Chantelle Cameron: sinfda kamsitilgan qizdan ringdagi isyonchiga
Mikaela Mayer bilan unifikatsion jangiga ikki haftadan ham kam vaqt qolganda, Chantelle Cameron xotirasi hanuz o‘tkir. U ringga chiqishdan oldin hamon o‘sha sinf xonasiga qaytadi.
“14 yoshda edim, psixologiya fanidan GCSE qilardim, — deydi u. — O‘qituvchim butun sinf oldida menga qarab: ‘Sen 16 yoshinga borib Tesco’da javon taxlab yurgan, ikki bolali ayol bo‘lib qolasan’, dedi. Ichimdan: ‘Voy, buni rostakamiga aytdimi?’ deb o‘ylaganman.”
O‘sha gapi bilan u nafaqat bir o‘smir qizni, balki kelajakdagi jahon chempionini ham kamsitganini bilmagan. Bugun esa Cameron — professional boksda buyuk Katie Taylor’ni mag‘lub etgan yagona ayol, uch daqiqalik raundlar uchun kurashayotgan, elita darajadagi bokschi ayollarning eng baland ovozlaridan biri. O‘tgan yili u WBC kamaridan voz kechdi — tashkilot ayollar ikki daqiqadan ortiq jang qila olmaydi, degan pozitsiyasiga norozilik sifatida.
Endi esa u shanba kuni WBO super-yengil o‘rta vazn chempionlik kamarini Mayerga qarshi himoya qiladi. Raqib — tajribali WBC chempioni. Unifikatsiya, yuqori daraja, ehtimol yil jangi. Ayollar boksi uchun katta sahna.
Eastern District’dan chiqqan qiz
Walkden, Manchester yaqinidagi kichik kafe. Cameron sokin, ammo gaplari o‘tkir. O‘sha o‘qituvchi so‘zlari uni qanday ezganini so‘raganimizda, u bosh irg‘aydi.
“Juda yomon qabul qilganman, — deydi u. — Uyga borib onamga: ‘Nega u menga bunday dedi?’ deganman. O‘qituvching shunday gapirsa, juda zarba bo‘ladi. Go‘yo senga: ‘Orzularing yo‘q, umiding yo‘q’, deyotgandek. Javon taxlashda yomon narsa yo‘q, lekin maktabda bolani shunday kamsitish — xato. Men buni juda og‘ir qabul qilganman.”
Onasi maktabga borib, o‘qituvchilarga ochiq gapiradi: “Biz Northampton’dagi Eastern District’danmiz, deb odamni oldindan hukm qilmang.” Ustoz esa hech qachon uzr so‘ramagan. Cameron esa psixologiya fanini tashlab yuborgan.
Bugun 35 yoshli chempion o‘sha mahalla tamg‘asini hamon his qiladi.
“Northampton Eastern District’dan bo‘lsang, seni doim hukm qilishadi, — deydi u. — Odamlar seni o‘g‘ri, narkoman, nafaqada yashaydigan deb o‘ylashadi. Bu adolatsizlik. O‘zim kelgan joyni yaxshi ko‘raman, lekin o‘qituvchilar, ‘katta odamlar’ shunday qarasa, bu yanada real bo‘lib tuyuladi. Men hech qachon hozirgi holatimni orzu qilmaganman. Orzu qilishga jur’atim bo‘lmagan. Chunki menga bu mumkin emas, deyishgan.”
Boks unga o‘ziga ishonch berdi. Hozir u kulib, o‘sha o‘qituvchi uning janglarini kuzatayaptimikan, deb o‘ylaydi.
“U menga aytgan gapini eslayotgan bo‘lsa kerak, degan umiddaman”, — deydi u sokin ohangda.
WBC bilan ochiq to‘qnashuv
Cameron hayotidagi yagona kamsitish bu emas. 2023 yilda WBC prezidenti Mauricio Sulaimán ayollar janglarini 12 raund, uch daqiqadan o‘tkazishni rad etib, o‘z pozitsiyasini “xavfsizlik” bilan oqladi. Ayollar tennisda uch set, basketbolda pastroq savat va kichikroq to‘p bilan o‘ynashini misol keltirdi.
