
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Tyson Fury: Ichki zulmat va oilaviy drama
Netflix’ning yangi hujjatli filmi uchun rejissor Lucy Wilcox Tyson Fury bilan to‘qqiz marta, har safar uch soatdan yuzma-yuz o‘tirgan. U aytishicha, Fury deyarli bir lahza ham ko‘zini uzmagan. Bu allaqachon o‘ziga xos sparring, faqat ring emas, stul va kamera oldida.
90 daqiqalik filmda arxiv kadrlari, intervyular, Britaniya bokschisi, uning bahsli obro‘ga ega otasi John va rafiqasi Paris hayoti kesishadi. “At Home With The Furys” realiti-shousini ko‘rganlar Parisning chidami qanchalik ulkan ekanini biladi. Bolalikdagi sevgi, katta oilaning og‘ir yuklari va ringdan tashqaridagi zulmat — hammasi shu yerda.
Rejissor sportni bilmasdan kirib kelgan, o‘zi tan oladi. Shuning uchun bokschi ishqibozlari uchun bu filmda yangilik kam. Ular yarim yo‘lda yakun nimaga borib taqalishini sezishadi: Deontay Wilder bilan birinchi jang. Shunga qaramay, bu safar boshqa eshiklar ochiladi.
Ringdan ham og‘ir raqib: ichki zulmat
Fury o‘zini ko‘p yillardan beri bipolyar deb atab keladi. Lekin bu safargi e’tiroflar undan ham chuqurroq, vahimaliroq. U 2016 yildagi tanaffus chog‘ida kasalxonaga yotqizilgani, ovozlar eshitgani, “radiobilan to‘liq suhbatlashgani” haqida gapiradi.
Rasmiy tashxis — shizofreniya. Paris buni tasdiqlagan, deya aytiladi. “Tyson’ga bu so‘z yoqmaydi”, deydi Wilcox turli nashrlarga bergan intervyularida. U yana bir narsani qo‘shadi: “U narsist”. Buni haqorat sifatida emas, tashxis sifatida aytadi. “Biz Google’da qidirdik, u qarab: ‘Ha, bu men ekanman’, dedi. Lekin men uni yoqtiraman. U muloyim, biroz kamp, biroz nozik. Hamma ham Tyson’ni yoqtirmaydi, lekin men odamlar uni tushunishini xohladim. O‘zim ham tushunishni istadim, chunki uni yoqtiramanmi-yo‘qmi, ishonchim komil emas edi”.
Fury oilasiga bu qadar yaqin kirish — filmning ham kuchi, ham zaif nuqtasi. Wilcox bu asarni “oxir-oqibat, oila haqidagi hikoya” deb ataydi va shu bois boshqa “gapiruvchi boshlar”ni qo‘shmaydi. Biroq ayrim paytlarda biroz masofa, sovuqqon nigoh yetishmagandek tuyuladi.
Shunga qaramay, Tyson bilan ishlash oson emasligini hisobga olsak, u bilan bo‘lgan suhbatlarning chuqurligi e’tiborga loyiq. Ringda raqibni aldashga o‘rgangan bokschi intervyularda ham ko‘pincha sirg‘alib ketadi. Bu yerda esa ba’zi lahzalarda ko‘ziga yosh ham keladi. “Tyson xohlaganini eslaydi; Paris esa unga nur tushiradi”, deya izohlaydi Wilcox.
John Fury: “Men bo‘lmagan odam”
Filmning eng katta yutug‘i — John Fury’ni “ochish”. U boshqa bir erkakning ko‘zini o‘yib yuborgani uchun qamalgan, bu voqea ham filmda bor. Yana bir og‘ir lahza: yosh Tyson bilmagancha, John bir vaqtning o‘zida ikki oilaning patriarxi bo‘lib kelganini oshkor qiladi.
“Men uni sindirmoqchi edim”, deydi Wilcox. “U doim: ‘Qanday bo‘lsa, shunday’, deydi. Men esa unga: bu unchalik ham ‘shunday’ emasligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim”. Bir sahnada John 2017 yildagi qaytish haqida gapirar ekan, birdan bo‘g‘ilib qoladi: “Mana shuni men erkak deyman — men bo‘lgan odamni emas”.
Netflix tomoshabini uchun film tabiiy ravishda 2018 yilgi Wilder jangiga borib ulanadi. Fury o‘sha kecha deyarli 12 raund davomida amerikalikni yanchib, so‘nggi daqiqalarda dahshatli nokdaunga tushadi va mo‘’jizaviy tarzda qayta turib keladi. Bu kadrlar allaqachon afsonaga aylangan, shu bois final sifatida kutilgan.
Lekin bu finalga olib boradigan yo‘l 2016 yildagi bo‘shliqdan boshlanadi. Spirtli ichimlik, narkotik, o‘z joniga qasd qilish istagi, dahshatli darajadagi semirish — Fury o‘shanda hammasini ochiq aytgan. Boks ixlosmandlari esa hanuz bir savolni aylantiradi: nandrolon bo‘yicha ijobiy dori testi shu qulashi uchun turtki bo‘lganmi?
Film bu haqda lom-mim demaydi. MTK Global va uning rahbari, irlandiyalik jinoyat olami bilan bog‘langan Daniel Kinahan bilan aloqalar ham tilga olinmaydi. Wilcox esa: “Biz hammasi haqida gaplashdik”, deydi. Uning aytishicha, loyiha dastlab olti soatlik serial bo‘lib rejalashtirilganida, bu bo‘limlar ham ichida bo‘lgan bo‘lardi.
Bu bo‘limlar boshqa auditoriya uchun qiziqroq bo‘lardi. “Fury” esa aniq bir tomoshabinga qaratilgan — ularni chuqur sport-tekshiruv emas, insoniy drama qiziqtiradi.
Bahslar, fojealar va ko‘milgan og‘riqlar
Shunga qaramay, filmda bahsli epizodlar yo‘q emas. Tysonning ayollarga nisbatan so‘zlari, gomofobik deb baholangan izohlar esga olinadi. Wilcox bu yerda ham o‘z qarashini bildiradi: “U seksist emas, gomofob ham emas. Lekin ayrim narsalarini so‘rasangiz, bolalarimdek, ikki karra qattiq turib oladi”.
Ekranda yana bir og‘ir sahna: Tysonning amakisi va murabbiysi Hughie’ning hayotini tutib turgan apparatlar o‘chiriladi. Paris uch marta homiladan ayrilgan, film ayniqsa shulardan biriga alohida to‘xtaladi.
Tyson o‘sha yo‘qotishdan keyin go‘dakni uyga olib keladi. Ukalari bilan birga uni hovlida ko‘madi. “Miyamning eng orqa, eng qorong‘i shkafini topdim”, deydi u bu og‘riqni qanday bostirganini eslar ekan. O‘zi esa tug‘ilganda mo‘’jizaviy tarzda omon qolgan: sakkiz hafta erta tug‘ilgan, kasalxonada “uch marta o‘lgan”, deya eslaydi.
Kelajak-chi? Wilcox u bilan suhbat qilgan paytda Fury beshinchi, hozircha eng so‘nggi “nafaqasi” o‘rtasida edi. Yaqin do‘sti, yana bir britaniyalik afsona Ricky Hatton o‘z joniga qasd qilgan. Bu fon, bu xotiralar, bu tashxislar — bularning bari tomoshabinni bitta savol bilan yolg‘iz qoldiradi: Fury yana qay darajada zulmat bilan kurashishga majbur bo‘ladi?
Film xotirjam yakun topmaydi. Kayfiyat og‘ir, lekin aynan shuning o‘zi Fury hikoyasining murakkabligini ko‘rsatadi. Wilcox va Netflix hozircha faqat bitta, lekin juda quyuq bobni aytib berdi. Qolgan boblar-chi? Ularni yozish endi ringga yana va yana qaytayotgan odamning o‘ziga qolgan.