UZB SPort

Barcelona Alvarez uchun so‘nggi urinish: muddat belgilandi

“Barcelona” yangi La Liga mavsumi arafasida o‘zini g‘alati vaziyatda topdi. Klub yakshanba kuni “Elche”ga qarshi kampaniyani boshlaydi, lekin hozircha tarkibda aniq markaziy hujumchi yo‘q. Kataloniyalik gigantlar uchun bu oddiy transfer yozgi oynasi emas, balki chindan ham sinov davriga aylanib bormoqda.

Yoz bo‘yi bitta ism atrofida gap ketdi: Julian Alvarez. “Atletico Madrid” hujumchisi “Barcelona”ning asosiy nishoni bo‘lib keldi, transfer strategiyasi ham aynan uning atrofida qurildi. Ammo Madrid klubi pozitsiyasi qimirlamayapti: Alvarez sotilmaydi.

Shu nuqtada kataloniyaliklar oxirgi zarbani sinab ko‘rmoqchi. “Mundo Deportivo” xabariga ko‘ra, “Barcelona” Alvarez bo‘yicha yana bir bor rasmiy urinish qiladi. Bu – yakuniy urinish. Agar u ham muvaffaqiyatsiz tugasa, klub ortga chekinadi va yo‘nalishni o‘zgartiradi.

Eng muhim detallaridan biri – vaqt. Xabarga ko‘ra, “Barcelona” ichkarida aniq muddat qo‘ygan: keyingi ikki-uch kun. Shu oraliqda kelishuv bo‘lmasa, Alvarez varianti yopiladi va klub darhol “B-reja”ni ishga tushiradi.

Yoz davomida ehtimoliy nomlar son-sanog‘iga yetmay qoldi. Har kuni deyarli yangi hujumchi tilga olindi, transfer mish-mishlari to‘xtashni bilmadi. Endi esa navbatdagisi – Ayoze Perez. U ham “Barca”ning ehtimoliy nishonlari ro‘yxatiga kiritilgani aytilmoqda.

Alvarez atrofidagi epopiya butun yozni egallab oldi, sarlavhalar deyarli faqat u haqida bo‘ldi. Endi esa vaqt “Barcelona” foydasiga ishlamayapti. Klub yangi mavsum starti oldidan hal qiluvchi qarorga kelishi shart: oxirgi marta Alvarez uchun eshikni taqillatadimi yoki nihoyat boshqa yo‘lni tanlaydimi?

Barcelona Alvarez uchun so‘nggi urinish: muddat belgilandi