UZB SPort

Barcelona sardorlik davrining tugashi: kim keladi?

Barcelona’da sardorlik bo‘yicha butun bir davr yopilmoqda. Ter Stegen ketdi, Ronald Araujo ham Liverpool bilan bog‘lanayotgan bir paytda, kiyinish xonasidagi eng muhim ramz – sardorlik bog‘ichi havoda osilib qoldi.

Hansi Flick uchun bu shunchaki nomzod tanlash emas. Bu – jamoaning yangi yuzini chizish.

Ter Stegenning ijaraga Ajaxga yo‘l olishi Araujo’ni vaqtinchalik bosh rolga ko‘targan edi. Ammo urugvaylik himoyachining o‘zi ham kutilmaganda Premyer-ligaga yaqinlashgani haqidagi xabarlar chiqqach, Flick tayanch nuqtalarini qaytadan belgilashga majbur bo‘ldi.

O‘tgan mavsum oxirigacha aniq tartib bor edi: Ter Stegen, Araujo, Frenkie de Jong, Raphinha va Pedri. Endi esa bu ierarxiya parchalanib ketdi.

De Jong – tabiiy, lekin murakkab tanlov

Mantiqan qaraganda, birinchi raqamli sardor bo‘lish uchun eng katta nomzod – Frenkie de Jong. Tajriba, maydondagi vazni, bir necha yillik ishonch. Barchasi unga ishora qiladi.

Ammo bir “lekin” bor. Uning jarohati.

Niderlandiyalik yarim himoyachining tiklanish jarayoni klub ichida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Rahbariyat, xabarlarga ko‘ra, De Jongning o‘zini jahon chempionatiga tayyorlashni Barcelona’dagi majburiyatlaridan ustun qo‘yayotganidan norozi. Shunday fon ostida unga bog‘ichni topshirish – nafaqat sport, balki siyosiy qaror ham bo‘lib qoladi.

Shu sababli, hozircha De Jong “tabiiy sardor” bo‘lsa-da, “qulay sardor” emas.

Raphinha – kiyinish xonasining yangi ovozi

Aynan shu yerda Raphinha sahnaga chiqadi. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, braziliyalik hujumchi maydonda ham, undan tashqarida ham jamoaning eng ta’sirchan figuralaridan biriga aylangan.

Uning o‘yini, xarakteri, jamoadoshlari bilan munosabati Raphinha’ning kiyinish xonasidagi nufuzini keskin oshirdi. U endi faqat qanotdagi texnik futbolchi emas, balki ovozi eshitiladigan, so‘zi o‘tadigan yetakchi.

Shu bois u sardorlik bog‘ichini muntazam taqib yurishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodga aylangan. Ayniqsa De Jongning sog‘lig‘i va kelajagi savol ostida bo‘lgan bir paytda.

Yangi beshlik: La Masia sahnaga chiqadi

Reja oddiy: De Jong, Raphinha va Pedri – yetakchi uchlik. Lekin Barcelona an’anaviy ravishda besh kishilik sardorlar guruhiga tayanadi. Demak, yana ikki o‘rin bo‘sh.

Bu bo‘shliqqa kim kiradi?

Hisob-kitoblar bo‘yicha eng kuchli nomzodlardan biri – Eric Garcia. Sobiq Manchester City himoyachisi eng yuqori darajada o‘ynash tajribasiga ega. Eng muhimi – u La Masia tarbiyalanuvchisi. Klub falsafasini, bu libosning vaznini, Barcelona’dan nimani kutishlarini u ichidan biladi. Bu esa sardorlik uchun katta ustunlik.

Yana bitta ism esa, yosh bo‘lishiga qaramay, chetda qolmayapti: Gavi. Atigi 22 yoshda. Lekin allaqachon birinchi jamoada bir necha mavsum o‘tkazib, katta bosim ostida o‘ynashni o‘rgandi. Uning intensivligi, to‘xtamasdan kurashishi, his-tuyg‘ularini yashirmasdan o‘ynashi – klub an’anasiga juda mos.

Gavi hali yoshlik tufayli rasman sardorlar guruhiga kiradimi-yo‘qmi – bu ochiq savol. Lekin u Barcelona ning kelajagini ifodalovchi futbolchi sifatida jiddiy ko‘rib chiqilayotgani aniq.

Flick uchun sinov: ko‘prik quradiganlar kim bo‘ladi?

Klub rahbariyati vaqtni boy berishga haqli emas. Rasmiy mavsum boshlanguncha sardorlik masalasi hal bo‘lishi kerak. Chunki Flick aynan shu guruhga tayanadi: murabbiy shtabi bilan yosh, ambitsiyali, lekin barqarorlikka muhtoj jamoa o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan futbolchilar kerak.

Ular intizomni ushlab turadi. Kiyinish xonasidagi kayfiyatni boshqaradi. Bosim paytida hakam bilan gaplashadi, matbuot oldida yuz bo‘ladi, maydonda esa birinchi bo‘lib zarba ostiga tushadi.

Oldingi davrdan qolgan eng katta ism – De Jong. Lekin uning jarohati va uzoq muddatli kelajagi borasidagi savollar sabab, og‘irlik tobora Raphinha va La Masia farzandlari zimmasiga tushmoqda.

Barcelona uchun bu faqat sardorlar ro‘yxatini yangilash emas. Bu – yangi davrning xarakterini tanlash. Savol esa shunday: bu yangi guruh Camp Nou (yoki Montjuïc tribunalarida) kutayotgan darajadagi “Barcelona ruhini” qayta yoqa oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling