Aston Martin’ning muammolari: Stroll va osma nosozligi
Budapeshtdagi birinchi mashg‘ulotdayoq Lance Stroll va uning yangilangan Aston Martin’i uchun kun izdan chiqdi. Mexanik nosozlik rasmiy ravishda hali aniqlanmagan, ammo paddokda gap bitta: bu deyarli aniq osma (podveska)dagi muammo. Jamoaning o‘zi ham shunga ishora qilmoqda.
Natija esa aniq: Stroll FP2 ga umuman chiqa olmadi. Aston Martin sessiya oldidan qisqa, ammo hammasini aytib beradigan bayonot berdi: “FP1 dagi shikastni tuzatish uchun yetarli vaqt bo‘lmadi”.
Shu tariqa, yangilangan paket ilk kunidayoq garajda qotib qoldi.
Orqa osma ostidagi sir
Texnik tahlilchi Gary Anderson kuzatilgan kadrlar va suratlar asosida taxminni yanada toraytirib berdi. Gap shundaki, Stroll mashinasida aynan orqa osmaning oldingi “oyoqlari” shubha ostida.
Bu detallar tormozlanish paytida butun yukni o‘z zimmasiga oladi. Ayniqsa, mashina tezlashgan, kerblardan ko‘proq foydalanayotgan bo‘lsa, bu elementlarga tushadigan bosim keskin ortadi. Hungroringdagi agressiv kerblar buni yanada kuchaytirishi mumkin.
Anderson ta’kidlaganidek, bu qism yangi yoki joyi o‘zgargan detal emas. Ammo tezlik oshgani sari eski komponentlar ham yangi chegaraga majbur bo‘ladi. Ayniqsa, agar sozlamalarda “anti-lift” kuchaytirilgan bo‘lsa, ya’ni tormozlanishda mashinaning orqa qismi balandroq ko‘tarilmasligi maqsad qilingan bo‘lsa, bu oldingi oyoqqa tushadigan kuch yanada oshadi. U tortilish (rastyajeniye) ostida ishlaydi, ustiga-ustak pushrod yuklari ham qo‘shiladi. Natijada, juda yuqori darajada zo‘riqqan detal yuzaga keladi.
Bunday nosozliklar odatda bir lahzada paydo bo‘lmaydi. Shikastlanish trekning boshqa nuqtasida, kerb ustidan o‘tishda boshlanib, keyinroq, ko‘zga tashlanadigan darajada “uziladi”.
Bondingdagi xiyonat
Zamonaviy osma elementlari odatda bir butun emas, bo‘laklardan yig‘iladi: aerodinamik profil qismi va uchlaridagi ishlov berilgan bo‘laklar keyinroq bir-biriga yopishtiriladi. Anderson ko‘rgan suratlar asosida aynan shu yopishtirish qatlamida delaminatsiya – qatlamlarning ajralishi – ro‘y berganini taxmin qilmoqda.
Yopishtirishdagi bunday nuqson, ayniqsa yuqori yuklanish ostida, detaldan “xiyonat”ni kutish mumkin bo‘lgan eng zaif joylardan biri. Bir lahzada uzilib ketgandek ko‘rinsa-da, aslida bu ko‘pincha ko‘p aylana davomida asta-sekin yig‘ilgan charchoq natijasi bo‘ladi.
Hozircha Aston Martin rasmiy xulosa chiqarmadi. Lekin bir narsa aniq: yangilanishlar paketiga katta umid bog‘lagan jamoa uchun Hungaroringning ilk kuni reja bo‘yicha kechgani yo‘q. Endi savol bitta: ular shanba va yakshanba kunlari bu texnik zarbani qanchalik tez yengib o‘ta oladi?







