UZB SPort

Bruno Fernandes: Tanqid, Rekordlar va Sardorlik Bahsi

Bruno Fernandes uchun bu savol yillar davomida tinmay keladi: u haqiqatan ham Manchester United uchun to‘g‘ri sardormi?

2020-yil yanvarida Sportingdan 47 million funtlik transfer yakunlangach, u Angliyaga keliboq shovqin ko‘tardi. Moslashish degan gap bo‘lmadi – darhol jamoaning yuragiga aylandi. Orqaga qaramadi. 2023-yilda Harry Maguire dan kamarbastalikni qabul qilib oldi va shu paytdan beri bu mas’uliyatni yelkalarida ko‘tarib yuribdi.

Bugunga kelib, Fernandes United safida 328 o‘yinda maydonga tushdi, 107 ta gol urdi. 2025-26-yilgi mavsum esa uni alohida sahifaga olib chiqdi: bir Premier League mavsumida 21 ta golli uzatma. Thierry Henry va Kevin De Bruyne ni rekordlar jadvalining tepasidan tushirib, tarixni qayta yozdi. O‘sha kampaniya yakunida PFA ham, FWA ham uni Yil futbolchisi deb e’tirof etdi.

Shuncha raqamlar, shuncha ta’sir. Manchester uchun uning qanchalik qimmat ekani haqida bahs yo‘q. Ammo maydondagi “teatr”lari, hakam bilan doimiy muloqoti, hissiyotga berilib ketishi – bular tanqidchilarga hamisha ozuqa bo‘lib keladi. Shuning uchun ham savol qayta-qayta ko‘tariladi: shunday xarakterga ega futbolchi United sardori bo‘lishi kerakmi?

Steve Bruce: “Kimga yana berasiz?”

Bu savol Steve Bruce ga ham qayta-qayta berilgan. Uch marta Premier League chempionligiga sardorlik qilgan afsona, hozir Free Bets bilan hamkorlikda so‘zlar ekan, GOAL ga ochiq javob berdi:

“Men bu savolni juda uzoq vaqtdan beri eshitaman. Yana kimga berasiz uni?”

Bruce o‘z davrini esladi. O‘sha paytdagi kiyinish xonasini ko‘z oldiga keltiring: Mark Hughes, Roy Keane, Bryan Robson. Har biri kamarbasta bo‘lishga loyiq bo‘lgan xarakterlar. Lekin bugun boshqa davr, boshqa avlod.

“U bizning davrimiz bilan solishtirib bo‘lmaydigan jamoada ajralib turgan futbolchi. Kecha olgan Players’ Player of the Year mukofoti ham boshqa futbolchilar uning haqidagi fikrini ko‘rsatib turibdi,” – deydi Bruce.

U yana bir detalni alohida ta’kidladi: Fernandes 8-sentabrda 32 yoshga kiradi. Besh yil ichida United uchun qilgan ishlari raqamlarda ham, ko‘zda ham ko‘rinib turibdi.

“U maydonga chiqqanda borini beradi. Ha, ba’zida erkalik qiladi, ba’zida ortiqcha hissiyotga beriladi, lekin bu bola ajoyib futbolchi. So‘nggi yillarda qiynalib kelayotgan jamoada ham eng katta sahnada natija ko‘rsatib kelyapti. Mening fikrimcha, oxirgi to‘rt-besh yil ichida United uchun eng ajralib turgan futbolchi shu bola bo‘lgan,” – deydi Bruce qat’iy ohangda.

Bir tomonda rekordlar, mukofotlar, raqamlar. Ikkinchi tomonda esa mimika, hakam bilan bahslar, dramatik reaktsiyalar. Lekin Bruce uchun javob oddiy: hozircha undan yaxshiroq sardor nomzodi yo‘q.

Kamarbasta kimga o‘tadi?

Biroq vaqt hech kimni kutmaydi. Fernandes ham bir kun kelib “Theatre of Dreams” bilan xayrlashadi. O‘shanda savol yana boshqacha ohangda yangraydi: kamarbasta kimga o‘tadi?

Yana bir sobiq chempion, Lee Sharpe, yaqinda GOAL bilan suhbatda bo‘lajak sardorlar haqida fikr bildirdi. U ham avvalo tanish ismga qaytdi.

“Captains? Meningcha, Harry Maguire avval bu ishni yomon bajarmagan. Unga ishonish mumkin,” – deydi Sharpe.

Keyin e’tibor orqa chiziqqa o‘tadi. Lisandro Martinez – xarakteri, agressivligi, kurashuvchanligi bilan ko‘pchilik ko‘z o‘ngida tabiiy sardor. Sharpe ham shunday o‘ylaydi: “Martinez himoyada, menimcha, sardorlikka yarasha yigit.”

O‘rta chiziqda esa boshqa tipdagi lider ko‘rinadi. Mason Mount – tajribali, turli bosim ostidagi o‘yinlarga ko‘nikkan, maydonda o‘zi bilan o‘zi gaplashmaydigan, ishini jim bajaradigan futbolchi.

“Agar u sog‘lom qolsa va avvalgi mavsumlardagidek o‘ynasa, Mason Mount ham har doim nomzodlar orasida bo‘ladi. U qo‘rqitish bilan emas, o‘rnak bo‘lish bilan boshqaradigan futbolchi bo‘ladi,” – deydi Sharpe.

Yana bir ism – Kobbie Mainoo. Yoshlik, jasorat, texnika. U kiyinish xonasida qanchalik “gapiradigan” yigit ekani Sharpe uchun ham noma’lum.

“Bilmayman, Kobbie kiyinish xonasida katta gapiradimi yo‘qmi, lekin variantlar bor. Balki, agar Bruno keyingi bir-ikki mavsum ichida ketadigan bo‘lsa, yana boshqa bir futbolchi kelib, sardorlikni o‘ziga olishi ham mumkin,” – deya xulosa qiladi Sharpe.

United uchun masala shunchaki kamarbasta kim bo‘lishida emas. Gap jamoaning keyingi avlodi kim atrofida shakllanishida. Fernandes hali ham bu markazda turibdi. Lekin savol allaqachon havoda: keyingi buyuk United sardori kim bo‘ladi?

Bruno Fernandes: Tanqid, Rekordlar va Sardorlik Bahsi
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil