Arsenalda Lewis-Skelly atrofidagi shov-shuv: transfer yoki qat’iy pozitsiya?
Arsenal akademiyasining navbatdagi durdonasi bo‘lishi kutilayotgan Myles Lewis-Skelly atrofida yozgi bozor ohiri yaqinlashar ekan, shov-shuvlar kuchaydi. 19 yoshli futbolchi nomi bir necha haftadan beri Man United va Chelsea bilan yonma-yon tilga olinmoqda, ammo “Emirates”dagi rasmiy ohang hali ham bir narsani aytyapti: klub uni qo‘ldan boy bermoqchi emas.
Shunga qaramay, bu gaplar fonida Manchesterning afsonaviy hujumchisi Wayne Rooney o‘z fikrini yashirmadi. Unga ko‘ra, agar imkon tug‘ilsa, United bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligi kerak.
Rooney: “United uchun bu – mutlaq no-brainer”
Standart Sport xabariga ko‘ra, Man United va Chelsea klublariga vositachilar orqali Lewis-Skellyni qo‘lga kiritish imkoniyati taklif qilingan. Shunga qaramay, futbolchining o‘zi hozircha Arsenalni tark etish yo‘lini faol ravishda izlayotgani yo‘q, deb ta’kidlanmoqda.
Ammo bu holat Rooneyni to‘xtatmadi. U “Stick to United” podkastida fikrini aniq va keskin ifoda qildi. Uningcha, taxminan 45 million funt atrofida baholanayotgan bu transfer United uchun mantiqiy va o‘ta zarur qadam bo‘ladi.
Rooney birinchi navbatda Luke Shaw masalasiga to‘xtaldi. U butun mavsum davomida barqaror bo‘la olmasligi xavfi borligini aytib, shundan kelib chiqib Lewis-Skelly nomini oldinga surdi. Uning fikricha, chap qanot himoyasi va markaziy yarim himoyada birdek o‘ynay oladigan, yosh va istiqbolli futbolchini qo‘lga kiritish – “mutlaq no-brainer”.
U, shuningdek, Arsenalning so‘nggi yillarda katta mablag‘ sarflaganini eslatib, klub moliyaviy tomondan bunday savdoni ma’qul ko‘rishi mumkinligini tilga oldi. Akademiya bitiruvchisini sotish – sof foyda. Imidj nuqtai nazaridan yoqimsiz ko‘rinishi mumkin, lekin iqtisodiy mantiq bor. Rooney nazarida, aynan shuning uchun ham agar Lewis-Skelly bozorga chiqsa, United ikkilanmasligi kerak. Chap qanot himoyachisi – uningcha, klub uchun ustuvor pozitsiya.
Garlickning ikki qatlamli bayonoti
Rooneyning bu keskin fikrlaridan so‘ng Arsenal rahbariyati pozitsiyasi yanada muhim tus oldi. Klub bosh direktori Richard Garlick talkSPORT efirida chiqib, dastlab bu mavzuga ancha qat’iy ohangda nuqta qo‘ygandek bo‘ldi.
U Mylesning o‘tgan mavsum yakuni va yangi mavsum startidagi o‘yinini yuqori baholab, klubning asosiy maqsadi eng yaxshi futbolchilarini saqlab qolish va ular atrofida jamoani qurish ekanini aytdi. Garlick spekulyatsiyalarni tan oldi, lekin boshqa klublar qiziqishi haqida batafsil gapirishdan bosh tortdi va Arsenal Lewis-Skellydan mamnun ekanini urg‘uladi.
Shu paytga qadar hammasi aniqdek tuyuldi: yosh yulduz ketmaydi.
Ammo BBC bilan suhbatda ohang biroz o‘zgardi. Garlick bu safar eshikni batamom yopib qo‘ymadi. U nafaqat Lewis-Skelly, balki yana bir akademiya mahsuli Ethan Nwaneri haqida gapirar ekan, klub bu futbolchilarni faol ravishda sotishga urinmayotganini aytdi, lekin “to‘g‘ri imkoniyat” paydo bo‘lsa, u ham ko‘rib chiqilishi mumkinligini tan oldi.
Bu jumla hammasini o‘zgartirdi.
Arsenal uchun sinov, bozor uchun signal
Natijada vaziyat juda nozik chiziqqa kelib qoldi. Bir tomonda – klubning “biz eng yaxshi iste’dodlarimizni saqlab qolamiz” degan bayonoti. Ikkinchi tomonda – “to‘g‘ri taklif bo‘lsa, o‘ylab ko‘ramiz” degan ochiq eshik.
Bozor uchun bu aniq signal: ma’lum narxda muzokara boshlanishi mumkin. Ayniqsa, Rooney kabi figuralar United atrofida bunday fikrlarni baland ovozda aytayotgan bir paytda.
Arsenal uchun esa bu faqat transfer qarori emas. Bu – klub falsafasi, akademiyaga bo‘lgan munosabat va moliyaviy intizom o‘rtasidagi muvozanat sinovi. Myles Lewis-Skelly va Ethan Nwaneri kabi futbolchilarni saqlab qolish – sportiy loyiha uchun kuchli ishora. Ammo ularni katta pul evaziga qo‘yib yuborish – moliyaviy “fair play” va kelgusi transferlar uchun qo‘shimcha nafas.
Savol endi shunda: Arsenal o‘z kelajagini “Emirates”da quradimi yoki bozor bosimi ostida navbatdagi akademiya yulduzini ham katta sahnaga boshqa libosda chiqaradimi?






