
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Josh Kelly: “Yonginga yugurayapman” – Atlantada jangga tayyorgarlik
Super yarim o‘rta vazn sahnasi 27-fevral kuni Atlantada portlaydi. IBF chempioni Josh Kelly va WBO kamarini ushlab turgan Jaron “Boots” Ennis bir ringda to‘qnash keladi. Qog‘ozda – aniq favorit Ennis. Lekin Kelly bu raqamlar bilan yashamaydi. U o‘zini eng yengil odamdek his qilyapti.
Unga ko‘ra, bu jangda bosim Boots tomonida. O‘zi esa kutilmagan mehmon rolidan zavqlanmoqda.
Har soniyada moslashish kerak bo‘ladi
Kelly bu to‘qnashuvni oddiy taktik jang sifatida ko‘rmayapti. U ringni tirik organizm deb tasavvur qilyapti – har lahza o‘zgaradigan, har soniyada yangi savol beradigan maydon.
“Bu jangda raundma-raund emas, daqiqama-daqiqa, hatto soniyama-soniya moslashish kerak bo‘ladi, – deydi u. – Kim tezroq moslasha olsa, o‘sha ustunlikni oladi va tepada tugaydi. O‘zimga butunlay ishonganman. Agar bunday bo‘lmaganimda, bu sinovni umuman qabul qilmagan bo‘lardim.”
Kelly o‘zini xavfsiz hududga emas, o‘t ichiga tashlayotganini yaxshi biladi. Aynan shu unga yoqadi.
“Men yonginga yugurayapman. O‘zimni sinashni xohlayman va bunga ishonaman. Men ko‘p ko‘rinish berib yuradigan yigit emasman, lekin jang kechasida, musobaqa ruhiga kirganimda, oqimimga tushgan paytimda menga yaqinlashadigan raqib bo‘lmaydi,” – deya tushuntiradi u.
Underdog bo‘lish – Kelly uchun erkinlik
Bukmekerlar, mutaxassislar, ko‘pchilik ko‘zi – hammasi Boots tomonda. Kelly esa bu holatni sovuqqonlik bilan qabul qilmayapti, aksincha, bundan ruhlanmoqda.
“Men qarshi tomonda barcha omillar turganini yaxshi ko‘raman. Bu meni butunlay erkin qiladi, ringga chiqib o‘zim bo‘lishimga yo‘l ochadi. Shunday holatda men juda xavfli bo‘laman,” – deydi u.
Bosim yo‘q. Yo‘qotadigan narsa ham deyarli yo‘q. Qozonsa – tarix. Yutqazsa – kutilgan natija. Kelly uchun bu psixologik ustunlikka aylanmoqda.
Boots – Zayas jangi: ko‘rganlari, aytmaganlari
Kelly Jaron Ennisning Zayasga qarshi jangini diqqat bilan o‘rgangan. Lekin u ko‘rganlarini ochiqchasiga sanab o‘tmoqchi emas.
“Ko‘p narsani oldim, lekin hozir ochib o‘tirmayman. Ularni jang kechasiga olib kiraman, hammasi o‘sha yerda bo‘ladi. Ha, foydalanishim mumkin bo‘lgan bir nechta jihatlar bor. Shunga ishonch komil. Qolganini o‘sha kuni ko‘rasiz,” – deydi u.
Bu gaplar ortida aniq reja yashirinib turgani seziladi. Kelly raqibidagi bo‘sh joylarni ko‘rgan, lekin ularni matbuotga emas, ringga olib kirishni ma’qul ko‘ryapti.
Mening oqimim – kalit
Kelly uchun bu jangning markaziy kaliti texnikadan ham ko‘ra ko‘proq ichki holat, ruhiy oqim.
“Men uchun eng asosiysi – oqimimda qolish va aqlli bo‘lish. Menimcha, hamon shu – kalit. Aql va oqim,” – deydi u.
U raqiblar ko‘p hollarda uni noto‘g‘ri baholashini aytadi.
“Oldimda turganlar ko‘p narsani tasavvur qilmaydi. Ular meni bunchalik tez deb o‘ylamaydi, zarbalarim bunchalik og‘ir deb o‘ylamaydi. Bu – o‘zlarining qulashiga sabab bo‘ladi. Meni mensimay qarashlarini yaxshi ko‘raman. Lekin u va otasi bunday qilmaydi, deb o‘ylayman. Chunki ular ilgari meni ko‘rishgan. O‘sha paytda men hali ‘bola’ edim. Endi esa 32 yoshdaman, yetilganman. Hozirgi odam – o‘sha emas. Endi kutilmagan natijani yaratishga tayyorman,” – deydi Kelly.
Bu so‘zlarda shunchaki ishonch emas, o‘tgan yillar, tajriba va o‘zini qayta kashf etgan bokschining ohangi bor.
Reja: Boots, so‘ng Fundora – va xotima
Kelly bu jangni alohida hodisa sifatida ko‘rmaydi. U uchun bu – yakuniy bobning birinchi sahifasi.
“Reja oddiy: avval Boots, keyin Fundora, keyin esa quyosh botishiga qarab ketish. Shundan keyin ko‘p narsa qilishim shart emas. Men roziman. O‘sha ikkita jangni olaman, yutaman, merosimni belgilayman, ismimni tarixga muhrlayman,” – deydi u.
Atlanta kechasi uchun syujet tayyor: mutlaq favorit Boots Ennis va bosimsiz, lekin xavfli Josh Kelly. Bir tomonda kamarlarni saqlab qolish vazifasi, ikkinchi tomonda esa butun karyerani abadiylashtirish imkoniyati.
Savol bitta: ringda tezroq moslashadigan, yonginga yaqinlashishdan qo‘rqmaydigan odam kim bo‘ladi?