
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Jon Martin: San-Sebastiandan La Liga yulduziga yo‘l
Lasarte-Oriada tug‘ilgan Jon Martinning futbol hikoyasi uy hovlisidan, otasi Santiago bilan boshlanadi. O‘sha hovlida bir paytlar La Real libosini kiygan, ammo og‘ir tizzadan olgan jarohati tufayli 21 yoshidayoq karyerasini tugatishga majbur bo‘lgan futbolchining alamli orzusi aylanib kelib o‘g‘lining hayotini belgilab berdi. Santiago o‘ynay olmagan yillarda o‘g‘li uchun maydonni ochib berdi.
2018 yil. La Real skautlari 12 yoshli, hali bo‘yi ham to‘liq o‘sib ulgurmagan Martinni ko‘rib qoladi va klub akademiyasiga olib kiradi. U yerda u nafaqat tayanch yarim himoyachi, balki markaziy himoyachi sifatida ham shakllanadi. Bugungi sokin to‘p bilan muomalasi, pressing ostida ham o‘zini yo‘qotmasligi aynan o‘sha ikki pozitsiyada o‘qigan yillar mevasi. 2022 yilda SD Beasain safidagi qisqa ijarasi esa unga kattalar futbolining qanchalik shafqatsiz va tezligini erta his qildiradi.
Yosh toifalarini bosqichma-bosqich bosib o‘tish? Martin bu sxemani buzdi. 2023 yil boshida u odatiy zinapoyalarni chetlab o‘tib, bevosita Real Sociedad C tarkibida uchta o‘yin o‘tkazdi, so‘ng 2023-24 mavsumi arafasida B jamoaga ko‘tarildi. Shu bilan birga, u Ispaniya U17 terma jamoasining sardori bo‘lib, U17 Yevropa chempionati va U17 jahon chempionatida jamoasini maydonga boshlab chiqdi. Bu endi oddiy akademiya futbolchisi emasdi, balki milliy darajadagi loyiha edi.
Bitta mavsum, katta iz
Sociedad B 2023-24 mavsumini Ispaniya uchinchi divizionida to‘qqizinchi o‘rinda yakunladi. Natija qog‘ozda oddiy ko‘rinishi mumkin, lekin Martin uchun bu yil burilish bo‘ldi. 26 ta uchrashuv, mudofaa markazida tinimsiz ish, ustiga-ustak ikki gol. Havo duelidagi ustunligi ham o‘z, ham raqib jarima maydonida La Real uchun qurolga aylandi. Aynan shu barqarorlik unga eng katta mukofotni olib keldi – La Liga sahnasidagi debyut.
Imanol Alguacil Real Betisga qarshi o‘yinda Kieran Tierneyni olib, 18 yoshli Martinni maydonga tashlagan paytda hisob 2:0 edi, lekin o‘yin hali yopilmagandi. Martin esa o‘sha 23 daqiqada tajribali futbolchi kabi orqa chiziqqa singib ketdi. Xatolarsiz, ortiqcha vahimasiz, La Real esa o‘sha g‘alaba bilan Yevropa yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘sha lahzani Marca bilan suhbatda eslar ekan, Martin shunday degandi: “Shunchalik muhim o‘yin uchun meni o‘ylashgani meni juda baxtli qildi. Debyutda har doim biroz hayajon bo‘ladi, lekin maydonga qadam qo‘ygan zahoti hammasi – yo‘qoladi.” Gaplar sodda, ammo ichida katta ishonch yotibdi.
Keyingi mavsumda u allaqachon to‘liq birinchi jamoa futbolchisiga aylandi. 2024-25 yilgi kampaniyada barcha musobaqalar bo‘yicha 17 ta o‘yin – Copa del Rey yarim finali, Europa League pley-off bosqichiga qadar yetib kelgan La Real, lekin La Ligada atigi 11-o‘rin. Olti yil davomida klubni boshqargan Alguacil uchun bu chiziq bo‘ldi. U chetga chiqdi.
Franciscodan Matarazzogacha: tayanchga aylangan bola
Stulga Sociedad B murabbiyi Sergio Francisco o‘tirdi – Martinni yillar davomida tarbiyalagan, ishonch bergan murabbiy. Avvaliga Duje Caleta-Car uning oldida turgandek tuyuldi, ustiga-ustak yosh himoyachi jarohat bilan ham kurashdi. Ammo oktyabrga kelib, Francisco uni yana mudofaaning markaziga – bu safar butun birinchi jamoaning yuragiga qo‘ydi.
Martin maydonga qaytgach, La Real ketma-ket to‘rt o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi. U to‘pni orqadan oqilona chiqarib berdi, birga-bir vaziyatlarda sovuqqonlik bilan yutdi, tahlilchilar uning ismini tobora ko‘proq tilga ola boshlashdi. Lekin moment o‘zgardi: uchta ketma-ket mag‘lubiyat, jamoa turnir jadvalida tushib ketdi, o‘rtalarida esa atigi bir ochko farq bilan tushish zonasidan yuqorida turardi. Klub rahbariyati Francisco bilan xayrlashdi.
Bu qaror Martin uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Lekin o‘sha bo‘shliq uzoq qolmadi. Ustiga yangi murabbiy – Pellegrino Matarazzo keldi va birinchi kundanoq ispan markaziy himoyachiga ko‘z tikdi.
Matarazzo jamoaning kayfiyatini ko‘tarib yubordi: yetti liga uchrashuvida to‘rt g‘alaba, uch durang. Eng yorqin nuqta – Barcelona ustidan Anoetadagi 2:1 hisobidagi g‘alaba. O‘sha kechada Martin charchashni bilmaydigan “low-block”ning markazida turdi, Lamine Yamal va Fermin Lopez kabi tezkor, ijodkor futbolchilarni qayta-qayta devorga urdi.
Ko‘pchilik Barca muvaffaqiyatsizligiga “omad yetishmadi” deb baho berdi. Matarazzo esa matbuot anjumanida ohangni keskin o‘zgartirdi: “Hushyor bo‘lish – omad emas. To‘p yo‘liga tashlanish – omad emas, bu lahzani his qilish.” Bu gaplar bevosita Martin va uning hamkasblariga ishora edi.
Copa del Rey – Martinning sahnasi
Matarazzo La Realni La Ligada 10-o‘ringa olib chiqdi. Bu allaqachon vazifani bajarganini ko‘rsatuvchi natija edi. Ammo amerikalik mutaxassis klub tarixida o‘z nomini butunlay mustahkamlab qo‘ydi – Copa del Rey kubogini olib kelib.
Yo‘l oson bo‘lmadi. Osasuna ustidan penaltilarda g‘alaba, chorak finalda Alavesga qarshi 3:2, yarim finalda esa Basque derbisi – Athletic Club bilan ikki o‘yinda ikkisi ham 1:0 hisobida La Real foydasiga. Final esa haqiqiy sinov bo‘ldi – Atletico Madridga qarshi Seviljada 120 daqiqa davom etgan 2:2 va asablarni yemirgan penaltilar seriyasi. Yakunda 4:3, kubok San-Sebastianga qaytdi.
O‘sha finalda Jon Martinning o‘yini alohida satrga loyiq. To‘qqizta yutgan duel, 13 ta tozalash, 17 marta to‘pni oyoqda olib chiqish, o‘z maydonida 92 foiz aniq pas. Statistikani o‘qishning o‘zi yetarli: bu yigit finalni nafaqat ko‘rdi, balki uni boshdan-oyoq o‘ynadi.
Matarazzo matbuot anjumanida shunday dedi: “Jon Martin jangchi. U o‘yinga asta-sekin kirib bordi. Dastlabki 15 daqiqadan keyin u fantastik o‘yin ko‘rsatdi. U biz uchun juda muhim, chunki juda ko‘p hissiyot, kurash ruhini olib kiradi. U muxlislarni yondira oladi. Bugun u ajoyib o‘yin o‘tkazdi, deb o‘ylayman.” Bu gaplar murabbiyning unga bo‘lgan ishonchi naqadar chuqur ekanini ko‘rsatadi.
Endi navbat – terma jamoaga
Copa del Reydagi bunday chiqishdan so‘ng Luis de la Fuente uni Ispaniya terma jamoasiga chaqirishi ajab emasdi. U 2026 yilgi jahon chempionati ro‘yxatiga kira olmadi, yangi mavsumdagi dastlabki ikki yig‘inga ham chaqiruv olmadi. Ammo bu endi vaqt masalasidek ko‘rinmoqda.
Hozircha Dean Huijsen Pau Cubarsi bilan uzoq muddatli juftlikka asosiy nomzod, Aymeric Laporte esa 32 yoshida karyerasining so‘nggi burilishida. Ammo Martin hozirgi sur’at bilan davom etsa, De la Fuente uni e’tiborsiz qoldira olmaydi.
2026-27 mavsumining dastlabki to‘rt oyida Martin La Liga markaziy himoyachilari orasida eng yaxshilar qatoriga kirib oldi. U Yevropaning besh yirik ligasidagi barcha markaziy himoyachilar orasida havo duelidagi va umumiy duel g‘alaba foizida ilk besh foizlik guruhga kiradi. Matarazzo uchun esa u hozir birinchi bo‘lib yoziladigan ism.
La Real hozir La Liga jadvalida kuchli beshlik ichiga kirib olgan, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda Sevilla ustidan to‘rt ochkolik zaxiraga ega. Europa League’da esa ularni “yashirin favorit” sifatida tilga olishmoqda. To‘rt o‘yinda atigi besh ochko – Yevropada hal qiluvchi zarba yetishmayapti. Ammo Lyon bilan 1:1 hisobidagi so‘nggi o‘yin o‘sish borligini ko‘rsatdi.
Transfer bozorining yangi nishoni
Martin bu mavsumda allaqachon barcha musobaqalarda 15 ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Uning sog‘lom, ritmda bo‘lishi La Real uchun ikki asosiy maqsad – yangi sovrin va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi omil. Agar shu ikkidan hech bo‘lmaganda bittasiga erishsalar, yozgi transfer oynasida Martin atrofida haqiqiy kurash boshlanishi ehtimoli juda katta.
U oktyabr oyida Sky Sports bilan suhbatda shunday degandi: “Eng yuqori darajada o‘ynashim uchun kerak bo‘lgan hamma narsa bu klubda bor.” Shu bilan birga, u o‘ziga bo‘lgan qiziqishdan minnatdor ekanini ham yashirmadi: “Menimcha, men odamlarga yoqadigan futbolchiman.” Bu so‘zlar uning hozircha shoshmayotganini, lekin eshikni ham to‘liq yopmayotganini anglatadi.
Arsenal, Chelsea va Liverpool allaqachon uning nomi bilan bog‘lanmoqda. Hozircha eng jozibador manzil sifatida aynan Liverpool ko‘rinadi. Sababi oddiy: u bosim ostida to‘pni yo‘qotmaydigan, dribling bilan xavfdan chiqib ketadigan, paslari bilan chiziqlarni sindira oladigan himoyachi. Bu xususiyatlar San-Sebastianda tug‘ilib o‘sgan Andoni Iraola qurayotgan, o‘tish fazalariga tayanadigan 4-2-3-1 tizimiga juda mos tushadi.
Martinning o‘zi ham Premier League ritmiga mos “tayyor mahsulot”ga o‘xshaydi. Tezlik, to‘qnashuvlar, standart vaziyatlar – bularning barchasida u ikkala jarima maydonida ham katta qurol bo‘lishi mumkin. Albatta, Barcelona yoki Real Madrid varianti moslashish nuqtai nazaridan osonroq bo‘lardi, lekin La Liga doirasida u allaqachon o‘z shiftiga yaqinlashib qolgandek taassurot qoldirmoqda.
Liverpool uchun savol oddiy: ular raqobatchilaridan oldin harakat qiladimi yoki yo‘q? Chunki bir narsa allaqachon ayon – Jon Martinning yo‘li endi endigina yuqoriga qarab ochilmoqda, va bu yo‘l qayerda tugashini hozircha hech kim aniq ayta olmaydi.