Alejandro Balde va Hansi Flick: Qiyin Savol
Yozgi transfer oynasining oxirgi kunlari yaqinlashar ekan, Barcelona atrofidagi shovqin susaymayapti. Markazda esa bitta savol: Alejandro Balde qoladimi yoki ketadimi?
Yosh chap qanot himoyachisi klubda o‘zini baxtli his qilayotgani aytilmoqda. Lekin bu hafta u agenti bilan uchrashdi. Bu tasodif emas. Ayniqsa, João Canceloning to‘liq transfer asosida qaytishi fonida, Baldening mavsumdagi roli keskin o‘zgarishi mumkin.
Shu fon’da Manchester Unitedning qiziqishi ham havoda osilib turibdi. Balde uchun eshik yopilmagan. Aksincha, ochiq. Savol faqat bitta: u bu eshikdan chiqib ketadimi yoki ichkarida jang qilishni tanlaydimi?
Flickning javobi – diplomatik emas, tamoyilli
Shanba kuni matbuot anjumanida Hansi Flickdan Balde haqida so‘rashdi. Murabbiy istasa, odatiy, yumshoq javob bilan cheklanishi mumkin edi: “Men Baldeni yaxshi ko‘raman, uni bu yerda ko‘rishni xohlayman.” Shunday qilmadi.
U boshqacha yo‘l tanladi.
"Bu qiyin savol, chunki u ulkan sifatga ega futbolchi, va uning o‘z pozitsiyasida raqobatlasha olishiga ishongan-ishonmaganini bilish muhim. Men barcha futbolchilarimdan shuni ko‘rmoqchiman. Har kuni ular nima qilayotganini, darajasini, o‘yin uchun yetarli ekanini ko‘rsatishyaptimi-yo‘qmi, shuni kuzataman. Oxir-oqibat biz jamoa bo‘lib o‘ynashimiz kerak; faqat shunda muvaffaqiyatga erishamiz. Menga hamma yuz foiz kerak."
Bu so‘zlar ortida aniq pozitsiya yotibdi. Flick Baldeni maqtash bilan cheklanmayapti. U unga savol tashlayapti. “Sen bu klubda pozitsiyangni himoya qilishga tayyormisan? Raqobatdan qo‘rqmaysanmi?”
Murabbiy uchun javob oddiy: kimdir zaxira roliga ko‘nikib, faqat navbatini kutib yuradigan bo‘lsa, bu Barcelona uchun yetarli emas.
Chap qanotdagi urush
Balde uchun bu mavsum oson bo‘lmaydi. Cancelo qaytdi. Tajribali, ko‘p pozitsiyada o‘ynay oladigan, murabbiylar ishonchini tez qozonadigan futbolchi. Flick esa har bir pozitsiyada maksimal raqobat bo‘lishini xohlaydi.
Demak, chap qanot – bu endi qulay hudud emas, jang maydoni.
Flickning ohangi ham shuni ko‘rsatdi: bu yerda nomlar emas, har kuni mashg‘ulotda ko‘rsatilgan daraja hal qiladi. Kimdir “men ‘La Masia’dan chiqqanman, yoshman, istiqbolli futbolchiman” degan maqomga suyanib qolsa, o‘yin vaqtini yo‘qotadi.
Balde oldida ikkita yo‘l turibdi: Barcelonada o‘z o‘rnini tish-tirnog‘i bilan himoya qilish yoki yangi sahifa ochish. Masalan, Manchester Unitedda.
“Zaxirachi bo‘lishga rozi bo‘lsang, bu yer sen uchun emas”
Flickning fikrlaridan bitta xulosa ravshan ko‘rinadi: u bu jamoada “shunchaki tarkib a’zosi” bo‘lib yuradigan futbolchi istamaydi. U ochko‘z, o‘yin vaqtiga chanqoq, o‘zini isbotlashga majbur bo‘lgan futbolchilarni xohlaydi.
Balde hozircha ochiqchasiga hech narsa demadi. Lekin agent bilan uchrashuv, Cancelo transferi, murabbiyning matbuotdagi bayonoti – bularning barchasi bitta nuqtada tutashadi. Qaror yaqinlashyapti.
Bu qaror nafaqat uning kelajagini, balki Barcelona chap qanotidagi kuch muvozanatini ham o‘zgartiradi. Flick esa allaqachon o‘z talabini aytdi:
Yuz foizga tayyormisan yoki bu klubni tark etasan?






