UZB SPort

Bangkok mehmonxonasida amerikalik erkakning o'limi: mojaro tafsilotlari

Bangkok markazidagi Tim Place Hotel yakshanba tongida odatiy ish kuni bilan emas, dahshatli mojaro bilan uyg‘ondi. Natijada Michigan shtatidan kelgan 46 yoshli sayyoh Kalif Edward Harper jon berdi, voqea markazida esa sobiq MMA jangchisi turibdi.

Shikoyat bilan boshlangan mojaro

Harper mehmonxona resepsiyasiga tushib, xonadagi shovqin haqida shikoyat qilgan. Ammo odatiy norozilik tezda tajovuzga aylandi. Resepsionist Khang On Nan Kham Bwayning aytishicha, amerikalik erkak unga bo‘ynini “kesib tashlash” bilan tahdid qilgan, o‘zini mutlaqo nazorat qilmay, qo‘rqinchli tutgan.

Khang unga muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilgan: xonani boshqa qavatga ko‘chirish. Lekin gap oxiriga yetmadi. Aynan shu paytda mehmonxonaga muntazam kelib turadigan, xotirjam fe’l-atvori bilan tanilgan italiyalik mehmon – Brazilian Jiu-Jitsu qora kamar egasi va sobiq MMA jangchisi Frank Eric Marques, laqabi “Frank the Tank” kirib kelgan.

Khangning so‘zlariga ko‘ra, italiyalik resepsiya yonidan sokin o‘tib ketgan, amerikalikka tegmagan ham, hatto yelkasiga urilib ham o‘tmagan. Ammo Harper buni oson ko‘tara olmadi.

Lift oldidagi so‘nggi daqiqalar

Harper lift tomon yo‘l olayotgan Marques ortidan ergashdi. Mehmonxona kuzatuv kamerasi yozuvida ikki erkakning ingliz tilida o‘zaro keskin so‘z almashayotgani ko‘rinadi. Yozuvda Marquesning “You talking to me?” degan savoli aniq eshitiladi. Shundan keyin keskinlik oshgani ayon.

Lift eshiklari yopilayotganda Harper ularni shunday kuch bilan ochishga uranganki, eshik mexanizmi shikastlangan. So‘z urushi shu yerning o‘zida jismoniy to‘qnashuvga aylandi.

Kamera yozuvlariga ko‘ra, kurash tezda bo‘g‘ish usuliga o‘tgan. Brazilian Jiu-Jitsu bo‘yicha qora kamar egasi bo‘lgan Marques raqibni bo‘g‘ish usuli bilan nazoratga olgan. Bir necha lahzadan so‘ng Harper tanasi bo‘shashib, lifti oldidagi polga qulab tushgan. U endi harakatlanmagan.

Politsiya va guvohlarning ko‘rsatmalari

Mahalliy vaqt bilan soat 8:40 atrofida Khlong Tan bo‘limi politsiyasi hodisa joyiga yetib kelganida, amerikalik sayyoh allaqachon jon bergan edi. Uning peshonasida tirnalgan yara aniqlangan. Italiyalik erkak esa qochib ketmagan, tergovchilarni kutib, voqea joyida qolgan.

Marques boshidan oxirigacha o‘zini o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lganini aytgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kuzatuv kamerasi tasvirlari ham aynan shu versiyani qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinadi: mojaro Harperning tajovuzkor xatti-harakatlari va doimiy provokatsiyasi fonida boshlangan.

Resepsionist Khang ham aynan shuni tasdiqlaydi. Uning fikricha, Harper mehmonxonaga yaqinda joylashgan, allaqachon tahdidlar qilib, uni o‘zini “xavfsiz emasdek” his qilishiga majbur qilgan. Aksincha, Marques esa muntazam kelib turadigan, sokin, mo‘’tadil mijoz bo‘lgan.

U voqeani shunday eslaydi: amerikalik erkak shovqin haqida shikoyat qilgan, Khang esa uni beshinchi qavatga ko‘chirishni taklif qilgan. Gap hali tugamasdan, italiyalik mehmon kirib kelgan. Shundan keyin Harper lift zonasida uning ortidan borib, mojaro boshlangan.

O‘zini himoya qildimi yoki chiziqdan o‘tdimi?

Hozircha asosiy savol bitta: sobiq MMA jangchisining kuch ishlatish darajasi o‘zini himoya qilish doirasida bo‘lganmi yoki u chegaradan o‘tganmi?

Marques o‘zini faqat himoya qilganini aytmoqda. Unga qarshi gapirayotganlar esa professional jang san’ati ustasi bo‘lgan odam har bir usulning oqibatini juda yaxshi bilishini eslatadi. Ayniqsa, bo‘g‘ish usulining.

Shu bilan birga, guvohlarning ko‘rsatmalari va CCTV yozuvlari Harperning tajovuzkorligi, resepsionistga qilgan tahdidlari va lift eshiklarini zo‘ravonlik bilan ochgani haqida aniq tasavvur beradi. Bu tafsilotlar tergov davomida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

Tim Place Hotel uchun bu voqea oddiy tongni fojiali sarlavhaga aylantirdi. Bir tomonda – o‘zini nazorat qila olmay, atrofdagilarga tahdid solgan sayyoh. Ikkinchi tomonda – professional jangchi, o‘zini himoya qilganini aytayotgan, ammo raqibining o‘limi bilan yuzma-yuz qolgan erkak.

Endi so‘z tergovchilarga tegishli. CCTV yozuvlari, tibbiy xulosa va guvohlarning so‘zlari bir nuqtada kesishganda, Bangkokdagi bu lift oldi mojarosi qanchalik oqlanishi mumkin bo‘lgan “o‘zini himoya qilish” edi, degan savolga aniq javob topiladimi?