1986-yilgi Azteca to‘pi 2,5 million funtga sotildi
Futbol tarixidagi eng bahsli lahzalardan biriga nuqta qo‘ygan to‘p yana qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. 1986-yilgi Jahon chempionati chorak finalida Argentina va Angliya o‘rtasidagi o‘yin davomida ishlatilgan adidas Azteca Dallasdagi Heritage Auctions auksionida 2,5 million funt sterlingga xaridor topdi.
Bu oddiy to‘p emasdi. Aynan shu Azteca bilan Diego Maradona Peter Shilton darvozasiga “Xudo qo‘li” nomi bilan abadiylashgan golni urdi. Argentina o‘sha o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va Maradona o‘sha lahzada o‘zini futbol tarixining eng bahsli, shu bilan birga eng buyuk qahramonlaridan biri sifatida muhrlab qo‘ydi.
Boshida “Xudo qo‘li”, orqasidan esa Asr goli
Maradona keyinchalik o‘sha birinchi golni “biroz boshi bilan, biroz Xudoning qo‘li bilan” kiritganini aytgan. Futbol olami esa bu iborani yodlab oldi va yillar davomida bahs to‘xtamadi.
Ammo bu to‘p faqat shu qo‘l bilan urilgan zarba bilan esda qolmagan. O‘sha o‘yin davomida u yana bir bor tarix markaziga chiqdi: muxlislar “Asr goli” deb atagan ikkinchi gol ham aynan shu Azteca bilan urilgan. Maradona besh nafar ingliz maydon o‘yinchisini birin-ketin aldab o‘tib, yakunda darvozani aniq nishonga olganida, o‘sha oq-qora Azteca hamon uning oyog‘i ostida edi. Heritage Auctions mutaxassisi Mike Provenzale bu artefaktni “mavjud eng muhim futbol buyumi” deb ta’riflashi bejiz emas.
Hakamning xotira sandig‘idan auksion zaligacha
O‘yin hakami, tunislik Ali Bin Nasser yakuniy hushtakdan so‘ng to‘pni o‘zi olib qolgan va uni o‘n yillab asrab kelgan. Aynan u “Xudo qo‘li” epizodidagi qo‘l bilan o‘ynashni real vaqtning o‘zida payqamay, golni haqiqiy deb tan olgan hakam sifatida tarixga kirgan.
Bin Nasser to‘p bilan 30 yildan ortiq vaqt “yakka-yolg‘iz” yashadi. Nihoyat, 2022-yilda u Azteca bilan xayrlashdi: to‘p 1,74 million funtga sotildi. Keyingi egasi 2023-yilda uni yana bozorga olib chiqdi, lekin o‘sha paytdagi savdoda minimal narx chegarasi oshib o‘tilmadi va bitim amalga oshmadi.
Bu gal esa bozor to‘lqini balandroq ko‘tarildi. Mustaqil ekspertlar to‘pni sinchiklab tekshirib, aynan shu Azteca 90 daqiqalik o‘yin davomida yagona ishlatilgan rasmiy to‘p bo‘lganini tasdiqlashdi. Shu hujjatlashtirilgan ishonchlilik uning qiymatini yanada oshirdi.
Rekordlar soyasida qolgan rekord darajadagi narx
2,5 million funt – sport anjomlari uchun ulkan summa. Lekin bu raqam auksiondan oldingi taxminlarga yetib bormadi. Bozor mutaxassislari to‘p 10 million dollar atrofida baholanadi, deb kutishgandi. Real natija esa bu prognozdan ancha past bo‘lib chiqdi.
Shunga qaramay, sport yodgorliklari bozori boshqa chiziqda o‘sishda davom etyapti. Ayniqsa, maydonda kiyilgan liboslar bo‘yicha. O‘sha 1986-yilgi turnirning o‘zidayoq Maradona kiygan futbolka 2022-yilda 7,1 million funtga sotilgan edi – bu yangi Azteca narxidan deyarli uch baravar qimmat.
To‘p va futbolka. Bir o‘yin, bir afsona, ikki bozor narxi. Savol esa shunday: vaqt o‘tgan sayin qimmatlasha borayotgani – Maradonaning o‘zi emas, balki uning atrofida yaratilgan rivoyat emasmi?






