Alverca: o‘yinni o‘zgartirishga kelgan klub
Portugaliya futbol piramidasida so‘nggi yillarda eng baland sakrashlardan birini kim amalga oshirdi, desangiz, javob aniq: Alverca. Bir necha yil ichida egalarini almashtirdi, butun tarkibni yangiladi, ustiga ustak, dunyoning eng mashhur futbolchilaridan birini hammuassis sifatida jalb qildi. Klub sport direktori Fernando Malta buni qisqa qilib aytadi: ular “o‘yinni o‘zgartirmoqchi”.
Benfica soyasidan qaytish
Tarixan Alverca yaqinidagi yirik qo‘shni – Benfica uchun bir necha bor “satelit” klub vazifasini bajargan. 1998 yilda ilk bor oliy ligaga ko‘tarilgan jamoa 2005 yilda qimmatga tushgan tushishdan so‘ng butunlay tarqab ketdi. Shundan keyin klub qayta tuzildi, hududiy ligalarda sekin-asta yo‘l bosib, ketma-ket ikki marta ko‘tarilish orqali 2025 yilda yana Portugaliya oliy ligasiga qaytdi.
Ammo bu tezkor parvozning narxi bor edi. O‘sha paytdagi egalar – Vicintin oilasi – allaqachon yuqori divizionda boshqa klubga egalik qilardi. Alverca’ni Ricardo Vicintin boshqarar, Santa Clara esa uning o‘g‘li Bruno qo‘lida edi. Ikki klub bir ligada to‘qnash kelishi muqarrar bo‘lib qolgandi.
“Qanday qilib ota o‘g‘liga qarshi chiqadi? Men yurak haqida gapiryapman”, degandi o‘sha paytda Ricardo. “O‘g‘lim sevgan jamoaga qarshi o‘ynashga hech qachon chiday olmasdim. Otaning vazifasi – bolalarini o‘stirish. Men bundan mustasno emasman.”
Yurakdan tashqari, qonun ham bor edi: bir xil divizionda ikki klubga egalik qilish taqiqlangan. Shunday vaziyatda sahnaga yangi ism chiqdi.
Vinícius Júnior sahnaga kirib keladi
2025 yil fevralida, Alverca oliy liga yo‘lini deyarli yakunlab bo‘lgan pallada, Real Madrid yulduzi Vinícius Júnior boshchiligidagi investorlar guruhi klubni sotib oldi. Bu – nafaqat kapital, balki diqqat markaziga qaytish uchun kuchli signal edi.
Viníciusning agenti Thassilo “Tata” Soares – asosiy aksiyador. O‘yinchining o‘zi esa biroz chekinik, masofadan turib ishtirok etadi. Malta buni sodda qilib tushuntiradi: “Bizning Vinícius bilan munosabatimiz masofaviy. Biz uni klubning eng mashhur muxlisi deymiz.”
Ismning o‘zi yetarli emasdek, boshqa yulduzlar ham qo‘shildi. Uning Real Madrid’dagi jamoadoshi Eduardo Camavinga va qo‘shiqchi Travis Scott klubga “kommunikatsiya va marketing” bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Ular kundalik ishga aralashmaydi, lekin bitta narsa aniq: bu nomlar Alverca’ni reklama qiladi va ayniqsa akademiya darajasida yangi futbolchilarni o‘ziga tortadi.
Futbolchilarning klublarga sarmoya kiritishi endi odatiy holga aylanib bormoqda. Real Madrid darvozaboni Thibaut Courtois Le Mans’ga pul tikdi – ular ham birinchi divizionga ko‘tarildi. Kylian Mbappé uchun esa bunday tajriba unchalik muvaffaqiyatli kechmadi: uning SM Caen jamoasi o‘tgan yili Fransiya futbolining uchinchi pog‘onasiga tushib ketdi va bu Frantsiya terma jamoasi sardoriga qarshi noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Yana bir yo‘nalish – sobiq Real Madrid yulduzlari. Luka Modric Swansea’da, Cristiano Ronaldo esa Ispaniyadagi Almería hammuassisi. Braziliyalik sobiq hujumchi Ronaldo esa bir paytlar Real Valladolid va o‘zining tug‘ilgan shahri klubi Cruzeiro’ning asosiy aksiyadori bo‘lgan.
35ta transfer va butunlay yangi kiyinish xonasi
Vinícius o‘tgan mavsum boshida Benfica’ga qarshi o‘yinda tribunada bo‘ldi. U ko‘rgan narsa – bir-birini deyarli tanimaydigan futbolchilardan yasalgan jamoa. Sababi oddiy: o‘tgan mavsum yozida Alverca rekord o‘rnatdi – 35 nafar yangi futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Portugaliya futboli tarixida bunday transfer bozorini hech kim ko‘rmagandi.
Bu keskin yangilanish majburiy edi. Avvalgi tarkibning katta qismi Santa Clara’dan ijaraga olingan futbolchilardan iborat bo‘lib, ular ketma-ket tarqalib ketdi. Mavsum startiga kelib, o‘tgan yilgi jamoadan atigi bitta o‘yinchi qolgan edi – u ham qishda ketdi.
“Telbalik”, deydi klub bosh skauti Dominique Castro o‘sha transfer oynasini eslab. Buni kiyinish xonasidan qaraganda ham his qilish mumkin edi. Wolves’dan kelgan yosh markaziy himoyachi Bastien Meupiyou shunday deydi: futbolchilar “kutilganidan oshib tushishdi”.
“Bizning jamoamiz butunlay yangi o‘yinchilardan tuzilgan edi. Hech kim bir-birini tanimasdi, lekin tabiiy ravishda moslashdik, tezda til topishdik”, deydi u.
Portugaliyada ko‘pchilik ularni butun mavsumni tushish zonasida o‘tkazadi, deb kutdi. Malta eslaydi: “Hamma bizni quyi pog‘onaga tushish uchun kurashadigan jamoa deb bilar edi.” Natija esa boshqacha bo‘ldi. Alverca mavsumni 11-o‘rinda yakunladi. Santa Clara esa ulardan ikki pog‘ona pastroqda tugatdi. Alverca uchun bu kichik, lekin yoqimli ramziy g‘alaba edi.
Golden Boy nomzodi va biznes modeli
Mavsumning yulduzi – aynan o‘sha Bastien Meupiyou. U bu yilgi Golden Boy mukofoti uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan. Malta uni qisqa ta’riflaydi: “Bu – har qanday yuqori darajadagi klub bilishni istaydigan futbolchi.”
20 yoshli markaziy himoyachi yozda ketadigan bo‘lsa, Alverca tarixidagi eng katta transferga aylanishi mumkin. U klubning asosiy strategiyasini mukammal aks ettiradi: iste’dod topish, rivojlantirish va keyin katta pulga sotish.
Portugaliya – talantlar koni. Lusofon aloqalar tufayli bu mamlakat Yevropaga kelayotgan yosh braziliyaliklar uchun tabiiy ko‘prik vazifasini bajaradi. Alverca egalari Braziliyadagi Minas Gerais hududida joylashgan Athletic Club bilan aloqalar o‘rnatgan. Yana bir manba – dunyodagi eng serhosil futbol hududlaridan biri sanaladigan Île-de-France.
Castro avval Lens klubida bosh skaut bo‘lgan, shuning uchun fransuz bozorini ichidan biladi. Uning fikricha, Île-de-France va São Paulo dunyodagi eng yaxshi yosh futbolchilarni yetishtiradigan ikki mintaqa. Fransiyada iste’dod shunchalik ko‘pki, barcha akademiyalar va klublar bu salohiyatni to‘liq ishlata olmaydi. Natijada, ayrim o‘yinchilarga yagona yo‘l qoladi – ketish. Ularning ko‘pi chet el hayotiga tez moslashadi, turli madaniyatlar bilan ulg‘aygani uchun yangi muhitdan qo‘rqmaydi.
Alverca aynan shu “ortiqcha” talantdan mohirona foydalanmoqda. Portugaliya oliy ligasida faqat bitta klub – Gil Vicente – fransuz futbolchilari soni bo‘yicha ulardan o‘zib ketgan.
Malta buni ochiq tan oladi: “Biz hajm jihatidan katta klub emasmiz, shuning uchun skauting va ma’lumotlardan ijodkorona foydalanishimiz kerak. Klubning asosiy maqsadi – oliy divizionda qolish, ikkinchi maqsad esa futbolchilarni sotish. Bu liga egalari uchun iqtisodiy jihatdan barqaror emas.”
“Katta uchlik” soyasida realistik ambitsiya
Alverca’da bugun ikki so‘z asosiy tamoyilga aylangan: barqarorlik va omon qolish. Malta hech ikkilanmay aytadi: u “hech qachon” Portugaliyaning eng yirik klublari bilan chempionlik uchun kurashishni maqsad qilmaydi, chunki “ular boshqa liga vakillari”.
Bu taslim bo‘lish emas, bu – real holatni to‘g‘ri baholash. Portugaliya futbolida “katta uchlik” – Benfica, Porto va Sporting – 92 yil ichida atigi ikki marta chempionlikni qo‘ldan boy bergan: 1946 yilda Belenenses, 2001 yilda Boavista bu devorni yorib o‘ta olgan xolos. Statistikani bir jumlada jamlash mumkin: mutlaq hukmronlik.
Alverca bu piramidaning qayerida turganini juda yaxshi biladi. Baribir ular ishonch bilan oldinga qaraydi. Malta shunday deydi: “Yangi narsalar uchun joy bor. Biz uslubimizga qat’iy ishonamiz va o‘yinni o‘zgartiruvchi klub bo‘lishimizga ishonganmiz.” Uning ilhom manbai – so‘nggi yillarda yuqoriga ko‘tarilgan Braga.
Yillar davomida yirik, mashhur klublar soyasida yashagan bu kichik jamoa bugun boshqa sahnada. Orqasida katta ismli investorlar, qo‘lida aniq reja, oldida esa ancha murakkab, lekin qiziqarli yo‘l bor.
Savol endi bitta: Alverca Portugaliya futbolidagi qat’iy ierarxiyani chindan ham titrata oladimi yoki ular uchun eng katta g‘alaba – bu tizim ichida o‘yin qoidalarini o‘zgartirish bo‘ladimi?