Bu so‘zlar Cameron kabi jangchilarning kuchi va chidamini inkor etgandek bo‘ldi. Uningcha, bu qarash — ochiq jinsiy kamsitish.
“Ha, bu jinsiy kamsitish, — deydi u qat’iy. — Sport uchun yomon, ayollar boksi uchun yomon. Havaskor ayollar uch daqiqalik raundlarda jang qilishadi. Professional ayollar boksini jiddiy qabul qilishsa, erkaklar bilan bir xil sharoit bo‘lishi kerak. Teng huquq, teng maosh desak, keyin o‘zimiz 10 raund, ikki daqiqadan jang qilolmaymiz.”
U baribir masalaga bir tomonlama qarashdan yiroq.
“Ikki daqiqalik raundning ham pluslari bor. Temp baland, jang elektrdek o‘tadi. Lekin bu ayollar boksini ushlab turibdi. Bu sog‘liq bilan bog‘liq deb o‘ylamayman. Uch daqiqalik raundlarni bemalol eplay olamiz.”
Shu bilan birga, u kichik darajalar uchun ikki daqiqa yetarli, deb hisoblaydi.
“Agar Britaniya darajasida bo‘lsang, 10 ta ikki daqiqalik raund normal. Lekin Yevropa yoki jahon darajasida — uch daqiqa bo‘lishi kerak. Ayollar boksida chuqurlik yo‘qligi muammo. Yangi boshlovchi bor, elita bor, o‘rtasi yo‘q.”
2025 yil oktyabrida u WBCga qarshi ochiq chiqdi va kamaridan voz kechdi.
“Kamarni bo‘shatdim va WBO kamarini yutdim, chunki ular uch daqiqalik raundlarga ruxsat berishdi. Endi esa Mikaela WBC chempioni va bu jang men uchun juda muhim bo‘lgani uchun yana ikki daqiqaga qaytishga majbur bo‘ldim.”
Uch daqiqalik raundlar bo‘lganda Cameron Mayerga qarshi ancha yaqqol favorit bo‘lardi.
“Mikaela buni juda yaxshi biladi, — deydi u. — Uch daqiqada u menga chiday olmasdi. Uch daqiqalik raundlarga o‘tsak, men bilan hech bir ayol to‘liq masofani o‘tay olmasligiga ishonaman. O‘ylagandimki, Mayer ham uch daqiqalik raundlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Lekin u undisputed bo‘lishni, WBC kamarini ham olishni xohlaydi.”
Mayer, hurmat va kerak bo‘lgan sinov
Cameron raqibining kuchli tomonlarini aniq biladi.
“U juda baquvvat. Eng katta plussi shu. Jismoniy tayyorgarligi ham zo‘r. Uning jangchi va inson sifatida hurmat qilaman. Uni ham xuddi Katie Taylor’ga qaragandek jiddiy qabul qilyapman.”
Bu safar na dushmanlik, na shaxsiy adovat bor. Ikkalasi ham — hozirgi davrning eng yaxshi ayol bokschilaridan. Cameron Mayer haqida gapirganda ohangi iliqlashadi.
“U faqat ayollar boksining emas, umuman boksning zo‘r targ‘ibotchisi. Ringga jang qilish uchun chiqadi.”
Cameron Mayerga qarshi jangni “kerak bo‘lgan sinov” deb ataydi. Taylor bilan bo‘lgan ikki jangdan keyin unga aynan shunday darajadagi raqib yetishmayotgan edi.
Dublin, qo‘rqinch va “butun Irlandiyaga qarshi”
Katie Taylor bilan raqobat esa boshqacha. Cameron Dublin’ga — Taylorning vatani, uning uyiga bordi. Bu, 2015 yildagi weigh-in paytida bo‘lgan otishmadan keyin Irlandiyada professional boks qaytgan ilk katta kecha edi. Zalda esa faqat bir qahramon bor edi — Taylor.
“Dahshat edi, — deydi Cameron. — Lekin Jamie Moore va Nigel Travers menga ishonishardi. O‘zim esa uni yuta olishimga ishonmaganman. Ular esa: ‘Sen yutasanki’, deyishardi.”
Ringga yo‘l olayotganda nimani o‘ylaganini eslab, u kuladi.
