
- muallif:
- Jasur Ahmedov
NBA jarohat statistikasi: yangi mavsumdagi tendensiyalar
Hech kim jarohat xohlamaydi. Na yulduz, na murabbiy shtabi, na klub egalari, na muxlislar. Lekin jarohatlar baribir sodir bo‘ladi. Professional sportning ayovsiz haqiqatlaridan biri shu.
NBA esa bu haqiqatga qo‘l qovushtirib qarab turgani yo‘q. Liga so‘nggi yillarda tibbiyot, sport ilmi, reabilitatsiya va monitoringga ulkan mablag‘ sarfladi. Maqsad bitta: jarohatlar sonini imkon qadar kamaytirish va yulduzlarni maydonda ushlab qolish.
Raqamlar kutilmagan manzara chizmoqda
Yangi mavsumning atigi uch haftasi ortda qoldi. Shunga qaramay, dastlabki ma’lumotlar qiziq tendensiyani ko‘rsatmoqda.
NBA’ning ichki jarohat statistikasi shuni aytyapti: shu paytgacha yulduzlar o‘yinlarning 76 foizida maydonga tushgan. O‘tgan mavsum shu davrda bu ko‘rsatkich 64 foiz edi. Yulduzlar orasidagi o‘yin o‘tkazib yuborishga majbur qiladigan jarohatlar yilma-yil 15 foizga kamaygan. Start darajasidagi o‘yinchilarda esa bu ko‘rsatkich 18 foizga tushgan.
Liga sport tibbiyoti direktori doktor John DiFiori buni ehtiyotkor optimizm bilan qarshi oladi. Uning ta’kidlashicha, mavsum juda erta bosqichda, namuna hajmi kichik, ammo monitoring har kuni olib boriladi. Qisqasi, na “hammasi zo‘r”, na “osmon qulayapti” degan xulosalarga shoshilmayapti.
“Ko‘p omilli” muammo
DiFiori ham, o‘yinchi salomatligi bo‘yicha katta vitse-prezident Drew Galbraith ham bir fikrni qayta-qayta urg‘ulaydi: jarohatning yagona sababi yo‘q. Bu — murakkab, qatlamli, ko‘p omilli masala.
O‘yin tezlashgan, maydon kengroq ochilgan, yuklama o‘zgargan. Aynan shu o‘zgarishlar ham tahlil markazida turibdi.
Galbraithning ta’rificha, bugungi basketbol bilan, masalan, 1980-yillar oxiridagi yuqori tempdagi davr basketbolini yonma-yon qo‘ysangiz, ko‘rinishi butunlay boshqa. Hozir butun maydon bo‘ylab yugurish, 25–30 fut uzoqlikda himoyaviy bosim, uch chorak maydon bo‘ylab pressing — bular oddiy norma.
So‘nggi o‘n yillik ma’lumotlar ham shuni ko‘rsatadi: yuqori tezlikdagi tezlanish va keskin to‘xtashlar, hujumlar soni, umumiy intensivlikni oshiradigan har bir kichik detal yig‘ilib, butunlay yangi yuklama profilini yaratgan. Natija esa ma’lum: so‘nggi yillarda jarohatlar avvalgi o‘n yilliklarga qaraganda ko‘proq uchramoqda.
Jarohatning eng katta “bashoratchisi” – avvalgi jarohat
Boshqarib bo‘lmaydigan omillar ham bor. Masalan, o‘yinchi NBA’ga kelguniga qadar olgan jarohatlar.
DiFiori sport tibbiyoti olamida deyarli hammaga ma’lum haqiqatni eslatadi: eng ko‘p uchraydigan xavf omili – bu avvalgi jarohat. Ammo savol shu yerda tugamaydi.
So‘nggi o‘n yilliklarda yoshlar sportida, ayniqsa yoshlar basketbolida bo‘layotgan jarayonlar ham tashvish uyg‘otmoqda: juda yuqori musobaqa hajmi, tiklanishga vaqtning yetmasligi, monitoringning sustligi. O‘sha davrdagi jarohatlar keyinchalik elita darajadagi sportchilarga qanday ta’sir qilmoqda? Liga bu savolga javob izlayapti. Bu mavzu bilan bir nechta tashkilotlar va tadqiqotchilar shug‘ullanmoqda.
Tanalar chegarani silkitmoqda
Bugungi NBA o‘yinchisi — bu hajm, tezlik va kuchning mislsiz kombinatsiyasi. Portlovchanlik, moment, kuchlanish darajasi tarixda bo‘lmagan darajaga chiqqan.
Galbraith bu omil bo‘yicha aniq “aybdor” qatlam topilmaganini aytadi, ammo mantiq oddiy: inson tanasi elit atletizm chegaralarini tobora kengaytiryapti. O‘yinchilar imkon qadar ko‘proq o‘ynash, jarohat xavfini kamaytirish uchun bor kuchini sarflaydi. Biroq ekspertlar o‘rtasida ham qarashlar turlicha: ko‘proq o‘ynash kerakmi yoki kamroq? Qanday mashg‘ulot uslubi to‘g‘ri? Qancha dam olish yetarli?
Galbraithning fikricha, bu faqat zalda qilinadigan ish emas. Maydondan tashqaridagi turmush tarzi, uyqu, ovqatlanish, tiklanish — hammasi kritik ahamiyatga ega. Shunga qaramay, ehtimol, tananing rivojlanishi endi faqat juda kichik foizlarda oldinga siljishi mumkin bo‘lgan nuqtaga kelib qolganmiz.
Mavsum uzunligi haqidagi bahslar
Har mavsum takrorlanadigan savol: o‘yinlar sonini qisqartirish kerakmi? 82 o‘riniga 70? 48 daqiqa o‘rniga 40?
Galbraith aytishicha, liga bu variantni yuzaki emas, chuqur o‘rgangan. Mantiqan qaraganda, kamroq o‘yin — kamroq xavf. Ammo raqamlar boshqa manzarani chizadi.
Yillar davomida haftama-hafta jarohatlar darajasi tahlil qilinganda, mavsum davomida stavka deyarli o‘zgarmasligi aniqlangan. Faqat ikki kichik “cho‘qqi” bor: All-Star tanaffusidan keyingi dastlabki uch hafta va ayrim mavsumlarda startdagi yumshoq to‘qima jarohatlari ko‘paygan davr.
All-Star tanaffusida ko‘pchilik bir necha kun parketga chiqmaydi. So‘ng esa keskin “ramp-up” – yuklamaning birdan oshishi – ko‘proq jarohatni ushlab qoladi. Ammo umuman olganda, mavsum bo‘yi ko‘rsatkich barqaror.
Playoff esa boshqa dunyo: bu bosqichda jarohatlar darajasi muntazam ravishda past bo‘ladi. O‘yinlar kamroq, tayyorgarlik boshqacha, ritm ham o‘ziga xos.
Taniqli shifokor Brian Sutterer ham ijtimoiy tarmoqlarda shunga yaqin fikr bildirdi: qisqaroq mavsumning yagona foydasi — jarohatlanish mumkin bo‘lgan o‘yinlar soni kamayishi. Uning qayd etishicha, ma’lumotlar jadval tig‘izligi, back-to-back o‘yinlar yoki dam kunlarining ko‘payishi jarohatlarni sezilarli oshirganini ham, kamaytirganini ham isbotlamagan.
DiFiori esa bu yerda yana bir og‘ir savolni ko‘taradi: qisqargan mavsumda har bir o‘yin, har bir epizodning narxi oshadi. Intensivlik bundan ham yuqoriga ko‘tarilsa, jarohatlar qanday o‘zgaradi? Javob yo‘q. Yana bir murakkablik: mavsumni nechta o‘yinga qisqartirish kerakki, bu haqiqatan ham ma’noli ta’sir ko‘rsatsin? 5 ta o‘yinni olib tashlash bilan hech narsa o‘zgarmasligi aniq.
Startdagi jarohatlar va tayyorgarlik lagerlari
Mavsum boshida jarohatlar ko‘proq tilga olinadi. Shuning uchun liga tayyorgarlik lagerlari va preseason tuzilmasini ham mikroskop ostiga qo‘ygan.
Galbraithning aytishicha, asosiy yo‘nalishlardan biri — jamoa shtablari bilan birgalikda offseasonda o‘yinchilarni nafaqat basketbol bo‘yicha, balki 82 o‘yinlik marafonga jismonan tayyorlash bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish. Bu yerda NBA o‘zini NFL bilan solishtirmaydi: u yerda yozgi mashg‘ulotlar, OTA kabi rasmiy bosqichlar qat’iy tartibga solingan, o‘yinchilar yil davomida klub nazoratida bo‘ladi. NBA’da esa bunday tizim yo‘q, shu bois hamkorlik va ishonchga asoslangan model ishlatiladi.
Liga jamoalarga va o‘yinchilarning shaxsiy murabbiylariga eng so‘nggi ilmiy ma’lumotlar, eng yaxshi amaliyotlar va dasturlarni taqdim etadi. Maqsad — qisqa preseason davrini maksimal samarali qilish va o‘yinchini mavsum startiga tayyor, ammo ortiqcha yuklamasiz holatga keltirish.
DiFiori ta’kidlaganidek, bu faqat liga darajasida yuritiladigan siyosat emas. Har kuni, har bir klub ichida, har bir mashg‘ulot va har bir reabilitatsiya sessiyasida jarohatning oldini olish va jarohatlangan o‘yinchini sog‘lom holda qaytarish uchun kurash ketmoqda.
Savol esa ochiq qoladi: inson tanasi, zamonaviy basketbol ritmi va biznes talablari to‘qnash kelayotgan pallada, NBA bu nozik muvozanatni qanchagacha ushlab tura oladi?