UZB SPort

Jon Martin: Lasarte-Oriadan La Liga g‘alabalarigacha

Lasarte-Oria, San-Sebastiyan yaqinidagi sokin shaharchada, Jon Martin futbolga ilk qadamlarini qo‘yar ekan, uyda allaqachon “La Real” ruhi yashardi. Uning otasi Santyago bir paytlar Real Sociedad safida to‘p surgan, lekin og‘ir tizza jarohati tufayli atigi 21 yoshida karyerasini tugatishga majbur bo‘lgan. O‘sha orzu yarmida uzilgan, o‘g‘il esa uni davom ettirishga bel bog‘ladi.

2018 yilda Real Sociedad skautlari Martindagi iste’dodni darhol ilg‘adi. Atigi 12 yoshda u klub akademiyasiga qabul qilindi. U yerda u faqatgina markaziy himoyachi emas, balki tayanch yarim himoyachi sifatida ham shakllandi – bugun to‘p bilan bo‘lgan xotirjamligi va o‘yinni o‘qish qobiliyatini aynan shu ikki pozitsiya uyg‘unligi tarbiyalagan. 2022 yilda SD Beasain safida qisqa ijarasi esa unga kattalar futbolining haqiqiy ta’mini berdi.

Bosqichlarni “kesib o‘tgan” yigit

2023 yil boshida Martin odatdagi yosh toifalarini deyarli chetlab o‘tdi. U Real Sociedad C safida uchta o‘yin o‘tkazdi, so‘ng 2023-24 mavsumi oldidan bevosita Sociedad B tarkibiga ko‘tarildi. Shu bilan birga, u Ispaniya U17 terma jamoasining sardori bo‘lib, U17 Yevropa chempionati va U17 jahon chempionatida jamoani maydonga boshlab chiqdi.

Sociedad B o‘sha mavsumda Ispaniya uchinchi divizionida to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Bu raqamlar ortida esa 26 o‘yinda mudofaaning markazida muzdek xotirjamlik bilan o‘ynagan Jon Martin turardi. U nafaqat ikki gol urdi, balki ikkala jarima maydoni ichida ham havodagi ustunligi bilan ajralib turdi. Bu o‘yinlar unga asosiy jamoaga yo‘l ochdi.

Mavsum yakunlanishidan sal avval, Imanol Alguasil unga La Liga sahnasini ochib berdi. Real Betisga qarshi hal qiluvchi bahsda, Kieran Tierney o‘rniga maydonga tushgan 18 yoshli yigit 23 daqiqada ham titramadi, ham shoshilmadi. La Real 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, “quruq” o‘yin saqlab qolindi va Yevropa yo‘llanmasi rasmiylashtirildi.

Keyinroq u Marca bilan suhbatda o‘sha onlarni eslar ekan, shunday degan: “Bunday muhim o‘yinda meni o‘ylashgani uchun juda xursand bo‘ldim. Debyutda doim biroz hayajon bo‘ladi, lekin maydonga qadam qo‘ygan zahoti – hech narsa, hammasi yo‘qoladi”.

Bir yilda sardorlikdan – tayanch toshga

2024-25 mavsumida Martin allaqachon to‘liq ravishda asosiy jamoaga qo‘shildi. U barcha musobaqalar bo‘yicha 17 o‘yinda maydonga tushdi. La Real Copa del Rey yarim finaligacha, Yevropa Ligasi 1/8 finaligacha yetib bordi, ammo La Ligada 11-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmadi. Olti yil davomida klubni boshqargan Imanol Alguasil yakunda iste’foga chiqdi.

Uni Sociedad Bdagi sobiq ustoz Sergio Fransisko almashtirdi. Martin uchun bu tanish yuz, ishonchli murabbiy edi. Dastlab Duje Caleta-Car soyasida qolib ketdi, ustiga-ustak, jarohat ham uni chetga uloqtirdi. Lekin oktyabrda safga qaytgach, Fransisko himoya markazini aynan uning atrofida qayta qurdi.