“‘Nega bu yerda turibman?’ deb o‘ylaganman. Atmosfera shunchalik dushmanona ediki, bunaqasini hech qachon his qilmaganman. Lekin Jamie bilan Nigel doim ‘trigger so‘zlar’ aytishardi, men uchun hammasi shunchaki shovqin ekanini eslatishardi. Oxir-oqibat ringda faqat men va Katie qolamiz, xolos.”
U kechada Cameron hayotidagi eng zo‘r performanslardan birini ko‘rsatdi. Jang qizg‘in o‘tdi, hakamlar esa uni ozgina farq bilan Cameron foydasiga baholadi. Biroq u hakamlikdan jiddiy xavotirlangan.
“Ha, albatta. Birinchi hakam durang berdi. ‘Tamom, bo‘ldi’, deb o‘ylaganman. Bunga tayyor edim, chunki men Katie Taylorning hovlisiga borgan edim, u Irlandiya qirolichasi. Qarorni eshitganimda bu hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin.”
Olti oydan keyin bo‘lib o‘tgan revanj boshqacha bo‘ldi. Juda boshqacha.
“Rostini aytsam, Dublin’da bo‘lishni xohlamaganman, — deydi u. — Yana shunday ishni qayta qilish — juda og‘ir. Hammasi menga qarshi edi. Katie zo‘r jangchi, lekin o‘zimni undan yaxshiroq deb hisoblayman. Men uning uchun noqulay raqibman. Lekin hamma narsa sening qarshi bo‘lsa, juda qiyin. Bu faqat ‘men va Katie’ emasdi. Bu ‘men va butun Irlandiya’ edi. Revanj kuni ertalab xonamda o‘tirib, rosa yig‘laganman. Ichki hissiyotimni shunchalik kuchli eshitganman. Nerv buzilishi bo‘layotgandi, Nigel kelib meni tinchlantirdi.”
Cameron jangni ozgina farq bilan yutqazdi. Shundan keyin u ruhiy tomondan sinib tushganini yashirmaydi.
“Juda yomon qabul qilganman. Haqiqiy ruhiy tushkunlik bo‘lgan. Oilam, do‘stlarim ham shunday deb o‘ylashadi. Hammasini qo‘yib yuborgandek bo‘ldim. Juda qayg‘uli bo‘ldim va eng yaqin odamlarni o‘zimdan uzoqlashtira boshladim.”
U hatto Jamie Moore zalini tark etib, yangidan boshlamoqchi bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, aynan o‘sha jamoa uning uchun eng to‘g‘ri ekanini anglab yetdi.
“So‘nggi ikki yilda juda o‘sganman. Faqat bokschi emas, inson sifatida ham. Ancha yetuk bo‘ldim”, — deydi u.
Taylor bilan sovuq sukut
Cameron Taylor bilan ringdan tashqarida gaplashmagan.
“Jangdan ikki hafta o‘tib, Instagram’da unga yozganman. ‘Senga qarshi jang qilish sharaf bo‘ldi, boks uchun qilgan ishlaring uchun rahmat’, deb. Bu chin yurakdan chiqqan xabar edi. Chunki Katie bilan jang qilsang, afsonaga qarshi tushgansan. U javob yozmadi. ‘Mayli’, deb o‘yladim. Yutqazish og‘ir bo‘lganini bilardim.”
Revanjda Taylor g‘alaba qozonganidan keyin esa sukut davom etgan.
“Bu safar ham hech narsa yozmadi. O‘shanda o‘yladim: ‘Biz boshqa-boshqa odamlar ekanmiz.’ Men uni hukm qilmayman, lekin odob — hech narsa talab qilmaydi. Ko‘p raqiblarim bilan hozir do‘stmiz, gaplashamiz, kulishamiz. Lekin men bilan Katie orasida? Hech qanday ‘sevgi’ yo‘q, desam bo‘ladi.”
Cameron trilogiyani xohlagan, ammo Taylor boshqa yo‘lni tanladi — Amanda Serrano bilan ikkinchi va uchinchi janglar, endi esa 5 sentyabr kuni Croke Park’da Flora Pili’ga qarshi, ehtimol, so‘nggi katta kecha.
Cameron o‘zini shu sahnada tasavvur qilmaydi.
