UZB SPort

Dominic Calvert-Lewin: Leeds Unitedning asosiy yulduzi va London grandlari qidiruvi

Dominic Calvert-Lewin yozda ko‘pchilik uchun xavfli garovdek tuyulgandi. Jarohatlardan charchagan, o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasaygan, eski porlashi ortda qolgandek ko‘ringan hujumchi. Ammo Leeds United uni bepul olib kelgan kunidan beri Premier League uchun eng katta “steal”lardan birini qo‘lga kiritganini tobora yaqqolroq isbotlab boryapti.

Bugun u West Yorkshire qahramoni. Va ayni paytda Arsenal ham, Manchester United ham aynan shunday futbolchini izlab sarson.

Leedsdagi qayta tug‘ilish

29 yoshli hujumchi uchun eng katta g‘alaba – tanasi nihoyat tinch qo‘yganida boshlandi. Doimiy jarohatlar ortda qolgandek. Natijada u oylar davomida liga­dagi eng yaxshi sof “to‘qqizlik”lardan biriga aylandi.

Elland Roadda hammasi aniq: Calvert-Lewin – asosiy yulduz, Daniel Farke tizimidagi markaziy figura. Jamoa jadval bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilayotganda, Yevropa yo‘llanmasi endi xom xayol emas, real maqsad bo‘lib ko‘rinayotganda, aynan u old chiziqda vaziyatni boshqarib turibdi.

Leeds uni erkin agent sifatida olib kelgan bo‘lsa-da, ish haqi borasida jiddiy raqobatni yengib o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Bugun u Elland Roaddagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchilardan biri. Bu klubning unga bo‘lgan ishonchi va atrofidagi shovqindan qo‘rqmasligining ochiq ishorasi.

Arsenal va Manchester United: yetishmayotgan “to‘qqizlik”

Bu orada Manchester United qishda Calvert-Lewinni olib kelish g‘oyasini o‘ylab ko‘rdi. Ammo Old Trafford atrofidagi tartibsizlik, klubning chuqur inqirozi va hatto tushish zonasiga yaqinlashgan holati fonida bu yo‘l yopildi. Reja – boshqa variantlarni qidirish.

Haqiqat shuki, bugungi United uchun sobiq Everton hujumchisi sport jihatidan ham, karera bosqichi nuqtayi nazaridan ham orqaga qadam bo‘lib ko‘rinadi. U o‘zini qayta kashf etgan, o‘yinini qayta tiklagan paytda pastga qarab emas, yuqoriga qarashi tabiiy.

Arsenal esa boshqa muammoni boshidan kechirmoqda. Chempionlikni himoya qilayotgan jamoa sof “number nine” izlab sarson. Viktor Gyokeres kutilgan darajada ishlamayapti, Mikel Arteta esa shved forvardiga bo‘lgan ishonchini deyarli yo‘qotgandek.

Kai Havertz ko‘p vazifani bajara oladi, ammo Theo Walcott aytganidek, hujum markazida joy bo‘sh. talkSPORT efirida u 23 noyabr kuni shunday degan:

Gyokeres o‘yinlarni yutish kerak bo‘lgan daqiqalarda maydonga kech tushishi uni xavotirga solishini aytar ekan, Walcott Artetaning o‘rindig‘iga qarab, “xuddi shunday uslubda o‘ynaydigan, lekin ancha sof to‘qqizlik”ni izlayotganini ta’kidladi. Shunda u nom keltirdi – Calvert-Lewin.

Uning fikricha, bu yil zo‘r o‘yin ko‘rsatayotgan ingliz forvardi hozirgi Arsenal uchun aynan kerak bo‘lgan hujumchi turi. Va, albatta, Manchester United ham undan foyda ko‘ra olardi.

Kontrakt – transfer mish-mishlariga javob

Leeds rahbariyati esa bu gap-so‘zlarni uzoq tinglab o‘tirishni istamayapti. Calvert-Lewin mavsum oxirida shartnomasining so‘nggi yiliga kiradi, klub esa uni bu holatga yetkazib qo‘yishni xohlamaydi.

Shu bois muzokaralar allaqachon boshlangan. Gap maoshni oshirish, yangi bitimni hujumchining hozirgi maqomiga moslashtirish haqida ketmoqda. Kelishuv hali e’lon qilinmagan, lekin Calvert-Lewinning o‘zi taklif etilgan shartlarni ma’qul ko‘rayotgani aytilmoqda.

Rasmiy bayonot uzoqqa cho‘zilmasligi kutilmoqda. Agar yangi kontrakt imzolansa, bu nafaqat Leeds uchun, balki London va Manchester grandlari uchun ham aniq signal bo‘ladi: Calvert-Lewin o‘z uyini topdi.

Savol endi shunda – Arsenal va Manchester United o‘z “to‘qqizlik”larini qaerdan topadi?