UZB SPort

Alejandro Garnacho yangi ranglarda Aston Villa uchun o‘ynadi

Alejandro Garnacho nihoyat yangi ranglarda ko‘rinish berdi. Unai Emery boshchiligidagi Aston Villa pre-sezonni Jakarta shahridagi Gelora Bung Karno Stadiumda boshlab, Indonesia All Stars ustidan 3:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi va argentinalik vinger ilk daqiqalardanoq maydonga tashlandi.

22 yoshli futbolchi chap qanotda asosiy tarkibda start oldi, 45 daqiqa harakat qildi va tanaffusda almashtirildi. Hisobni Emi Buendia ochdi, Ross Barkley va Brian Madjo ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Garnacho esa bu safar gollar bilan emas, balki ohangini yo‘qotib qo‘ygan karerasini qayta yo‘lga qo‘yish istagi bilan e’tibor markazida bo‘ldi.

Manchester Uniteddan Chelsea safiga 40 million funt evaziga ko‘tarinki kayfiyatda ko‘chib o‘tgan yulduz uchun London davri kutilgan portlashni bermadi. Notekis o‘yin, ishonchning yo‘qolishi, ritmni topa olmaslik – hammasi uni chetga surib qo‘ydi. Biroq Villa Parkda unga boshqa rol yozilgandek.

Emery bu transfer bilan xavfga ham, imkoniyatga ham qo‘l cho‘zdi. Garnacho bir mavsumlik ijarada, ammo shartnomada maydonga tushish soniga bog‘langan 43 million funtlik majburiy sotib olish bandi bor. Demak, agar u o‘ynasa va o‘zini ko‘rsatsa, bu hikoya Aston Villaning uzoq muddatli rejasiga aylanadi.

Garnacho klubdagi ilk intervyusida nega Chelsea’dan ketishga majbur bo‘lganini yashirmadi. U ochiq gapirdi, evropalik yirik sahnaga qaytish istagini yashirmadi.

“Men uchun Yevropa musobaqalarida o‘ynash ham muhim”, – dedi u. “O‘zimga ishonch qaytaradigan, Manchester Uniteddagi ilk yillarimdagi futbolchimga o‘xshash holatimni topishimga yordam beradigan klub izladim”.

Bu so‘zlar shunchaki diplomatik ibora emas edi. U yangi bosqich, yangi bosim va eng muhimi – yana eng yuqori darajadagi turnirni xohlaydi.

“Champions League’da o‘ynashga qo‘shilish ham muhim, chunki bu eng zo‘r turnir. Biz bu mavsumda unda qatnashamiz. Juda xursandman va umid qilamanki, biror muhim ish qila olamiz”, – deya davom etdi u.

Bu tanlov ortida faqat turnir nomi emas, murabbiy fig‘urasi ham turibdi. Unai Emery uning uchun oddiy taklif emas, yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ldi. Argentinalik futbolchi tanlovida ispan mutaxassisning o‘rni katta bo‘lganini tan oldi: Emery unga “bu yerda bo‘lish uchun kerakli ishonchni berganini” aytdi.

Bu hurmat bir tomonlama emas. Emery ham Garnacho transferi ortidan hissiyotlarini yashirmadi. Klub mediasiga bergan intervyusida u argentinalik vingerga bahosini aniq qo‘ydi: “Biz Alejandro’dan juda mamnunmiz. U juda iqtidorli, yosh va bizga yordam bermoqchi ekanini ko‘rsatdi. Biz juda xursandmiz”.

Endi esa gap qog‘ozdagi rejalar haqida emas, maydondagi uyg‘unlik haqida ketadi. Jakarta o‘yini – bu faqat boshlanish, murabbiy uchun esa yangi tarkibni sinab ko‘rish maydoni.

“Bu yerda o‘zimizni baxtiyor va qulay his qilyapmiz”, – dedi Emery VillaTV’ga. “Birinchi ikki haftani Birminghamda o‘tkazdik, ishimizni bajardik. Endi bu yig‘in juda muhim – qanday qilib jismoniy holatga kelishimiz, yangi futbolchilarga moslashishimiz… Barcha muxlislarimizga aytmoqchiman: biz qaytyapmiz, yangi ruh bilan, yangi bobni shu yil yozamiz. Haqiqatan ham hayajondaman”.

Jakartadagi 45 daqiqa Garnacho uchun faqat kirish sahifasi bo‘ldi. Uning haqiqiy sinovi esa Champions League kechalarida, Premier League bosimi ostida, Villa Park chiroqlari ostida boshlanadi. Shu safar u o‘sha “birinchi yillardagi futbolchi”ga qayta oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling