UZB SPort

Michael va Kobe: 1996 yildagi ilk to‘qnashuv

1996 yil 17 dekabr. Bu sana NBA tarixida shunchaki navbatdagi muntazam mavsum o‘yini emasdi. Bu – Michael Jordan va Kobe Bryant ilk bor katta sahnada yuzma-yuz kelgan kecha edi. Parketda Scottie Pippen, Dennis Rodman, Toni Kukoc, Shaquille O'Neal kabi kelajakdagi Hall of Famer’lar saf tortgan, tribunalar esa tarixga guvoh bo‘layotganini his qilayotgandi.

O‘sha paytda Phil Jackson o‘ylab ham ko‘rmagandir: qarshisida turgan yosh raqibdan bir necha yil o‘tib o‘zining navbatdagi dinastiyasini qurishini. Ammo o‘sha tun, hali hammasi oldinda edi.

22 ochkolik jarlik va Bulls’ning qaytishi

Chicago Bulls va Los Angeles Lakers o‘yini dramatik sahnaga aylandi. Mehmonlar 22 ochkoga qadar ortda qolishdi, lekin Jordan boshchiligidagi jamoa bu jarlikdan chiqib, o‘yinni qo‘shimcha daqiqalarga olib bordi va yakunda 129:123 hisobida g‘alaba qozondi.

Bulls safida bosh rolni Scottie Pippen o‘ynadi: 35 ochko, 10 ribaund, 6 golli uzatma. Jordan esa odatdagidek tayanch nuqta bo‘lib, 30 ochko va 9 ribaund bilan javob qaytardi. Lekin bu qaytishning yashirin dvigateli boshqa edi.

Toni Kukoc zaxiradan tushib, sahnani yonib ketkazdi: 31 ochko, 6 ribaund, 4 to‘p olib qo‘yish. Maydondan 16 ta zarbaning 9 tasini aniq yakunladi, uchliklardan 9 ta urinishdan 6 tasini kiritdi. Zaxiradan chiqqan yevropalik forvard Bulls uchun o‘yinni butunlay o‘zgartirib yubordi.

Shu paytda taxt ostida yana bitta ishchi kuch bor edi – Dennis Rodman. U odatdagidek ochko emas, kurash bilan shug‘ullandi: 18 ribaund. Har bir sakrashi bilan Lakersning ikkinchi imkoniyatlarini yulib olgandek bo‘ldi.

Lakers ham jim turgani yo‘q edi. Nick Van Exel 36 ochko va 6 golli uzatma bilan hujumni boshqardi. Shaquille O'Neal esa 27 ochko, 13 ribaund, maydondan 20 zarbadan 12 tasi – bo‘limlar davomida Bullsni bo‘shashtirmay ushlab turdi. Kobe Bryant esa endigina ligaga kirib kelayotgan yulduz edi: atigi 10 daqiqa, 5 ochko. Lekin uning uchun bu kecha raqibdan ko‘ra, atmosfera saboq bo‘ldi.

Rodman, Shaq va og‘ir vaznli “jang”

O‘yinning eng esda qolar lahzasi esa statistikada emas, to‘qnashuvda yozildi. Dennis Rodman va Shaquille O'Neal deyarli mushtlashuv darajasiga yetib borgan payt – o‘sha kechani haqiqiy sahnaga aylantirdi.

Toni Kukoc yaqinda bu vaziyatni eslab, o‘sha daqiqalardagi taranglikni ochib berdi. Yakuniy daqiqalar, Bulls nihoyat hisobda oldinga chiqqan. Hammasi nozik ipda osilib turgan payt.

Rodman to‘pni olib, odatdagidek o‘ziga xos harakatlar qilayotgan edi. Jordan va Pippen uni ushlab turishga, tinchlantirishga urinardi – ular bilardi, bitta texnik xato butun qaytishni havoga uchirishi mumkin.

Rodman to‘pni ushlab turgan paytda hakamlar to‘xtatish berdi, kimdir to‘pni uning qo‘lidan urib yubordi. Shunda “Rodmancha” kayfiyat ishga tushdi – hafsalasi pir bo‘lib, jahlini yashirmadi. Michael va Scottie uni ushlashga urinadi, uchalasi birga yiqilib tushadi.

Shaq esa bu manzarani ko‘rib, Rodman tomon otiladi. Aynan shu paytda Kukoc uning ortidan yetib kelganini eslaydi. U 6 fut 11 dyuym (taxminan 211 sm) bo‘yiga qaramay, O'Neal’dan qariyb 45 kilo yengilroq edi. Va bir zumda tushunib yetdi: bu og‘ir vaznli jang bo‘lishi mumkin, u esa bu toifadagi zarbaga tayyor emas.

Kukoc Shaq’ni orqadan engilgina ushlab qoladi. Oldinda – Rodman, Jordan, Pippen kulimsirab turibdi, taranglik bilan hazil orasidagi chiziqni ushlab turishayotgandek. Shaq esa hanuz jiddiy, davom etishga tayyor ko‘rinardi. Uch yulduzning bu “yengil” kayfiyati vaziyatni tarqatib yubordi, ammo bir soniyaga ham xavf hissi yo‘qolmagandi.

Kobening ilk sabog‘i: oltin davrning haqiqiy qattiqligi

Kobe Bryant uchun bu kecha statistik jadvalda katta iz qoldirmagan bo‘lishi mumkin. Ammo bu – NBA qanday liga ekanini, ayniqsa, o‘sha yillardagi Chicago Bulls, Shaq boshchiligidagi Lakers kabi jamoalar qanday ruhda o‘ynashini ko‘rsatgan ilk katta dars edi.

U parketdan ko‘rgan narsa shunchaki yulduzlar to‘qnashuvi emasdi. Bu – raqobatning qanchalik shafqatsiz, har bir ribaund, har bir to‘p uchun jang qanchalik keskin bo‘lishini ko‘rsatgan sahna edi. Aynan shunday muhitni ko‘rgan Kobe keyinchalik o‘zi ham shu darajadagi, hatto undan ham keskin raqobat ramziga aylangan Mamba Mentality’ni shakllantirdi.

Yillar o‘tib, Dennis Rodman qisqa muddatga bo‘lsa-da Shaq va Kobe yonida, Lakers safida paydo bo‘ladi. O‘sha 1999 yil, oradan ko‘p o‘tmay esa Phil Jackson Los Angeles’ga kelib, yangi imperiyani yo‘lga qo‘yadi.

Va o‘sha 1996 yilgi kecha? U tarix sahifalarida faqat Jordan va Kobening ilk uchrashuvi sifatida emas, balki NBA oltin davrining ruhi, qattiqligi va dramatizmini o‘zida jamlagan sahna sifatida qoladi. Savol esa hanuz ochiq: bunday kechalar yana qaytadimi?