“Yuragimdan kelib aytsam, Croke Park’dagi so‘nggi jangida menga qarshi tushishi to‘g‘ri bo‘lmasdi. Bu ko‘proq shou bo‘ladi, xayrlashuv, tantana. Men esa bu rolga mos emasman. Shuning uchun ham bu borada hech qanday real suhbat bo‘lmagan. O‘ylaymanki, bu uning oxirgi jangi bo‘ladi. Shunday bo‘lishini ham xohlayman, chunki u ayollar boksiga juda ko‘p narsa berdi, juda ko‘p og‘ir janglar o‘tkazdi.”
Sog‘liq, miya va “ringdan keyingi hayot”
Cameron o‘zi ham ringda zarba yeydigan sportchi ekanini juda yaxshi anglaydi. 22-1 rekord, to‘qqiz yillik professional faoliyat — bu raqamlar ortida yuzlab sparringlar, minglab zarbalar turibdi.
“Ha, juda xavotirdaman, — deydi u. — Shuning uchun miya mashqlari bilan ko‘p shug‘ullanaman. Elevate degan ilova orqali miyamni ‘treniruyka’ qilaman. So‘nggi yillarda juda ko‘p o‘ylay boshladim. Kitob o‘qiyman, miya mashqlari qilaman, chunki ‘punch-drunk’ bo‘lib qolishni xohlamayman. Boksni tark etganimda gapni ravon qilib ayta olishni istayman.”
Hozircha u o‘zida og‘ir alomat sezmagan.
“Yo‘q, hozircha yo‘q, Xudo xohlasa shunday davom etsin. Ko‘p ur-to‘polon janglarda bo‘lganim yo‘q. Katie bilan jangda ilk marta to‘liq kesilganman, u ham ko‘proq bosh urilishi edi. Jiddiy zarba yemaganman. Jamie sparringni ham haddan tashqari ko‘paytirmaydi. Keraksiz zarbalarga hojat yo‘q.”
Har yili u MRI tekshiruvdan o‘tadi.
“Bu tekshiruvlarni yomon ko‘raman. Juda xavotirlanaman, asabiylashaman, chunki kasbim — boshimga zarba yeyish. Ichkarida nimalar bo‘layotgansiz, bilmayman. Lekin shu tekshiruvlar menga bir tomondan xotirjamlik beradi. Eng kichik o‘zgarish chiqsa ham: ‘Tamom, vaqtim keldi’, deyman. Sog‘liq — boksdan ko‘ra ancha muhim.”
Shu sababli u Mayer bilan jangni ham o‘ziga kerak bo‘lgan so‘nggi katta sinovlardan biri sifatida ko‘radi. Ikki yil ichida boksni tark etishni rejalashtiradi.
“Men sog‘lom holatda, miyam joyida bo‘lgancha ketishni xohlayman”, — deydi u.
Northampton, ota-onalar va bitta oddiy orzu
Suhbat oxirida Cameron yana Northampton’ga qaytadi. Eastern District — uning tamg‘asi, og‘riqli xotiralari, lekin ayni paytda faxri.
“Onam bilan otam hanuz o‘sha yerda, — deydi u. — Ularga qishloqdan chiroyli kottej olib bermoqchiman. Lekin ular ko‘chishni xohlamaydi. Biz shunday oilamiz. Hali ham o‘sha eski do‘stlarim bor, ulardan faxrlanaman. Ular ham mendan faxrlanadi. Har doim Northampton va Eastern District’ni ifodalayman. Chunki bu yerdan chiqqan, ‘yuqoriga’ chiqqan odam — menman. Bu boshqalarga ham ko‘rsatadi: qaerdan bo‘lishing farq qilmaydi, baribir erishishing mumkin. Hech kimga aksini aytishga yo‘l qo‘ymang.”
Endi esa, Eastern District’dan chiqqan o‘sha qiz, o‘qituvchisi javon taxlashga mahkum deb hisoblagan o‘sha o‘smir, Mayerga qarshi ringga chiqadi. Unifikatsiya uchun. O‘z prinsiplarini yana bir bor himoya qilish uchun. Va, eng muhimi, ringdan keyingi hayotga sog‘lom qadam qo‘yish uchun.







