagi zarbani Aston Martin berdi: jamoa o‘zining rasmiy Cloud Compute hamkori CoreWeave bilan birga shou shahri uchun maxsus libosni taqdim etdi.

Bu safar odatdagi inglizcha konservatizm chetga surildi. AMR26 korpusi jamoaning an’anaviy yashil rangiga qorishgan oq va qora tuslar bilan qayta talqin qilindi. Rasmiy taqdimotda bu ko‘rinish “ikki tashkilotning ‘Pioneer the Possible’ degan umumiy ambitsiyasidan ilhomlangan” deb ta’riflandi. Yangi dizayn CoreWeave’ning jamoa hayotiga to‘liq kirib kelishini – AMR Technology Campus’dan tortib har bir poyga haftasigacha – ramziy tarzda ko‘rsatadi.

Bu faqat bolid bo‘yoqlari emas. Maxsus libos jamoa garajida ham, Las-Vegas kechasiga chiqadigan Lance Stroll shlemi ustida ham aks etadi. Shou elementlari trek tashqarisida ham davom etadi.

Aston Martin Aramco’ning tijorat va marketing bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jefferson Slack hamkorlikning mazmunini aniq chizib berdi. Uning ta’kidlashicha, Las-Vegas Gran-prisi CoreWeave bilan aloqani “noyob livery takeover” orqali namoyish etish uchun ideal sahna bo‘lib xizmat qiladi. Eng qiziq tomoni esa – hamkorlikning ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin hal qiluvchi “orqa sahna”dagi qismi.

CoreWeave jamoa muhandislariga poyga davomida deyarli real vaqt rejimida radioaloqa va ma’lumotlarni tahlil qilishda yordam beradi, aerodinamik rivojlanish uchun yangi yo‘nalishlarni aniqlashda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu shunchaki “texnologiya uchun texnologiya” emas, deydi klub vakillari. Gap jamoa ichidagi mutaxassislarga qabul qilingan qarorlarni shubha ostiga qo‘yish, yangi imkoniyatlarni topish va chegarani yana biroz oldinga surish uchun zarur qurollarni berish haqida ketmoqda.

Las-Vegas atrofidagi vizual jang ham qizib bormoqda. Aston Martin’ning bu maxsus libosi Williams’ning shou shahri uchun taqdim etilgan bir martalik dizaynidan keyin paydo bo‘ldi. Demak, tungi gran-pri nafaqat tezlik, balki uslub va texnologik kuch namoyishi bo‘lib ham o‘tadi.

Savol endi bitta: shu qadar jasorat bilan bezatilgan AMR26 Las-Vegas chiroqlari ostida natija bilan ham shu darajada jaranglay oladimi?