UZB SPort

Rayan Cherki: Manchester Citydagi kelajagi va sabr sinovi

Yakshanba kuni kechqurun, go‘yo hammasi qo‘ldan ketayotgandek edi. Manchester City uyda Bournemouthga qarshi qiynalayotgan, Enzo Maresca esa ilk Premier League o‘yinida mag‘lubiyatga juda yaqin turgandi. Shunda maydon chetidagi stuldan bir figura qo‘zg‘aldi. Rayan Cherki.

Fransiyalik yarim himoyachi o‘yinga shunchaki qo‘shilmadi – u kayfiyatini ham olib kirdi. Maydonga tushgan zahoti tanasining har bir harakati “zaxirada qolganim yoqmadi” degandek edi. Lekin u noroziligini yuz ifodasida emas, to‘p bilan gapirtirdi.

Birinchi zarba – burchak zarbasi. Cherki to‘pni jarima maydoniga “yurak bilan” uzatdi, Marc Guehi esa tenglashtiruvchi golni urdi. Eng muhim pallada esa fransuz yulduzi yana sahnaga chiqdi: qo‘shimcha daqiqalarda u ajoyib rejalashtirilgan hujumni yakunlab, Josko Gvardiolga g‘alaba golini “tovoqda” tortiq qildi. Shunday qilib, Maresca birinchi ligadagi o‘yinida mag‘lubiyatdan g‘alabaga o‘tib qoldi.

Maresca xotirjam, Cherki esa hanuz och

Maresca uchun bu lahzalar yengillik edi. U o‘yin oldidan ham, keyin ham Cherkini alohida ta’kidladi.

Uning fikricha, Cherki City tarkibida boshqalarga o‘xshamagan futbolchi – ayniqsa oxirgi uchinchi zonada qiynalayotgan paytda. U to‘satdan paydo bo‘ladigan lahzalar, kutilmagan yechimlar, himoyani bir pasda yorib o‘tadigan uzatmalarni beradi. Murabbiy so‘zlari bilan aytganda, City aynan shunday sifatga muhtoj.

Ammo bu har doim ham shuni anglatmaydi: “har o‘yinda asosiy tarkib”. Maresca ochiq aytadi – hammasi o‘yin rejasi va raqibga bog‘liq. Shunga qaramay, u bitta narsani aniq ko‘rsatdi: Cherki hozir ham, kelajakda ham bu jamoaga katta yordam beradi. Va murabbiy uning mehnatidan mamnun.

Bu orada futbolchi o‘zi ham kayfiyatini yashirgani yo‘q. Dushanba kuni u PFA awards marosimida jilmayib suratga tushdi, muxlislar uchun avtograf tarqatdi. U yerda u “Team of the Year” tarkibiga kiritildi va “Young Player of the Year” mukofotiga nomzod bo‘ldi. Rasmiy marosim, chiroqlar, tabriklar – lekin ichida bitta savol yonib turibdi: “Qachon men Cityda haqiqiy asosiy futbolchiga aylanaman?”

Statistikada birinchi, tarkibda esa hanuz navbatda

Cherkining so‘nggi haftadagi ishtiroki uning raqamlariga yana bir qatlam qo‘shdi. O‘tgan mavsum boshidan beri u ochiq o‘yindan 12 ta golli uzatma berdi – bu davrda Premier Leagueda hech bir futbolchi undan ko‘p assist qilmagan.

Shunga qaramay, u hali ham Cityda doimiy asosiy tarkib futbolchisiga aylanmagan. O‘tgan mavsumda Pep Guardiola qo‘l ostida u 33 ta liga o‘yinida maydonga tushdi, lekin ularning 14 tasida zaxiradan maydonga qo‘shildi. Bu raqamlar bir narsani aytadi: murabbiylar uni ishonchli qurol sifatida ko‘rishadi, ammo har doim ham birinchi daqiqalardan emas.

Yozgi World Cup ham Cherki uchun to‘liq ochilgan sahna bo‘lmadi. Fransiya hujum chizig‘idagi raqobat – har qanday yulduzni ham chetga surib qo‘yishi mumkin bo‘lgan darajada kuchli. Cherkining yagona asosiy tarkibdan boshlagan o‘yini – Angliyaga qarshi uchinchi-o‘rin uchun bahs bo‘ldi. U yerda ham tanaffusda almashtirildi, hisob esa o‘sha paytda 0:4 edi. Butun turnir davomida u atigi 124 daqiqa maydonda bo‘ldi. Turnir yakunida esa uning Didier Deschampsdan norozi ko‘ringan videolari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Xarakter: yashirinmaydigan his-tuyg‘ular

Maresca yakshanba kungi g‘alabadan keyin bitta narsani ochiq tan oldi: Cherki his-tuyg‘ularini yashiradigan tipdan emas. Agar u norozi bo‘lsa, buni darhol ko‘rish mumkin. U yoningizda o‘tirsa, yuzini, tana tilini, maydondagi harakatini yashirmaydi. Bu – xuddi u o‘yin uslubidek – filtrsiz.

Bu xarakter haqida ogohlantirishlar allaqachon bo‘lgan. Cityning yaqindagi hujjatli filmida klub bosh ijrochi direktori Ferran Soriano Cherki transferi arafasida kelgan ma’lumotlarni esga oldi. Uning aytishicha, futbolchining iste’dodi borasida hech kimda shubha bo‘lmagan, lekin uning xarakteri haqida “tartibsiz, biroz xaotik” degan fikrlar bo‘lgan.

Yakshanba kuni yakuniy hushtak chalingach, Maresca to‘g‘ridan-to‘g‘ri Cherki tomon yo‘l oldi. U futbolchini quchoqlab, yelkasiga qo‘l qo‘ydi va ancha jiddiy ko‘rinishda bir nimalarni tushuntirdi. Ularning o‘rtasida nimalar gaplashilgani oshkor qilinmagan, lekin bu sahna bitta savolni kuchaytirdi: murabbiy uni asta-sekin yetakchi roliga tayyorlayaptimi yoki aksincha, uni tinchlantirishga urinayaptimi?

O‘yindan keyin italiyalikdan Cherki tez orada asosiy tarkibda boshlaydimi, deb so‘rashdi. U qisqa, lekin aniq javob berdi: “absolyutno, ha”.

Oldinda – Crystal Palace va ichki kurash

Endi City juma kuni safarda Crystal Palacega qarshi maydonga tushadi. 23 yoshli Cherki uchun bu haftaning savoli oddiy: Bournemouthga qarshi ko‘rsatgan o‘yini unga nihoyat asosiy tarkib eshiklarini ochadimi?

Hozircha javob aniq emas. U klub uchun hal qiluvchi lahzalarni yaratmoqda, lekin hali ham to‘liq ishonch ramzi bo‘la olgani yo‘q. Uning eng katta sinovi, ehtimol, to‘p bilan emas, o‘zi bilan bo‘ladi. Emotsiyalarni boshqarish, sabr qilish, zaxiradan tushgan paytda ham o‘yin taqdirini o‘zgartirishga tayyor turish – aynan shu fazilatlar uni Cityning haqiqiy markaziy figuralaridan biriga aylantirishi mumkin.

Fransiyalikning iste’dodi haqida shubha yo‘q. Savol boshqa: u o‘z ichidagi olovni nazorat qila oladimi yoki bu olov uni asosiy tarkib eshigiga yetmasdan kuydirib yuboradimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil