UZB SPort

2026 yilgi Jahon chempionati: Amerikaning sport o‘n yilligi nimani va’da qilmoqda?

2026 yilgi FIFA World Cup ortda qoldi. Stadionlar bo‘shadi, fan-zonalar yig‘ishtirildi, lekin bu turnir AQSh uchun yakun emasdi. Aksincha, u yangi bosqichga – butun bir o‘n yillik sport marafoniga start bo‘ldi. Harvard Fellow va strategik maslahatchi Samuel Hymes buni “Amerikaning sport o‘n yilligi” deb ataydi va bu atama ortida faqat chiroyli shior emas, juda aniq siyosiy va diplomatik maqsadlar yotganini ta’kidlaydi.

Uning fikricha, 2026 yilgi mundial – yakkama-yakka supershou emas, balki ketma-ket kelayotgan global chempionatlar uchun kirish qismi, sinov maydoni bo‘ldi.

AQShni kutayotgan chempionatlar karvoni

Keyingi sakkiz yil ichida AQSh sport taqvimida bo‘sh joy deyarli qolmaydi. Ro‘yxat hayratlanarli:

  • 2027 yil – Military World Games, Charlotte (harbiy sportchilar uchun)
  • 2028 yil – yozgi Olimpiada va Paralimpiada, Los Angeles
  • 2031 yil – erkaklar Rugby World Cup
  • 2033 yil – ayollar Rugby World Cup
  • 2034 yil – qishki Olimpiada va Paralimpiada, Salt Lake City

Besh yirik musobaqa allaqachon tasdiqlangan. Oltinchisi – yana bir jahon chempionati – noyabr oyida Zurich shahrida bo‘ladigan FIFA Extraordinary Congress yig‘ilishida e’lon qilinishi kutilmoqda. AQSh, Meksika, Kosta-Rika va Yamayka yagona nomzod sifatida turibdi.

Hymes bu ketma-ketlikni tasodifiy jadval emas, siyosiy vosita, yumshoq kuchning eng ta’sirchan shakllaridan biri sifatida ko‘radi.

Sport diplomatiyasi: stadiondan tashqaridagi o‘yin

Sport diplomatiyasi – rasmiy bayonotlar emas, stadionlar, fan-zonalar va ko‘cha paradlari orqali ishlaydigan yumshoq kuch. Hymesning ta’kidlashicha, to‘g‘ri boshqarilsa, bu o‘n yillik “chipta va tele reyting” chegarasidan ancha uzoqqa o‘tadi:

AQSh uchun bu jarayon global imijni yumshatish, siyosiy qutblanish fonida o‘zini boshqacha sahnada ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Hymes shunday deydi: katta turnirlar “rasmiy xabarlar”dan ko‘ra ko‘proq gapiradigan sahna bo‘lishi mumkin – bu yerda ochiqlik, ishonch va madaniy o‘ziga ishonch ko‘rinadi.

2026 yilgi mundialdan oldin ham u ogohlantirgandi: World Cup – bu mamlakat qiyofasini “real vaqt rejimida” shakllantirib yuboradigan kam sonli voqealardan biri.

Shu bois AQShda turnir oldidan xavotir katta edi. Avvalambor, chipta narxlari bo‘yicha mojarolar sarlavhalarni egalladi, matbuotning bir qismi esa bu mundial haqida yozishdan ham cho‘chidi. Qatar 2022 atrofida ko‘proq gapirildi, lekin “o‘z hovlisidagi” chempionat ko‘pchalikni asabiylashtirdi.

Natija esa barchaning yelkalarini bo‘shashtirdi.

104 o‘yin, 16 stadion, uch mamlakat va rekord – 6 810 966 tomoshabin. Turnir nafaqat tirik qoldi, balki ko‘lam va atmosfera bo‘yicha tarixga kirdi.

G‘alaba faqat maydonda emas edi

Yakunda chempionlikka yangi ko‘rinishdagi, deyarli yorib bo‘lmaydigan himoyaga tayangan Ispaniya yetib bordi. Lekin Hymes uchun turnirning eng yirik g‘alabalari maydon tashqarisida qo‘lga kiritildi.

Shaharlar jamoalarni quchoq ochib kutib oldi, mehmon muxlislar esa o‘z navbatida shu shaharlarni “o‘zlashtirdi”. Kansas City, Kansas va Missouri shtatlarida aljirlik, argentinalik va ingliz muxlislarining qabul qilinishi bunga yorqin misol bo‘ldi.

Ba’zan mehmonlar shunchaki stadionni emas, butun shaharning kayfiyatini egallab oldi. O‘yin oldidan yurishlar, New Yorkdagi Times Square’ni o‘nlab, yuzlab muxlislar “egallashi”, Bostonni “quruq qoldirgan” shotland muxlislari – eng esda qolar lahzalar ko‘pincha final hushtagi emas, ko‘cha shovqini bilan o‘lchandi.

Norvegiya muxlislari “Row With Me” raqsini o‘yin paytida ham, undan keyin ham takrorlab, o‘ziga xos sahna yaratdi. Ularning ichida barabanni kim chalardi? Erling Haaland.

Hymes uchun Haaland alohida obrazga aylandi: u Texasni, umuman Amerika madaniyatini chin dildan qabul qilgan yulduz sifatida tilga olinadi.

MetLife sahnasidagi ilk “super-tanaffus”

Madaniyat deyilganida, albatta, MetLife Stadium’dagi final tanaffusidagi shou ham chetda qolmaydi. 19 iyul, East Rutherford. Oddiyda 15 daqiqa bo‘ladigan tanaffus bu safar 27 daqiqaga cho‘zildi.

Maydonda esa pop va futbol ikonalarining aralash sahnasi: Madonna, Shakira, BTS, Justin Bieber, Ronaldinho va Ronaldo.

Ko‘plab an’anaviy futbol ixlosmandlari bunga shubha bilan qaradi. Hymesning fikricha, shou ularning qo‘rquvini tarqatdi – endi bu format kelajak mundiallar uchun talabga aylanadi. Futbolning eng konservativ maydonlaridan biri bo‘lgan Jahon chempionati finali ham “super bowl” uslubidagi tanaffusni qabul qila oldi.

Uch mamlakat – bitta sahna

AQSh, Meksika va Kanada – uch davlat, bitta turnir. Hymes bu hamkorlikni turnirning eng muhim siyosiy natijalaridan biri deb biladi.

AQSh 11 stadionni, Meksika 3, Kanada 2 arenani taqdim etdi. Logistika, xavfsizlik, siyosiy aloqalar – barchasi sinovdan o‘tdi. Finalda medallarni AQSh prezidenti Donald Trump, Meksika prezidenti Claudia Sheinbaum va Kanada bosh vaziri Mark Carney birgalikda topshirgani ramziy lahza bo‘lib qoldi.

Hymes buni “uch davlat o‘rtasidagi munosabatlar uchun kuchli signal” deb baholaydi. Sport bu yerda yana bir bor eng samarali ko‘prik bo‘lib xizmat qildi.

Cape Verde – xaritada yangi nuqta, sahnada yangi hikoya

2026 yilgi mundial amerikaliklarga dunyoni boshqacha ko‘rsatdi. Eng yorqin misollardan biri – Cape Verde.

Afrika jamoasi ilk bor kengaytirilgan (48 jamoali) format tufayli Jahon chempionatiga chiqdi va hech kimni befarq qoldirmadi. Uchta guruh o‘yini – uchta durang. Ulardan biri – kelajak chempion Ispaniyaga qarshi 0:0.

Round of 32 bosqichida ular Lionel Messi boshchiligidagi Argentina bilan qo‘shimcha bo‘limlargacha kurashib, shundan keyingina turnirni tark etdi.

Ko‘pchilik Cape Verde’ni hatto xaritada ham topa olmasdi. Endi esa bu kichik davlat “turnirning eng iliq hikoyalaridan biri” sifatida tilga olinmoqda. Hymes uchun bu – ko‘proq jamoaga yo‘l ochishning eng yaxshi dalili. Yangi mamlakatlar sahnaga chiqdi, tomoshabinlar esa ularning madaniyatiga qiziqa boshladi.

USMNT: ichkaridagi impuls

AQSh terma jamoasi ham bu mundialda o‘z rolini bajardi. Maydondagi natijalar – tarixiy bo‘lmasa-da, sezilarli: guruh bosqichida ikki g‘alaba (Jahon chempionati tarixida atigi ikkinchi marta), turnir bo‘yicha uchta g‘alaba ilk bor qayd etildi, jamoa pley-offga chiqdi.

Round of 16 bosqichida esa Belgium 4:1 hisobida yo‘lni to‘sdi.

Shunga qaramay, mamlakat ichidagi rezonans kuchli bo‘ldi. Hymes Washington, D.C. dagi National Mall’dagi Fan Fest maydonlarida to‘lib-toshgan olomon, katta ekranlar oldidagi birlashgan tomoshabinlarni kuzatdi.

Uning ta’kidlashicha, bu jarayon futbolni AQShda qayta qurish bo‘yicha ramziy dars bo‘ldi. Futbol 1970-yillardan buyon yoshlar orasida eng ko‘p o‘ynaladigan sport bo‘lib keladi, ammo professional darajada ko‘pchilik boshqa yo‘nalishlarga og‘ib ketadi. Bu mundial esa – stadion ichida ham, tashqarisida ham – futbolga bo‘lgan ehtiyojning qay darajada kuchli ekanini ko‘rsatdi.

