UZB SPort

2026 yilgi F1 qoidalari: chaqqon bolid g‘oyasi

2026 yilgi texnik inqilob haqida gap ketganda, ko‘pchilikning qulog‘iga birinchi bo‘lib “power unit” va energiya boshqaruvi bilan bog‘liq shikoyatlar chalinadi. Ammo sahnaning biroz chekkasida, shovqindan nariroqda yana bir muhim o‘zgarish bor: “nimble car concept” – chaqqon, ixcham bolid g‘oyasi.

FIA bir necha yil davomida aynan shuni va’da qilgan edi. Endi esa bu g‘oya real asfaltga tushdi.

Kichikroq, yengilroq, lekin hanuz yovvoyi

Yangi avlod bolidlari qog‘ozda unchalik ham keskin o‘zgarishga uchragandek ko‘rinmasligi mumkin. G‘ildirak bazasi atigi 20 santimetrga qisqardi, kenglik 10 santimetrga toraydi. Minimal og‘irlik 768 kilogramm qilib belgilandi – o‘tgan mavsumga nisbatan 32 kilogramm kam.

Bu raqamlar sovuq statistika bo‘lib tuyulishi mumkin. Trekda esa ularning ma’nosi boshqacha: kamroq downforce, ko‘proq kurash. Rulda yotib olgan, rels bo‘ylab ketayotgan poyezdga o‘xshagan bolidlar o‘rnini endi yana “tirik”, har burilishda uchib ketishga moyil, uchqur mashinalar egallamoqda.

Shunga qaramay, yilning dastlabki sakkiz oyida bu o‘zgarishlar deyarli muhokama qilinmadi. Barchani bitta mavzu egallab oldi – power unit’lar, energiya tejash, rejimlar, cheklovlar. Shassi tomoni esa fon bo‘lib qoldi.

FIA bir o‘rinliklar bo‘yicha direktori Nikolas Tombazis bu fonni biroz oldinga surishga tayyor. Uning fikricha, yangi qoidalar paketi aynan shassi bo‘yicha oldinga qadam.

Uning bahosi sodda: bolidlar bir-birini yaqinroq kuzata oladi. Va bu safar jamoalar reglamentdagi bo‘shliqlardan foydalanib, butun konsepsiyani buzib tashlashiga ishonchi kamroq.

“Konsepsiyani sindiradigan hiyla topilmadi”

FIA hisob-kitoblariga ko‘ra, “dirty air” – orqa oqimdagi iflos havo ta’siri yana 2022 yil boshidagi darajaga qaytgan. O‘sha paytda ham maqsad bir xil edi: quvib o‘tish osonroq bo‘lgan, orqadan kelayotgan bolidni bo‘g‘ib qo‘ymaydigan aerodinamika.

Tombazis hozirgi yondashuvni yanada mustahkam deb biladi. U avvalgi reglamentdagi xatolarni ochiq tan oladi.

O‘sha avloddagi oldingi qanot uchlari, pol chetlari, old g‘ildirak atrofidagi “mebel” – bularning barchasi uyg‘unlikni buzdi. Vake – ortda qoladigan havo izi – yanada “ifloslashdi”, quvib borayotgan haydovchi ko‘r-ko‘rona kurashishga majbur bo‘ldi. Jamoalar topgan hiylalar reglament ruhiga qarshi ishladi.

Yangi qoidalar bilan shunga o‘xshash yechimlar hali topilmadi. Konsepsiyani sindiradigan aerodinamik nayranglar hozircha yo‘q. FIA aynan shuni xohlayotgan edi.

Haydovchi uchun sinov – bu ham maqsad

Yaqinroq kuzatish – bitta tomoni. Ikkinchi tomoni: haydovchi rulda yana ter to‘kishi kerak.

Tombazis aynan shundan mamnun. Yangi bolidlar hanuz murakkab, xatoni kechirmaydi. Har burilishda hamma narsani mukammal qilib beradigan aerodinamik yechimlar to‘liq yo‘q. Bu esa poygachi uchun doimiy sinov, jamoalar uchun esa cheklov.

Dunyoning eng yaxshi 22 nafar haydovchisi rulda o‘tirsa, ularning qo‘lidagi mashina “har kim hayday oladigan” darajada bo‘lishi kerak emas. Konsept ham shunga qurilgan: bolid hali ham xarakterli, qo‘rqitadigan, hurmat talab qiladigan texnika bo‘lib qolishi shart.

Shu bilan birga, fizik jihatdan ozroq yengillik ham bor. Ground-effect davridagi kabi shassi nihoyatda past va qattiq holatda ishlatilmaydi. Klirens biroz ko‘tarildi – bu haydovchi tanasiga tushadigan zarbalarni yumshatadi. O‘tgan yilgi “brutal” xususiyatlar biroz jilovlandi, lekin poyga hanuz oson emas.

2031 sari: yana 80 kilo kam, yana ixchamroq

Bugungi paket Tombazisni qoniqtiradi, ammo bu “mukammal manzil” emas. Faqat oraliq bekat.

FIA keyingi reglamentlar to‘lqinida – 2031 yilda (yoki yetarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, 2030 yilda) – yanada keskin qadam tashlashni xohlaydi. Maqsad aniq: yana qariyb 80 kilogrammni olib tashlash. Shuningdek, bolidlarni yanada qisqa va ixcham qilish.

Haydovchilar hozirgi kichrayishni yoqlab chiqdi. Lekin Tombazis uchun bu yetarli emas. U yengillik bo‘yicha keyingi sakrashni ko‘zlayapti. Hozirgi o‘zgarishni “yomon qadam emas, lekin yakuniy maqsad ham emas” deb baholaydi.

Bundan keyin esa hamma nigoh yana bitta savolda to‘planadi: F1 qachon yana engil, yirtqich, uchib ketishga tayyor bo‘lgan mashinalar davriga to‘liq qaytadi?

Og‘irlikka qarshi ilk burilish

Bir narsani tan olish kerak: hozirgi o‘zgarish tarixiy chiziqni sindirdi. F1 bolidlari yillar davomida faqat kattalashdi, og‘irlashdi, murakkablashdi. Har yangi reglament – qo‘shimcha kilogrammlar, qo‘shimcha tizimlar, qo‘shimcha yuk.

Endi esa ilk bor uzoq vaqt ichida og‘irlik pastga qarab ketdi. Tombazisning hisobicha, bu ehtimol 2000 yildan beri birinchi marta sodir bo‘layotgan holat.

Yengillik sari bu ilk qadam hali hamma narsani hal qilmaydi. Lekin tendensiya o‘zgardi. Endi savol boshqacha: F1 bu yo‘ldan qanchalik jasorat bilan yuradi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling