UZB SPort

Darsdan qochgan o‘quvchilar kriket o‘yini paytida fosh bo‘lishdi

Dushanba kuni Wellingtondagi uch nafar maktab o‘quvchisi uchun oddiy “darsdan qochish” kuni kutilmaganda butun mamlakat bo‘ylab efirga uzatilgan sho‘xlikka aylandi.

Maktab esa yo‘lning narigi tomonida turganiga qaramay, Fitty, Billy va Felix sinfda emas, Basin Reserve dagi yam-yashil maydonda, Hindiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi birinchi Testning beshinchi kunini tomosha qilayotgan edi. Kriket, jonli efir, katta ekran – va uchta forma kiyishi kerak bo‘lgan bola.

Sirli “ekskursiya” esa ikkinchi yangi to‘p olingan paytda keskin tugadi.

Tribunalarni kezib chiqqan translyatsiya kameralari ularni darhol topdi. Uchlikning yuzi stadiondagi ulkan ekranga chiqarildi, sharhlovchi esa efirda ularni hazil bilan “fosh” qildi.

“Ikkinchi yangi to‘p… Yangi Zelandiyada bugun o‘quv kuni… Ana, ular yashirinib o‘tiribdi, va buni juda yaxshi bilishadi”, – dedi sharhlovchi, tomoshabinlar kulgisi ostida.

O‘zlarini tutib tura olishmadi. Fosh bo‘lganini anglagan o‘smirlar shoshilib pastga cho‘kib, yuzlarini yashirishga urindi, baribir kulgidan to‘xtashmadi. Kamera esa ularni allaqachon “jinoyat ustida” ushlab bo‘lgandi.

“Ha, kriketga yashirincha chiqib ketib, qo‘lga tushib qoldik”, – deb tan oldi Fitty mahalliy muxbirga.

Odatda bunday qilmish intizomiy chora, hatto hayfsan bilan tugashi mumkin. Bu safar maktab yumshoqroq yo‘lni tanladi.

“Ha, bizga biroz axlat yig‘ish vazifasini berishdi, lekin mayli. Oxir-oqibat bunga arziydi, deb o‘ylayman”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Uyda kutgan munosabat esa stadiondagidan ham kutilmaganroq bo‘ldi.

Fitty ning onasi teletranslyatsiyadagi bu “fosh bo‘lish”ni kulgili deb qabul qildi, odatdagi uzoq nasihatlar, tanbehlar bo‘lmadi. U uchun bu – bolalik sho‘xligining navbatdagi bobigina.

Billy esa ancha sovuq qarshi olindi. U ota-onasi “ancha ajablanganini”, bundan xursand bo‘lmaganini aytadi.

“Ular mendan unchalik mamnun bo‘lishmadi. Lekin o‘ylaymanki, oxir-oqibat bunga arziydi, chunki bunday imkoniyatlar tez-tez chiqavermaydi”, – dedi u.

Eng omadli esa Felix bo‘ldi. Kimdir otasiga uch bolaning ekranga tushgan lavhasini yuborgan.

“Dadam menga videoni jo‘natdi, unga juda kulgili tuyilgan, hozir u mendan faxrlanadi”, – deydi Felix.

Bir kunlik darsdan qochish, bir necha daqiqalik efir va uch xil ota-ona reaksiyasi. Ammo Fitty, Billy va Felix uchun bu voqea endi oddiy “dars qoldirish” emas – Yangi Zelandiya kriket tarixidagi o‘ziga xos kichik epizodga aylangan. Va ular buni bir umr eslab yuradi.