Arteta’ning g‘alati usullari: “Arsenal”ni xaosga tayyorlash
“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta yozgi tayyorgarlik paytida klubning safar rejasini ataylab izdan chiqarganini tan oldi. Maqsad bitta bo‘lgan: yo‘lda uchraydigan har qanday noqulaylikni futbolchilar uchun odatiy holga aylantirish.
U bu “diversiya”larni mayda-chuyda detallar bilan emas, bevosita futbolchilarning kundalik ritmiga zarba berish orqali qilgan. Jamoani o‘yinlarga ataylab kechiktirish – yo‘lni o‘zgartirish, ovqatlanish vaqtini surish, kiyinish xonasini haddan tashqari issiq qilish, massaj stollari sonini kamaytirish. Hammasi bir maqsadga xizmat qilgan: futbolchilarni nazorat qilinmaydigan sharoitlarga moslashishga majbur etish.
Neapoldagi kechikish – rejalashtirilgan sinov
Yaqinda “Arsenal”ning “Napoli”ga qarshi Chempionlar Ligasi safarida bu falsafa yanada ravshan ko‘rindi. Dushanba kuni yuzaga kelgan Air Traffic Control inqirozi tufayli London klubi Luton aeroportidan taxminan soat 15:00 da uchishi kerak edi, lekin kechikishlar sababli Neapolga rejalashtirilgan vaqtdan qariyb uch soat kech yetib bordi.
Bu kechikish futbolchilarga ta’sir qildimi, degan savolga Arteta javobi bilan hammani hushyor torttirdi. U bunday vaziyatlar uchun jamoani allaqachon tayyorlab qo‘yganini aytdi.
Uning fikricha, o‘yin kuni samolyot bekor bo‘lishi, poyezd kechikishi, shahar tirband bo‘lishi – bularning bari futbolchi ongida vahima uyg‘otmasligi kerak. Samolyotda ikki-uch soat qolib ketdimi? Uchrashuvni bahona qilib shikoyat qilish emas, vaqtni foydali o‘tkazish yo‘lini topish lozim: birga o‘yin o‘ynash, suhbatlashish, uxlab olish. Eng muhimi – kechikishni bahona sifatida ishlatmaslik.
Arteta yozgi tayyorgarlikda aynan shuni mashq qilgan: odatdagi jadvalni sindirish, qulaylikni qisqartirish, kutilmagan burilishlar yaratish. Kechiktirilgan ovqat, kechiktirilgan avtobus, ataylab o‘zgartirilgan yo‘nalish – bular murabbiy tilida “moslashuv mashqlari”.
Kiyinish xonasini issiqroq qilish, massaj stollari sonini kamaytirish ham shu ro‘yxatga kiradi. U jamoani turli stadionlar, turli mamlakatlar, turli iqlimlar va sharoitlarga ruhiy jihatdan tayyorlamoqchi. Uningcha, o‘yin kuni hech qanday “kutilmagan zarba” bo‘lmasligi kerak – futbolchi allaqachon bunday noqulayliklarni boshdan kechirgan bo‘lishi lozim.
O‘g‘ri-ofitsiant, qo‘shiq va lampochka
Arteta’ning noodatiy usullari yangilik emas. O‘tgan mavsumda ham u yana bir g‘alati tajribasi bilan sarlavhalarga chiqdi. Sobiq sport fanlari va performans bo‘yicha rahbari Tom Allen orqali u maxsus o‘g‘rini yollagan. O‘g‘ri ofitsiant niqobida jamoa kechki ovqatida paydo bo‘lgan va futbolchilarning shaxsiy buyumlarini yashirincha o‘g‘irlab ketgan.
Kechki ovqatdan keyin bo‘lib o‘tgan o‘yinoldi yig‘ilishida Arteta o‘sha o‘g‘irlangan buyumlarni futbolchilarning ko‘z o‘ngiga qo‘ygan. Bu oddiy fokus emas edi. U raqibning har qanday mayda ustunlikni ham “o‘g‘irlashga” urinadigan jamoaga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Murabbiy futbolchilariga “pickpocket mentality” – ya’ni har lahzada atrofni kuzatib, ustunlikni qo‘ldan bermaslik kayfiyatini singdirmoqchi bo‘ldi.
Arteta’ning psixologik usullari shu bilan tugamaydi. Amazon Prime’ning “All or Nothing” hujjatli serialida uning yana bir nechta g‘ayrioddiy g‘oyalari ochilgan. “Anfield”ga tomoshabinlar qaytgach ilk bor safar oldidan u mashg‘ulot paytida stadionda yangraydigan mashhur “You’ll Never Walk Alone” qo‘shig‘ini baland ovozda karnaylardan qo‘ygan. Maqsad – futbolchilarni “Liverpool”ning bosim ostidagi muhitiga oldindan ruhiy tayyorlash.
Boshqa bir o‘yin oldidan esa u jamoaga lampochka bilan nutq so‘zlagan. Murabbiy futbolchilardan bir-biriga yorug‘lik va energiya ulashadigan, maydonda bir-birini “yoqib yuboradigan” jamoaga aylanishni talab qilgan.
Chegara yo‘q murabbiylik
Arteta uslubi ko‘pchilikka g‘alati ko‘rinishi mumkin. Kimgadir bu teatr, kimgadir psixologiya. U esa bitta narsani aniq biladi: eng yuqori darajadagi futbol maydondan ancha oldin, kiyinish xonasida, aeroport navbatida, kechikkan reysda boshlanadi.
“Arsenal”ning mavsum taqvimi yanada siqilib borar ekan, uzoq safarlar, zich jadval va kutilmagan muammolar fonida savol tug‘iladi: bu g‘ayrioddiy tayyorgarliklar oxir-oqibat kuboklar bilan taqdirlanadimi yoki bu faqat jasur, lekin xavfli tajriba bo‘lib qoladimi?