Natija uzoq kutdirmadi. Martin boshchiligidagi La Real ketma-ket to‘rtta o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi, u to‘pni bo‘lishdagi aniqligi va birga-bir vaziyatlardagi qat’iyligi bilan olqishlarga sazovor bo‘ldi. Shundan keyin hammasi birdan o‘zgardi: ketma-ket uch mag‘lubiyat, turnir jadvalida tushib borish va dekabr o‘rtalariga kelib atigi bir ochko bilan tushish zonasidan yuqorida turish. Fransisko ishdan olindi.

Murabbiysiz qolgan, yaqin odamidan ayrilgan Martin uchun bu og‘ir zarba edi. Lekin bo‘shliq uzoq davom etmadi.

Matarazzo va haqiqiy sakrash

Pellegrino Matarazzo kelishi bilan klubdagi kayfiyat o‘zgardi. Amerikalik mutaxassis Martinni darhol ko‘rdi, unga ishondi va himoya markazidagi bosh figura sifatida ko‘rdi. La Real yangi murabbiy qo‘l ostida ilk yetti liga uchrashuvida to‘rtta g‘alaba, uchta durang qayd etdi. Eng yorqin oqshom esa, shubhasiz, Barcelona ustidan 2:1 hisobidagi uy g‘alabasi bo‘ldi.

O‘sha kecha Martin va jamoadoshlari Lamine Yamal hamda Fermin Lopez kabi tezkor hujumchilarni past blokda “bo‘g‘ib” qo‘ydi. Ko‘pchilik Barcelonaning omadi chopmadi, dedi. Matarazzo esa buni keskin rad etdi: “Hushyor bo‘lish – omad emas. To‘p oldiga o‘zingni tashlash – omad emas, bu lahzani his qilish”, – dedi u.

La Real Matarazzo boshchiligida La Ligada 10-o‘ringa ko‘tarildi. Bu o‘zi yetarlicha katta yutuq edi. Lekin u Anoetada yanada kattaroq ish qildi – klub tarixidagi to‘rtinchi Copa del Rey kubogini olib keldi.

Kubok yo‘li og‘ir bo‘ldi: 1/8 finalda Osasuna penaltilarda mag‘lub etildi, chorak finalda Alaves 3:2 hisobida chetlatildi. Eng shiddatli to‘qnashuv esa yarim finalda, Bask derbisida Athletic Clubga qarshi bo‘lib, La Real ikkala o‘yinda ham 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Final esa haqiqiy sahna edi – raqib Atletico Madrid.

Sevilyadagi dramatik final

Sevilyadagi final 90 daqiqa va qo‘shimcha vaqt davomida 2:2 hisobida yakunlandi. Hammasi penaltilarga qoldi. Asablar tarang, stadion jimib qolgan lahzalar. Yakunda La Real 4:3 hisobida ustun keldi va kubokni ko‘tardi.

Statistika Martinning o‘yinini ko‘rmaganlarga ham hammasini aytib turardi: 9 ta yakkakurashda g‘alaba, 13 ta to‘pni uzoqlashtirish, 17 ta to‘p bilan yurish va o‘z maydonidagi uzatmalarning 92 foizi aniq. Bu raqamlar oddiy final emas, markaziy himoyachining gigant darajadagi chiqishi edi.

Matarazzo o‘yin tugagach, buni yashirmadi: “Jon Martin jangchi. U o‘yinga kirishib oldi. Dastlabki 15 daqiqadan keyin ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. U biz uchun juda muhim, chunki juda ko‘p emotsiya, kurash ruhi olib kiradi. U muxlislarni alangalantira oladi. Bugun u zo‘r o‘yin ko‘rsatdi”, – dedi murabbiy.

Ispaniya terma jamoasiga eshiklar

Shundan so‘ng Luis de la Fuente uchun Martin nomini chetlab o‘tish qiyinlashdi. U Ispaniya terma jamoasiga chaqiruv oldi, lekin 2026 yilgi jahon chempionati yakuniy tarkibiga kira olmadi, shuningdek, joriy mavsumdagi dastlabki ikki yig‘inga ham sig‘madi. Hozircha Pau Cubarsi yonida uzoq muddatli sherik sifatida Dean Huijsen oldinda ko‘rinadi, Aymeric Laporte esa 32 yoshda karyerasining so‘nggi burilishlariga yaqinlashmoqda.

