Barcola transferida Liverpoolning g‘olib bo‘lishi kerak
Yozgi transfer oynasining eng qizg‘in poygalaridan biri tobora keskinlashib bormoqda. Bir tomonda amaldagi chempion, ikkinchi tomonda yangi davrga qadam qo‘yayotgan gigant. Ikkalasi ham bitta o‘ljaga ko‘z tikkan: PSG va Fransiya terma jamoasining portlayotgan iqtidor egasi Bradley Barcola.
Narx? 100 million funtdan ancha yuqori. Bozorni bu yozda Elliott Anderson va Morgan Rogers uchun to‘langan summalar buzib yubordi, PSG esa bundan unumli foydalanmoqda. Klub 23 yoshli vinger uchun 130 million funt atrofidagi talabdan qaygisi yo‘q.
Shu fon’da sobiq Arsenal yarim himoyachisi Emmanuel Petit sahnaga chiqdi va ochiqchasiga aytdi: bu kurashda oxir-oqibat Liverpool g‘olib bo‘lishi kerak, va bundan ko‘proq foyda ko‘radigan ham aynan Merseyside klubi bo‘ladi.
Barcola: ikki gigant o‘rtasidagi tortishuv
Liverpool va Arsenal – ikkalasi ham 1-sentabrga qadar yangi keng qamrovli hujumchi izlayapti. Bu qidiruvning markazida bitta ism turibdi: Barcola.
Liverpool allaqachon bu transferning asosiy nomzodi sifatida ko‘rilmoqda. Barcola ketma-ket ikki marta Chempionlar Ligasi yutgan jamoani tark etishga tayyor, yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan. U Anfieldga o‘tishni istayotgani, shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabarlar bor.
Bir tomondan, hammasi tayyor. Bitta to‘siq qolgan: FSG. Klub egalarining hozircha PSG so‘rayotgan 130 million funtlik narxni qabul qilishga ko‘ngli bo‘layotgani yo‘q. Bozor haddan tashqari qizib ketgan, Liverpool esa bu o‘yinga ko‘r-ko‘rona kirishni istamayapti.
Arsenal esa biroz kechroq harakatga tushdi. Leandro Trossard allaqachon klubni tark etdi, Gabriel Martinelli bilan ham xayrlashishga tayyorgarlik ketmoqda. Bu bo‘shliq tabiiy ravishda yangi chap qanotchi izlashni tezlashtirdi va Barcola nomi Emiratesdagi ro‘yxatga kirdi.
Petit: “Arsenalda joy tor, Liverpoolda esa u markaziy figura bo‘ladi”
Emmanuel Petit vaziyatga faqat raqamlar va bozor nuqtai nazaridan emas, maydondagi muvozanat orqali ham qaramoqda. Uning fikricha, Barcola uchun London emas, Merseyside to‘g‘ri yo‘l.
“Arsenal yaqinda Christos Tzolisni olib keldi, u allaqachon katta taassurot qoldirdi, Community Shieldda zo‘r o‘yin ko‘rsatdi,” – deydi Petit Grosvenor Sport bilan suhbatda.
Martinelli ketayotgani, Trossard endi klubda emasligi fonida chap qanot bo‘shab qolgandek tuyuladi. Lekin Tzolisning kelishi bu pozitsiyani birdaniga raqobatli qildi. Barcola ham keladigan bo‘lsa, start tarkib uchun kurash yanada murakkablashadi.
Petit buni ochiq aytadi: “Agar Barcola ham keladigan bo‘lsa, ikkala o‘yinchi uchun ham asosiy tarkibda doimiy o‘rin topish qiyinlashadi.”
Shu bilan birga, u Barcolani juda yuqori baholaydi. “Men Barcolaning katta muxlisiman. Meningcha, Liverpool unga Arsenalga qaraganda ancha ko‘proq muhtoj,” – deydi fransiyalik sobiq yulduz.
Uning fikricha, Anfielddagi asosiy og‘riqli nuqta ham aynan shu: “Liverpool keng zonalarni, ayniqsa chap qanotni kuchaytirishi kerak. O‘tgan mavsum boshidan beri bu yerda muammolar bor.”
Liverpoolning qanotdagi yangilanishi kechiktirilgan qaror emas, balki zaruratga aylangan. Shuning uchun Petit nazarida Barcola bu klubda faqat rotatsiya o‘yinchisi emas, balki tizimni o‘zgartiradigan figura bo‘lishi mumkin.
Iraola va Liverpool: yuqori narx, past ishonch
Barcola transferi bo‘yicha poygada Liverpoolga nisbatan ishonch yuqori bo‘lishi mumkin, lekin Petitning umumiy prognozi klub muxlislarini unchalik xursand qilmaydi.
Andoni Iraola Bournemouthdan keyin bir zumda mutlaqo boshqa bosqichga sakradi. Anfielddagi bosim, talab, ritm – hammasi boshqa darajada. Petit aynan shuni eslatadi.
“Men hali ham Liverpoolning transfer bozoridagi haqiqiy niyatini kutyapman, – deydi u. – Hozircha tarkibda muhim bo‘shliqlar bor.”
Yangi murabbiy, yangi tizim, lekin vaqt yo‘q. “Liverpoolga natija darhol kerak,” – deydi Petit. Bu gap o‘z-o‘zidan tushunarli: klub bir mavsumni o‘tish davri sifatida qurbon qilishni ko‘tara olmaydi.
Shu bilan birga, fransiyalik mutaxassis Premier League poygasi bo‘yicha o‘zining keskin fikrini ham yashirmaydi. Uning ko‘z o‘ngida to‘rtlik allaqachon shakllanib bo‘lgan: Arsenal, Chelsea, Manchester City va Manchester United.
“Liverpool bu yil ham qiynalishi mumkin,” – deydi u. Barcola kelsa ham, Iraola uchun bu top-4 eshigini ochib berishiga Petit ishonmayapti. Uningcha, bu tarkibda haligacha “juda ko‘p teshiklar” bor.
Bozor hali tugagani yo‘q
Liverpoolning “niyati” haqida gapirarkan, Petit savol qo‘yadi, javobni esa bozorning o‘zi beradi. Klub allaqachon yana bir yuqori baholangan Chili hujumchisi bilan qiziqayotgani haqida xabarlar bor. Bu esa qanot va hujum chizig‘ini butunlay qayta qurish rejasidan darak beradi.
Endi asosiy savol bitta: Liverpool bu qayta qurishni Barcola kabi yulduz bilan boshlaydimi yoki PSGning qat’iy narxi bu rejani sindiradimi?
Transfer oynasi yopilishiga ko‘p qolmadi. Narxlar oshib bormoqda, vaqt esa kamaymoqda. Shunday pallada kim ko‘proq jasorat ko‘rsatadi – bozorni o‘zi hal qiladi.






