UZB SPort

Ancelotti uchun achchiq saboq: Braziliyaning mundiali suv tanaffusida yutqazilishi

Carlo Ancelotti hali ham o‘sha lahzaga qayta-qayta qaytyapti. Norvegiyaga qarshi o‘yin, ikkinchi bo‘lim, suv ichish uchun berilgan qisqa tanaffus. Uningcha, Braziliya 2026 yilgi jahon chempionatini aynan o‘sha yerda yutqazdi.

Braziliya 1/8 finalda Norvegiyadan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 2002 yildan beri kutilayotgan oltinchi chempionlik yana qo‘ldan chiqdi. Bu safar bahs markazida hakam qarorlari yoki penaltidan boy berilgan imkoniyatlar emas, balki murabbiyning o‘zi turibdi.

“Biz mundialni suv tanaffusida yutqazdik”

Ancelotti o‘zini ayamay tanqid qildi. U o‘sha tanaffus paytida o‘yinning ritmini noto‘g‘ri o‘qiganini tan oldi.

U “ESPN” telekanaliga shunday dedi: yil davomida bajarilgan ish, logistika, yig‘inlar, mashg‘ulot bazasi, mehmonxona – hammasidan mamnun. Uning fikricha, chaqirilgan 26 nafar futbolchi ham turnir uchun eng to‘g‘ri tanlov bo‘lgan.

Shu bilan birga, rejani sindirgan asosiy omil – jarohatlar. Ancelotti sanab o‘tdi: Éder Militão, Rodrygo, Estêvão, Wesley, mundial arafasida va turnir chog‘ida esa Raphinha safdan chiqqan. Reja o‘zgardi, variantlar qisqardi.

Shunga qaramay, u o‘z nuqtasida qat’iy: hal qiluvchi xato suv tanaffusidan keyin qilingan.

“Biz jahon chempionatini Norvegiyaga qarshi o‘yindagi suv tanaffusi paytida yutqazdik. Nega? Chunki o‘sha paytgacha jamoa o‘yin oqimini nazorat qilib turardi”, — deydi u.

Norvegiya to‘pni ko‘p ushlab turgani, ayniqsa o‘z maydonida paslar aylantirgani murabbiyni chalg‘itgan. Ular Angliyaga qarshi ham xuddi shunday o‘ynadi: to‘p nazorati, ritmni bo‘g‘ish, raqibni charchatish. Ancelotti o‘sha daqiqada Braziliya nazoratni boy bergan deb o‘yladi va tarkibga qo‘l soldi.

“Ehtimol, xatom shu yerda bo‘lgandir, — deydi u. — Men jamoa o‘yinni nazorat qilmayapti deb o‘yladim, aslida esa unday emas edi. O‘zgartirishlar kiritdim, so‘ng Erling Haalandning goli muammoga aylandi. Mundialda ikkinchi bo‘limning 30-daqiqasida gol yeb qo‘ysangiz, o‘yin qaytarish juda qiyin. Shunga qaramay, imkoniyatimiz bo‘lgan”.

Neymar atrofidagi bahslar

Ancelottining eng ko‘p tanqid qilingan qarori — so‘nggi daqiqalarda Neymarni maydonga tushirishi. Braziliya matbuoti va sobiq futbolchilar bu o‘zgarish jamoa muvozanatini buzganini ta’kidlashdi. Biroq italiyalik mutaxassis bu borada pushaymon emas.

U o‘z qarorini aniq asoslaydi: u Ryanni olib, o‘ng qanotga Endrickni tushirdi, Neymar esa gol yaratishi yoki individual mahorati bilan o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin deb hisoblagan. Reja oddiy: 70-daqiqalar atrofida Neymar – hal qiluvchi qurol.

Ancelotti bu g‘oyani Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham ishlatmoqchi bo‘lganini eslatadi. O‘sha uchrashuvda Braziliya to‘liq ustunlik qilgan, Yaponiya esa faqat qarshi hujumlarga tayanib o‘ynagan. Shuning uchun u Gabriel Martinellini tushirgan, Neymarni esa qo‘shimcha bo‘limlar uchun asragan. Reja: Yaponiyaga qarshi Neymarni aynan ekstra taymda maydonga tashlash.

Norvegiyaga qarshi esa hammasi boshqacha kechdi. “Neymarni biroz erta tushirdim, — deydi Ancelotti. — Maqsad o‘yinga qayta nazorat o‘rnatish edi”.

U murabbiylik kasbining og‘ir tomonini ham ochiq aytadi: qarorlar soniyalarda qabul qilinadi, bosim ulkan, xatoga joy kam. Thomas Tuchelni misol qilib keltirar ekan, Ancelotti tanqid doimiy hamroh ekanini, lekin baribir tanlov qilishga majbur ekanini ta’kidlaydi.

“U tushishi shart edi”

Italiyalik mutaxassis Neymar masalasida qat’iy pozitsiyada turibdi. Uning fikricha, hujumchi o‘sha paytda maydonga tushishi shart bo‘lgan.

“Neymar yaxshi mashg‘ulot o‘tkazdi, yaxshi tayyorlandi, ruhiy jihatdan ham to‘g‘ri kayfiyatda edi. Uning sport ruhidan mamnun bo‘ldim. U jamoaga yordam berdi, deb o‘ylayman”, — deydi Ancelotti.

Shu bilan birga, u bitta muhim detalni alohida ajratadi: Neymar tushganida, jamoa tuzilmasini o‘zgartirish shart emas edi. Ya’ni, muammo futbolchining o‘zida emas, balki taktik balansni qayta chizishda bo‘lganini bilvosita tan oladi.

Braziliya uchun bu chiqish navbatdagi yo‘qotilgan avlod, navbatdagi “agar o‘sha paytda...” degan savollarni qoldirdi. Ancelotti esa o‘sha suv tanaffusiga qayta-qayta murojaat qilaveradi.

Savol esa hanuz ochiq: keyingi safar Braziliya o‘sha bir daqiqalik tanaffusni boshqacha o‘qiy oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling