Alejandro Balde: Old Trafforddan Camp Nou zaxirasiga
Yozgi transfer oynasining so‘nggi kunlari. «Manchester United» chap qanot himoyachisi izlaydi, «Barcelona»da esa bir ism atrofida shov-shuv: Alejandro Balde. Ispaniyalik yosh yulduzning «Old Trafford»ga ijaraga ko‘chib o‘tishi haqidagi gap-so‘zlar ancha jiddiylashgandi.
Ammo bitim amalga oshmadi. Balde Kataloniyada qoldi. Hikoyaning qiziq joyi esa endi boshlanyapti.
Flickning tanlovi: tabiiy chap qanot bor, lekin o‘ynamaydi
«Barcelona» yangi Yevropa mavsumini shov-shuvli tarzda ochdi: «Feyenoord» ustidan 5:1 hisobidagi ishonchli g‘alaba. Bunday kechalarda odatda yosh, tezkor, tabiiy chap qanot himoyachisi uchun maydon eshiklari ochilishi kerakdek tuyuladi.
Lekin Hansi Flick boshqa yo‘lni tanladi. U sobiq «Manchester City» himoyachisi Joao Cancelo’ni chap qanotga o‘tkazdi. Balde esa butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida qotib qoldi.
Bu bir martalik qaror emas. Yozda «United» uni ijaraga olmoqchi bo‘lganidan beri Flick uni umuman ishlatmayapti. Mavsumning hozirgacha bo‘lgan barcha uchrashuvlarida Balde faqat zaxira daftarida – maydonda esa bir daqiqa ham yo‘q. Bunday manzara bitta xulosani beradi: hozircha u «Blaugrana» uchun asosiy figura emas.
«Boshini tozalab olsin» – Flickning ochiqcha xabari
Flick bu sovuqlikni yashirmadi. U yaqinda 22 yoshli himoyachidan ko‘proq fidoyilik kutayotganini, o‘z o‘rnini o‘zi tortib olishi kerakligini aytdi.
La Liga startida, «Elche» ustidan ilk g‘alabada Balde umuman qaydnomaga kiritilmadi. O‘sha payt Flickdan uning kelajagi haqida so‘rashdi. Javob aniq bo‘ldi:
«Yo‘q, men undan ketishini so‘rayotganim yo‘q», – dedi u. – «Bugun ertalab nimadir joyida emasdek tuyuldI. U bilan gaplashdim va: “Hozir menda shunday tuyg‘u bor, o‘ylashimcha, senga boshni tozalab olish, fikrlarni tartibga solish yaxshiroq bo‘ladi, ertaga yana gaplashamiz”, dedim».
Murabbiyga ko‘ra, Balde bunga o‘zi ham rozi bo‘lgan. «U ham rozi bo‘ldi, chunki boshida juda ko‘p narsa aylanib yuribdi, shuning uchun ham bugun bu yerda emas», – deya tushuntirgan Flick.
Shundan keyin Balde yana jamoaga qaytdi, lekin bu faqat rasmiy ravishda. Maydonga esa hanuz bir qadam ham tashlamadi.
«United»da chap qanot bo‘shab qolsa-chi?
Bu voqealar fonida «Manchester United»dagi vaziyat yanada qiziq ko‘rinadi. Michael Carrick ixtiyorida hozir faqat bitta tajribali chap qanot himoyachisi bor – Luke Shaw.
Agar u jarohat olsa, variantlar unchalik ko‘p emas. Carrick Lisandro Martinezni chap qanotga surishi, yoki Noussair Mazraoui yoki Diogo Dalot’ni o‘ngdan qarama-qarshi tomonga ko‘chirishi kerak bo‘ladi. Bunday yamoq yechimlar yuqori bosim ostidagi mavsumda xavfli o‘yin.
Bugunoq yangi yo‘l sinab ko‘rilishi mumkin. «United»ning «Old Trafford»dagi Champions League uchrashuvi arafasida Shaw mashg‘ulotda ko‘rinmadi. Carrick uning «Sabah»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligini, dam olishini va hafta oxiridagi Manchester derbisi uchun asralayotganini aytdi.
Murabbiy shunday dedi: «Biz unga bugun shunchaki qo‘shimcha tiklanish kuni berdik. Ertaga ahvolini ko‘ramiz. Bu uzluksiz muammo yoki oldindan rejalashtirilgan narsa emas. O‘tgan o‘yindan keyingi yuklama bilan bog‘liq xolos. Odatdagidek, har bir futbolchining o‘ziga xos holatlari bor, biz ularni boshqaramiz».
Demak, «United» chap qanotida nozik chiziq paydo bo‘lmoqda. «Barcelona»da esa aynan shu pozitsiyada o‘ynashga tayyor, lekin zaxirada qolayotgan Balde bor.
Yozda «Old Trafford» eshigigacha kelib, o‘tmay qolgan bu transfer qishda qayta ochiladimi? Savol hozircha ochiq. Balde esa hozircha zaxira skamyasidan maydonni tomosha qilishda davom etyapti.