1994 dan 2026 gacha: MLS va yangi sakrash nuqtasi

1988 yilda FIFA 1994 yilgi Jahon chempionatini AQShga berganida, mamlakatda oliy liga yo‘q edi. Talab qo‘yildi: mundialdan so‘ng birinchi divizionni yo‘lga qo‘yish kerak.

1996 yilda Major League Soccer 10 klub bilan ish boshladi. Bugun u 30 klubga yetdi.

Endi savol: 2026 yilgi mundial qanday iz qoldiradi?

Hymesning javobi aniq: bu safar ta’sir, avvalo, xorijlik futbolchilar qarorida seziladi. Unga ko‘ra, bu turnir AQShda chinakam, barqaror muxlis bazasi borligini ko‘rsatdi. Endi karyerasining cho‘qqisidan biroz pastga tushayotgan, lekin hanuz tomoshabin jalb eta oladigan yulduzlar uchun MLS va boshqa ligalar jiddiy variant sifatida ko‘rinadi.

Pul oqimi va adolat savoli

FIFA bu mundialdan taxminan 15 milliard dollar atrofida daromad olishi kutilayotgani haqida xabarlar bor. Hymes bu yerda bitta keskin savolni qo‘yadi: bu pullarning bir qismi mezbon mamlakatga qaytishi kerak emasmi?

Uning pozitsiyasi qat’iy: ha, qaytishi kerak.

Sabab oddiy – AQSh sport bozori raqobatga to‘la. Futbol bu yerda amerika football, basketbol, yengil atletika, baseball va boshqa ko‘plab sport turlariga qarshi kurashadi. Agar FIFA milliardlarni olib ketib, mezbon infratuzilma va futbol tizimiga qaytarmasa, o‘sish sur’ati sekinlashishi mumkin.

2038 – juda erta orzu yoki mantiqiy davommi?

Yana bir mavzu allaqachon muhokamada: 2038 yilgi World Cup’ni yana AQShda o‘tkazish ehtimoli.

Hymes bu borada ehtiyotkor. Uning fikricha, hech bir mamlakat ketma-ket yoki juda qisqa oraliqda mundialni o‘zida qabul qilmasligi kerak – futbol global o‘yin, turnir ham sayyorani aylanib yurishi lozim.

Shu bilan birga, u bitta faktni eslatadi: AQSh global sport tadbirlarini qabul qilish bo‘yicha tarixidagi uchinchi eng uzun “qurg‘oqchilik” davridan chiqib bormoqda. So‘nggi katta voqea – 2002 yilgi Salt Lake City Olimpiadasi.

Endi esa butun o‘n yillik sport chempionatlari bilan to‘lmoqda. 2026 dan 2034 gacha bo‘lgan chiziq – keyingi mundial uchun juda mantiqiy tayyorgarlik davri bo‘lib ko‘rinadi. Ayniqsa, prognozlar futbolning mashhurligi bu davrga kelib yanada oshishini ko‘rsatayotgan bir paytda.

“Amerikaning sport o‘n yilligi”: imkoniyat va sinov

Hymes “American Decade of Sports Act”ni shunchaki qonun loyihasi emas, balki sinov sifatida ko‘radi.

Uning fikricha, bu o‘n yillik eng yaxshi holatda AQShga bir nechta frontda foyda keltirishi mumkin:

  • jamoatchilik diplomatiyasini zamonaviylashtirish
  • hukumat va sport industriyasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash
  • mezbon shaharlarda iqtisodiy va fuqarolik faolligini oshirish
  • dunyoga o‘zini ishonchli, bog‘langan va ochiq mamlakat sifatida ko‘rsatish

Yana bir nozik nuqta: sportni “jiddiy ishlar”dan chalg‘ituvchi emas, balki aynan o‘sha jiddiy jarayonlar kechadigan maydonlardan biri sifatida qabul qilish. Siyosat, iqtisod, diplomatiya – bularning barchasi bugun stadionlar soyasida ham hal bo‘lyapti.

Ammo Hymes ogohlantiradi: bu natija avtomatik emas. Katta turnirlar o‘n yilligi o‘z-o‘zidan ustunlikka aylanmaydi. Buning uchun mamlakat sportni kengroq strategik kun tartibining bir qismi sifatida ko‘ra olishi kerak.

2026 yilgi World Cup – faqat boshlanish. Savol endi boshqacha: AQSh bu ochilgan eshikdan kirib, global mavqeini, iqtisodini va milliy maqsad tuyg‘usini qayta shakllantira oladimi yoki bu o‘n yillik navbatdagi yo‘qotilgan imkoniyatga aylanadimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling