
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Jai Opetaia chetga, Deontay Wilder uchun yangi raqib kim bo‘ladi?
Tyson Fury – Anthony Joshua superjangiga bir oydan ham kam vaqt qoldi, ammo kechaning asosiy tayanchi bo‘lgan kofeature kartadan uchib ketdi. Endi 11-dekabrni qutqarish uchun kim ringga ko‘tariladi?
Dan Rafael xabariga ko‘ra, Ring cruiserweight chempioni Jai Opetaia Deontay Wilderga qarshi jangdan voz kechdi. Bu uning og‘ir vazndagi ilk chiqishi bo‘lishi kerak edi, shu bilan birga, kelasi yil David Benavidez bilan bo‘lishi kutilayotgan katta duelga yo‘l ochib beradigan qadam sifatida ko‘rilayotgandi.
Opetaia chetga. Wilder esa qolmoqda.
45-4-1 rekordi, sobiq WBC heavyweight chempionligi va ikki janglik g‘alabali seriyasi bilan "The Bronze Bomber" bu kechadan tushishni istamaydi. Promouterlar endi tezda qaror qilishi kerak: qaysi ism kartani ushlab qoladi va arenani elektrlashtira oladi?
Quyida real variantlar.
Derek Chisora: yakunlangan karyera qaytadimi?
Rafael birinchi navbatda Derek Chisora bilan revansh ehtimolini tilga oldi. Mantiq bor: hikoya bor, tarix bor, xarizma bor.
Chisora (36-14) aprel oyida Wilderga qarshi ringga ko‘tarilgan, 42 yoshli britaniyalik o‘sha kecha ikki marta nokdaunga tushgan, ammo 50-jangida split decision bilan mag‘lub bo‘lgandi. O‘shanda bu uning so‘nggi chiqishi sifatida taqdim etildi. Lekin vaqt o‘tdi, qo‘ng‘iroq yana chalinyapti.
Uning so‘zlari buni tasdiqlaydi: u Wilder bilan revanshni xohlaydi, tomoshabinlar xohlasa ham, xohlamasa ham. U jangni yaxshi ko‘radi, jang bilan yashaydi.
Chisora bir necha bor chempionlik kamarlariga da’vogarlik qilgan, ringda uch bor Fury, shuningdek Wilder, Vitali Klitschko va Oleksandr Usyk kabi og‘ir vazn afsonalari bilan to‘qnash kelgan. Tajriba bo‘yicha u kamdan-kam bokschiga yon beradi.
Savol boshqa: 42 yoshli, janglarda kuyib-pishgan Chisora yana bir marta Wilderning zarbalariga bardosh bera oladimi? Yoki bu safar hakamlar qarori kerak bo‘lmaydigan yakun bo‘ladimi?
Richard Riakporhe: ochiq chaqiriq va to‘rt haftadan kam muddat
Bozor jim emas. Richard Riakporhe allaqachon ovozini ko‘tardi.
Britaniya chempioni, sobiq cruiserweight da’vogar Riakporhe (20-1) Opetaiadan bo‘shagan joyni ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlarda darhol Wilderni jangga chaqirdi. U muddatni bahona qilmayapti, 12 raundga tayyorligini ta’kidlayapti.
Riakporhe aprel oyida Jeamie Tshikeva ustidan g‘alaba qozonib, British title kamarini qo‘lga kiritgan. 20 g‘alabaning 16 tasi nokaut bilan yakunlangan – bu raqamlar uning qo‘llari yengil emasligini ko‘rsatadi.
Uch haftadan sal ko‘proq vaqt, yangi raqib, yangi taktikalar, katta sahna. Riakporhe uchun bu hayotdagi eng katta imkoniyat bo‘lishi mumkin. Wilder uchun esa xavfli, ammo nazorat ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tavakkal: nomdor bo‘lmagan, lekin xavfli puncher, uyda jang qilayotgan britan.
Agar promouterlar tez harakat qilsa, arenada yangi qahramon tug‘ilishi ehtimoli bor.
Jarrell Miller: kechikkan hikoyani tiriltiradigan ism
Yana bir variant – Jarrell Miller.
Miller (28-1-2) hozirda boshqa reja bilan band: u 20-dekabr kuni Gana ringlarida Tony Yoka bilan to‘qnashishi kutilmoqda. Lekin agar Eddie Hearn kalendarni qayta chizsa, Miller bir kechaga rejalari va geografiyasini o‘zgartirib, Wilderga qarshi turishi mumkin.
So‘nggi to‘rt jangida 2-1-1 natija. Bu ideal emas, ammo u hali ham katta ism, hali ham dramatik hikoyaga ega bokschi. Uning ismi bitta boshqa familiya bilan yonma-yon yozilganda hamon qiziq: Joshua.
2019 yilda Madison Square Garden ringida Joshua – Miller superjangiga hamma tayyor edi. Keyin doping mojarosi, diskvalifikatsiya va bekor bo‘lgan kecha. Hikoya yopilmay qoldi.
Agar Miller 11-dekabrda Wilderni yengsa, Joshua esa Fury ustidan g‘alaba qozonsa, nihoyat o‘sha orqaga surilgan duelga eshik ochiladi. Bunday ssenariy promouterlar uchun oltin, muxlislar uchun esa yillardan beri kutayotgan dramatik yakun bo‘ladi.
Hozircha kartada bo‘sh turgan joy bor, vaqt esa siqilyapti. Deontay Wilder ringga chiqishni istayapti, arenalar uni kutyapti, Fury – Joshua kechasi esa ikkinchi tayanch jangga muhtoj.
Endi bitta savol qoladi: bu imkoniyatni birinchi bo‘lib kim ushlaydi – tajribali jangchi, och qolgan da’vogar yoki o‘zini qayta isbotlamoqchi bo‘lgan yo‘qotilgan imkoniyat egasi?