
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Utah Jazz: Qiyinchiliklar va Yangi Sinovlar
Utah Jazz navbatdagi zarbani oldi. Ammo bu jamoa hali hisobdan chiqib ketgani yo‘q.
Dallas Mavericksga qarshi yakshanba kungi mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. Bu mavsumda ikkinchi bor. To‘rtinchi chorakda orqadan quvib yetishdi, himoyada tirishdi, zarbalar tushdi, ritm topildi. So‘nggi hujumda ham hammasi o‘z qo‘llarida edi.
Kyle Filipowski uchlikka ko‘tarildi. Agar tushganida, bu kechani boshqa ohangda eslashardi. To‘p halqadan qaytdi. Parketda jimlik, yuzlarda ishonchsizlik. Bitta zarba — va butun kayfiyat teskarisiga almashardi.
Endi esa nafas rostlashga ham vaqt yo‘q. Dushanba kuni kechqurun ular G‘arb yetakchisi, birinchi o‘rindagi LA Lakersga qarshi saf tortadi. Back-to-back. Uch nafar asosiy tarkib o‘yinchisiz. Charchoq fonida, qisqargan rotatsiya bilan.
Bu mavsum starti allaqachon sinovlar marafoniga aylangan. Jarohatlar start beshligini parchalab tashladi, tarkib esa kutilgan umumiy sakrashni ko‘rsata olmadi. Har bir o‘yin – tik qiyalik, har bir kecha – yangi sinov.
Shu fonida bosh murabbiy Will Hardy balandparvoz nutqlarni bir chetga surib qo‘ydi. U xonani to‘ldiradigan motivatsion shiorlar emas, ichki javobgarlikni talab qilmoqda.
U shunday deydi: bu holatdan chiqish uchun kalit murabbiy qo‘lida emas, kiyinish xonasidagi har bir o‘yinchining ichida.
Haridyining o‘zi buni aniq qilib qo‘ydi: bahonalar uchun joy yo‘q. Hech kim ularga achinmaydi, hech kim jadvalni yengillashtirmaydi. Har bir kishi har kuni jamoaga eng yaxshi versiyasini olib chiqishi kerak. Oyna qarshisida turib, bitta savol berish kerak: “Men darajamni ko‘tarayapmanmi?”
Shu lahzada Jazz uchun bu shunchaki navbatdagi o‘yin emas. Bu yosh jamoa uchun tezlashtirilgan kurs. Bosim ostidagi dars. Bir oy ichida ular odatdagidan ko‘proq zarba yedi: kutilmagan mag‘lubiyatlar, oxirigacha yetmagan “kam-bek”lar, rotatsiyani buzgan jarohatlar.
Bunday paytda murabbiy so‘zining ham chegarasi bor. Ma’lum bir nuqtadan keyin bu chiziqni faqat o‘yinchining o‘zi kesib o‘tadi – energiya topadi, tana charchaganida ham ruhiy javob topadi.
Qizig‘i shundaki, Lakers bilan so‘nggi uchrashuv ham back-to-backning ikkinchi kechasida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Utah Clippersni yirik hisobda yengib, ertasi kuni yana maydonga tushdi va G‘arbning gigantini yiqita oldi. O‘sha g‘alaba jamoaga qisqa muddatga bo‘lsa-da, “biz buni qila olamiz” degan ishonchni qaytargandi.
Endi savol boshqa: chaqmoq ikkinchi bor bir joyga uradimi?
Lakers bu safar hushyor bo‘ladi. O‘tgan haftadagi mag‘lubiyat ularni ogohlantirdi, safida sobiq Jazz o‘yinchilari ham bor – ular bu zalni, bu muxlislarni, bu bosimni juda yaxshi biladi. Ular o‘sha xatolarni takrorlamaslik uchun maydonga ochko‘z bo‘lib chiqadi.
Utah esa charchoq, qisqa rotatsiya va murakkab jadval fonida yana “gigant oviga” chiqadi. Bu kecha natija qanchalik muhim bo‘lmasin, yana bir narsani ko‘rsatadi: bu yosh Jazz bosim ostida pishib, haqiqiy raqobatchiga aylanayaptimi yoki mavsum startidagi og‘irliklar ularni pastga tortishda davom etadimi?
Javob dushanba oqshomida, bir necha zarba, bir necha himoya epizodi va ehtimol, yana bir so‘nggi soniyalar qarorida yashirinib turibdi.