UZB SPort

Arab futboli Infantino atrofida saf tortdi

FIFA ichida xususiy sarmoya mojarosi tobora chuqurlashib borar ekan, arab dunyosidan kutilganidan ham keskinroq siyosiy ishora keldi. Olti mamlakat – 2022 yilgi Jahon chempionati mezboni Qatar va 2030 yilgi musobaqa hammeyzboni bo‘ladigan Marokash boshchiligida – Gianni Infantino nomzodini ochiq va qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

Bu bayonot shunchaki odatdagi diplomatik murojaat emas. Uchta yirik konfederatsiya – UEFA, AFC va CONCACAF – Infantino iste’fosini talab qilib chiqqan pallada e’lon qilindi. Ya’ni, FIFA ichidagi eng keskin siyosiy to‘qnashuvlardan birida arab federatsiyalari qaysi tomonda ekanini ochiq ko‘rsatdi.

Xususiy sarmoya rejasi va inqiroz

Mojoarning markazida bitta g‘oya turibdi. Shveysariyalik rahbar Jahon chempionati va boshqa FIFA musobaqalarining tijoriy huquqlaridan bir qismini ajratib, uning 20 foizini xususiy investorlarga sotishni taklif qilgan edi. Maqsad – taxminan 4,2 milliard dollar jalb qilish.

Reja shov-shuv bilan ko‘tarildi, shovqin bilan qulab tushdi. Uch konfederatsiya bu yondashuvni qabul qilib bo‘lmas, futbol boshqaruvini bozor qo‘liga topshirish xavfi sifatida ko‘rdi va Infantino iste’fosini talab qildi. Shundan so‘ng loyiha rasman qaytarib olindi.

Ammo bu bilan mojaro tugamadi. Aksincha, prezidentlik saylovi arafasida futbol siyosati yanada keskinlashdi.

Arab federatsiyalarining ochiq pozitsiyasi

Shu fon’da Qatar, Livan, Marokash, Sudan, Misr va Mavritaniya futbol assotsiatsiyalari rahbarlari birgalikda imzo chekkan bayonot paydo bo‘ldi. Ular Infantino uchun ochiqcha siyosiy “kafolat xati” berdi.

Bayonotda arab futbolining xalqlarni birlashtirishdagi o‘rni alohida urg‘u bilan tilga olinadi. Rahbarlar Gianni Infantino rahbarligiga “to‘liq ishonch” bildirishini, uning dunyo futbolini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlashini ma’lum qildi.

Bu yerda yana bir nozik jihat bor: imzo chekkan olti rahbarning to‘rttasi FIFA Kengashi a’zolari. Demak, gap faqat ramziy birdamlikda emas, balki amaliy siyosiy ta’sir haqida ham ketmoqda.

Ular Infantino tomonidan global miqyosda imkoniyatlarni kengaytirish, futbol orqali jamiyatlarni yaqinlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni alohida e’tirof etdi. Yana bir aniq signal: arab dunyosi o‘z futbolining global o‘yindagi rolini kuchaytirish niyatida va bu yo‘lda aynan shu prezident bilan ishlashni istaydi.

Yo‘q bo‘lgan 20 million va o‘tkir savollar

Infantino taklif qilgan, ammo keyin qaytarib olingan xususiy sarmoya paketi yana bir muhim raqamni o‘rtaga tashlagan edi. Rejaga ko‘ra, a’zo assotsiatsiyalarga keyingi moliyaviy davr uchun 20 million dollarlik grant va’da qilingan. Agar bitim imzolanganida, bu summa ikki baravar oshishi ham mumkin edi.

Bu pul futbol infratuzilmasi, akademiyalar, ligalar va terma jamoalar uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan o‘nlab kichik va o‘rta federatsiyalar uchun juda jozibali taklif edi. Endi esa bu mablag‘lar qog‘ozda qolgan ssenariyga aylandi.

Shunga qaramay, Infantino atrofida hanuz kuchli blok saqlanib turibdi. Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasini birlashtirgan uch konfederatsiya 211 ta a’zo assotsiatsiyaning 136 tasini ifodalaydi. Bu – saylovdagi ulkan ovoz paketi. Lekin qolganlari ham bor. Va aynan shu “qolganlar” ichida prezident uchun sodiq ittifoqchilar yetarli ekanini bugungi arab bayonoti yana bir bor ko‘rsatdi.

Saylovga tomon: chiziqlar aniq chizilmoqda

Mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentlik sayloviga hali vaqt bor, lekin chiziqlar allaqachon chizilgan. Bir tomonda xususiy sarmoya modeliga qarshi chiqqan, boshqaruv va nazoratni qo‘ldan boy berishdan qo‘rqqan konfederatsiyalar. Ikkinchi tomonda esa global taqsimotdan ko‘proq ulush olishni, FIFA mablag‘laridan kengroq foydalanishni istayotgan, infratuzilma va rivojlanishga qattiq bog‘langan federatsiyalar.

Arab dunyosining bugungi bayonoti – ikkinchi lagerning eng baland va eng siyosiy ohangdagi ovozlaridan biri. Qatar va Marokash kabi yirik turnir mezbonlari imzosi esa bu signalni yanada og‘irlashtiradi.

Endi savol bitta: bu ochiqcha qo‘llab-quvvatlash to‘lqini Gianni Infantino uchun yetarlimi yoki UEFA, AFC va CONCACAF bosimi saylov kuni yakuniy hisob-kitobni butunlay boshqa tomonga og‘diradimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling