UZB SPort

Tom Brady va Chelsea: Futbol biznesidagi yangi sahifa

Yetti karra Super Bowl chempioni Tom Brady yana futbol biznesining markazida. Bu safar – ingliz futboli, “Chelsea” va London bozori.

“Birmingham City”dan chiqish – tasodif emas

Bu oy boshida Brady uch yil davom etgan “Birmingham City”dagi minoritar ulushini sotib yubordi. “The Guardian” manbalariga ko‘ra, bu qaror shunchaki moliyaviy rokirovka emas, balki “Chelsea”ga kirish yo‘lini tozalash uchun qilingan aniq qadam.

Brady “Birmingham City”dagi ulushini 2023-yil avgustida olgandi – ya’ni amerika futbolidagi ikkinchi va yakuniy nafaqasidan ko‘p o‘tmay. Klubni Knighthead Capital, Tom Wagner bilan bog‘liq fond, qo‘lga kiritganidan so‘ng, Brady nafaqat investor, balki maslahat kengashi raisi sifatida ham sahnaga chiqqan edi.

Endi esa bu bob yopildi. Yangi sahifa ochilayotganga o‘xshaydi.

“Chelsea” bilan aloqa: Eghbali omili

“The Guardian” yozishicha, Brady “Chelsea”ning asosiy figurantlaridan biri – Behdad Eghbali bilan yaxshi munosabatlarga ega. Eghbali bilan bog‘liq Clearlake Capital hozir “Chelsea”ning 86,5 foizini nazorat qiladi. Bu ko‘rsatkich Todd Boehly va Mark Walter o‘z ulushlarini sentabr oyida sotib chiqqanidan keyin shakllandi.

Shu fon’da Brady nomining paydo bo‘lishi bejiz emas. U allaqachon klub atrofidagi doirada ko‘rinish bergan: o‘tgan yili New Jerseyda bo‘lib o‘tgan Club World Cup paytida “Chelsea”ning faxriy mehmoni bo‘ldi, Paris Saint-Germain ustidan 3:0 hisobidagi final g‘alabasidan keyin futbolchilar bilan birga bayram qilgan.

Yulduzlar safida yulduz. Endi esa u tribuna ortidan aksiyadorlar qatoriga o‘tishi mumkin.

Brady portfeli: Las Vegasdan Londongacha

Brady sport biznesida allaqachon tajribali investor. U NFL klubi Las Vegas Raidersda ham Wagner bilan birga minoritar ulushga ega. Amerikalik afsona o‘yin maydonini tark etgach, o‘zini franchayzinglar, brendlar va media loyihalar orqali qayta kashf etmoqda.

2025-yilda chiqishi kutilayotgan Amazon Prime hujjatli filmi – Built in Birmingham: Brady & The Blues – aynan uning “Birmingham City” davrini yoritadi. Unda Brady o‘sha paytdagi bosh murabbiy Wayne Rooneyning mehnat etikasi haqida savollar qo‘yadi. Bu epizod allaqachon ingliz futboli ichkarisida bahs uyg‘otgan.

Endi esa savol boshqacha: shu tajriba uni “Chelsea” kabi global gigantda yanada faol, talabchan investor sifatida ko‘ramizmi?

“Chelsea” sukut saqlamoqda

London klubi bu xabarlar fonida izoh berishdan bosh tortdi. Rasmiy javob yo‘q, rad etish ham yo‘q. Futbolda bunday sukut ko‘pincha muzokaralarning davom etayotganidan dalolat beradi.

Brady uchun bu qadam nimani anglatadi? NFL ramzi bo‘lgan nom endi “Stamford Bridge” koridorlarida ham aks sado beradimi? “Chelsea”ning yangi davri – raqamlar, fondlar va sarmoyadorlar davri – endi amerikalik sport ikonasi bilan yanada shov-shuvlimi bo‘ladi?

Javoblar hali yo‘q. Lekin bitta narsa aniq: agar Tom Brady “Chelsea” kapitallariga haqiqatan ham kirib borsa, bu transfer yozgi bozor emas, butun klub strategiyasining geometriyasini o‘zgartiradigan darajadagi bitim bo‘ladi.