
- muallif:
- Jasur Ahmedov
David Benavidez: Eng katta sinov va uchta kamar uchun jang
BENGALURU, 17-noyabr – Uchta vazn toifasida chempionlik kamarlarini yig‘ib kelgan David Benavidez uchun navbatdagi jang oddiy himoya emas. Unga ko‘ra, bu – butun karerasidagi eng katta sinov. Dekabr oyida Michal Cieslak bilan bo‘ladigan kruyzerveytdagi unifikatsion jang uning hayotidagi burilish nuqtasiga aylanishi mumkin.
29 yoshli amerikalik bu yil kruyzerveytga ko‘tarildi va may oyida Gilberto Ramirezni oltinchi raundda nokautga uchirib, WBO hamda WBA kamarlarini tortib oldi. Endi esa, atigi ikkinchi jangida 200 funt (90 kg) vazn toifasida, o‘z uy shahri Phoenixda WBC kamarini ham qo‘lga kiritish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Benavidez o‘zini aynan shu pallada topgandek sezmoqda.
“Oxirgi paytda o‘zimni nihoyat topgandekman. Bu – o‘zimni eng yaxshi his qilayotgan davrim,” – dedi u videomuloqot chog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kayfiyat oldidagi jang uchun eng to‘g‘ri ruhiy holat: “Bu – hayotimdagi eng katta lahza. Uchta kamar uchun ringga chiqyapman, kruyzerveytni birlashtiryapman: WBC, WBO, WBA.”
Uning bolalikdagi orzusi – mutlaq chempion bo‘lish. Endi esa bu orzu qo‘l uzatgandek yaqin.
“Bu orzuni amalga oshirishga juda yaqinman. Bu jangdan keyin meni mutlaq chempion qiladigan faqat bitta kamar qoladi,” – deya ta’kidladi Benavidez.
Oldinda esa yanada yirik nomlar turibdi. Agar u polyak raqibi Cieslakdan o‘tsa, keyingi maqsad sifatida Jai Opetaia yoki Oleksandr Usyk nomlari tilga olinmoqda. Benavidez sobiq IBF chempioni Opetaia bilan allaqachon masofadan “og‘zaki zarbalar” almashgan, hatto 2027-yilda avstraliyalik bilan ringda uchrashishga va’da bergan. Usyk esa kruyzerveytda o‘zi ilgari to‘plagan kamarlar fonida bu toifadagi jangga qiziqishini bildirgan.
Ukrainalik yulduz 2018-yilda kruyzerveytdagi barcha kamarlarni birlashtirgan, 2024-yilda esa xuddi shunday ishni xeviyveyt toifasida ham takrorlagan. 39 yoshli Usyk iyun oyida og‘ir vazndagi kamarlaridan voz kechib, o‘zining “oxirgi raqsi”ga yo‘l ochdi.
Benavidez uchun Usyk bilan jang nafaqat katta sahna, balki meros masalasi ham.
“Usyk hech kimdan qochmagan,” – deydi u. – “Bu jang menga nafaqat moliyaviy tomondan ko‘proq narsa beradi, balki men so‘nggi 20 yilda boks olami ko‘rgan eng yaxshi bokschiga qarshi ringga chiqaman. Bu jang men uchun hamma narsani anglatadi.”
Ringdan tashqaridagi jang: pul va nazorat
Benavidez nafaqat ringda, balki tashqarisida ham tashabbusni qo‘lga olmoqda. U oktyabr oyida o‘z promoushen kompaniyasini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi. Cieslak bilan bo‘ladigan jang esa promouter Sampson Lewkowicz bilan shartnomasi ostidagi so‘nggi chiqishi bo‘ladi.
“Boksda ishlash tizimi shundayki, imkon qadar eng katta shartnomani olasan. Promoutering bo‘lsa, unga 10 foiz berasan,” – deydi u. – “Men 10 yil davomida Sampson Lewkowicz bilan shartnoma ostida bo‘ldim. O‘z ulushimni to‘ladim. Endi esa shu 10 foizni o‘zimda qoldiraman. Gap millionlab dollarlar haqida ketayotganida, 10 foiz – juda katta pul.”
Uning qisqa muddatli maqsadi aniq: muzokaralarda o‘z shartlarini o‘tkaza olish va “pirdan kattaroq bo‘lak”ni olish.
“Kun oxirida hammasini aslida men qilyapman,” – deydi u, ringdagi mehnatini eslatib.
Kelajak rejalari esa faqat o‘zi bilan cheklanmaydi. Benavidez boksga qaytib berishni, yangi avlod jangchilarini tarbiyalashni istaydi. Uning 6 yoshli o‘g‘li ham bir kun kelib ringga qadam qo‘yishi ehtimoli bor, va otaning rejalari bu yerda yanada aniqroq.
“Vaqt kelib, o‘g‘limning karerasi haqiqatan ham jiddiy bosqichga chiqsa, butun karerasini boshqaradigan odam o‘zim bo‘lishim mumkin,” – deydi u.
Hozircha esa barcha yo‘llar Phoenixga, 5-dekabr kechasiga olib boryapti. Uch kamar, uy shahri, mag‘lubiyatsiz rekord va mutlaq chempionlik sari yana bir qadam. Shu bosim ostida kim bardoshliroq bo‘ladi – Cieslakmi yoki o‘zini nihoyat topdim, deya aytayotgan Benavidez?