Ammo Martinning bu tezlikdagi o‘sishini De la Fuente uzoq vaqt inkor eta olmaydi. 2026-27 mavsumining dastlabki to‘rt oyida u La Liga himoyachilari orasida eng yaxshilar qatorida turibdi. Yevropaning besh kuchli ligasidagi barcha markaziy himoyachilar orasida havodagi yakkakurashlar va umumiy duel yutish foizida eng yuqori 5 foizlik guruhdan joy olgan. Matarazzo uchun esa u hozir birinchi bo‘lib yoziladigan ism.

La Liga poygasi va Yevropa sahnasi

Sociedad hozir La Liga jadvalida ilk beshlikka kirib oldi. Ular to‘rtinchi o‘rindan pastga tushmaslik uchun kurashayotgan Sevilla bilan to‘rt ochkolik farqni saqlab turibdi. Bu o‘rin, ehtimol, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini ham berishi mumkin. Yevropa Ligasi sahnasida esa La Real “yashirin favorit” sifatida tilga olinmoqda.

To‘rt turda atigi besh ochko – Yevropada o‘sha “o‘ldiruvchi zarba” yetishmayapti. Lekin so‘nggi o‘yinda Lyon bilan 1:1 hisobidagi durangda jamoa ancha yetuk, ancha muvozanatli ko‘rindi. O‘sha o‘yinda ham Martinning tinimsiz harakati, chiziqlar orasini yopishi va to‘p bilan xotirjam chiqishi ko‘zga tashlandi.

U barcha musobaqalarda allaqachon 15 marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Uning sog‘lom bo‘lib qolishi va ritmni ushlab turishi La Real uchun hal qiluvchi omilga aylangan. Yana bir kubok, yoki Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi – klubning butun rejasi aynan shunga bog‘liq.

Bozor: Liverpul navbatda

Bunday darajadagi himoyachiga e’tibor qaratmaslik deyarli imkonsiz. Arsenal, Chelsea va Liverpool uning nomi bilan bog‘langan klublar ro‘yxatida allaqachon paydo bo‘lgan. Hozircha eng jozibador variant sifatida aynan Liverpool tilga olinmoqda.

Sababi oddiy: Martin bosim ostida to‘pni yo‘qotmaydigan, dribbling bilan raqib pressingini yorib o‘tadigan, uzatmalar bilan chiziqlarni sindira oladigan himoyachi. U San-Sebastiyanlik yana bir mutaxassis – Andoni Iraola boshqaradigan, o‘tish fazalari juda yuqori bo‘lgan 4-2-3-1 tizimiga juda mos tushadi.

Uning havodagi ustunligi va standart vaziyatlardagi qudrati ingliz futbolining yuqori tempiga juda to‘g‘ri keladi. Penalti maydonining ikkala uchida ham xavf tug‘dira oladigan himoyachi – Premier League uchun oltin topilma. Ha, Barcelona yoki Madrid varianti moslashishni ancha yengillashtirishi mumkin, lekin La Liga doirasida u allaqachon o‘z shiftiga juda yaqinlashgandek taassurot qoldirmoqda.

Liverpool esa raqiblaridan oldin harakat qilishi kerak. Bir yil ichida uning transfer narxi butunlay boshqa raqamlar bilan o‘lchanishi mumkin.

Oktabr oyida u Sky Sports bilan suhbatda shunday degan edi: “Eng yuqori darajada o‘ynashim uchun kerak bo‘lgan hamma narsa shu klubda bor”. Shu bilan birga, unga bildirilayotgan qiziqishdan minnatdorligini yashirmadi: “Menimcha, men odamlarga yoqadigan futbolchiman”, – degan u. Bu esa uni kuzatayotgan klublar uchun kichik, ammo sezilarli umid eshigi.

Savol endi shunda: Jon Martin Real Sociedad bilan birgalikda yangi cho‘qqilarni zabt etadimi yoki Anoetadagi bu bosqich uning yanada kattaroq sahnaga chiqishidan oldingi so‘nggi bo‘lim bo‘lib qoladimi? Futbol bozorining navbatdagi yozida bunga javob topiladi.