Chelsea Pep Chavarríani sotib olish arafasida
Chelsea yozgi transfer bozorida navbatdagi zarbasini bermoqda. London klubi Rayo Vallecano chap qanot himoyachisi Pep Chavarríani sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlash arafasida turibdi. Bitim taxminan 16,3 million funt sterling (19 million yevro) va bonuslarni o‘z ichiga oladi, klublar esa transferning so‘nggi detallarini pishitmoqda.
Bu muzokaralar bir oylab cho‘zildi. Sababi oddiy: Marc Cucurella’ning Real Madrid’ga o‘tishi ortidan Chelsea chap qanotga tayyor, darhol o‘yin darajasini ko‘tara oladigan o‘yinchi qidirayotgan edi. Tanlov Pep Chavarríaga tushdi – va bu tasodif emas.
Tajriba izlayotgan yosh jamoaga tayyor qo‘shimcha
28 yoshli himoyachi London klubining bu yozdagi asosiy strategiyasiga mos tushadi. Chelsea tarkibi tobora yosharlayotgan bir vaqtda, Chavarría kabi tajribali, yuksak ritmga o‘rgangan futbolchining kelishi muvozanat beradi.
U o‘tgan mavsum Rayo Vallecano safida barcha musobaqalar bo‘yicha 44 ta o‘yinda maydonga tushdi. Yevropa sahnasida ham o‘zini ko‘rsatdi: o‘tgan mavsumdagi Conference League finalida Rayo Vallecano asosiy tarkibida boshlab, Crystal Palace’ga qarshi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatni maydonda boshidan kechirdi. Yirik sahnadan cho‘chimaydigan, bosim ostida ham ritmni ushlab tura oladigan futbolchi ekani o‘sha kechada yaqqol ko‘rindi.
Iraola boshlab bergan yo‘l
Pep Chavarríaning Rayo Vallecano’dagi yo‘li Andoni Iraola bilan bog‘liq. Aynan u 2022 yilda himoyachini klubga olib kelgan edi. Iraola uchun to‘liq qanot himoyachilari — faqat orqa chiziqni yopadigan emas, balki butun yon chiziq bo‘ylab ishlaydigan, pressingda bo‘g‘ib tashlaydigan, hujumda esa maydonni kengaytiradigan o‘yinchilar.
Chavarría aynan shunday profilga to‘g‘ri keldi. U dastlab oddiy “yuqoriga-pastga yuguradigan” chap qanot himoyachisi sifatida ko‘ringan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan o‘yini sezilarli darajada boyidi. Endi u faqat chiziq bo‘ylab emas, ichkariga “underlap” qilib kiradi, ba’zan esa yarim himoyaga qadam qo‘yib, kombinatsion o‘yinda ishtirok etadi. Ammo baribir uning o‘yinini belgilaydigan asosiy jihat o‘zgarmadi: LaLiga’dagi eng mehnatkash chap qanot himoyachilaridan biri sifatidagi obro‘si.
Keyinroq Íñigo Pérez bilan birga o‘tgan uch mavsum ham Chavarríaning yetilishida katta rol o‘ynadi. Futbolchi murabbiyini o‘zi ishlaganlar ichida eng yaxshisi deb ta’riflagani bejiz emas. Aynan shu davrda u zamonaviy chap qanot himoyachisi sifatida shakllandi — pressingda, to‘p bilan chiqishda, hujumni kengaytirishda, hatto yarim himoyaga kirib borishda ham faol ishtirok etadigan o‘yinchiga aylandi.
Raqamlar nimani ko‘rsatadi?
Statistika Pep Chavarríaning Rayo Vallecano’dagi rolini aniq chizib beradi. O‘tgan mavsum LaLiga doirasida u 2000 dan ortiq marta to‘pga teginishga ulgurdi — bu uning jamoa hujumlarini boshlash va davom ettirishdagi ishtirokini ko‘rsatadi.
Chap qanotdan uzatmalar oqimi ham bejiz emasdi. Chavarría ochiq o‘yindan amalga oshirilgan krosslar bo‘yicha ham, burchak zarbalari ishlashiga sabab bo‘lgan epizodlar bo‘yicha ham turnirning eng yaxshi o‘n ikki futbolchisi qatoridan joy oldi. U faqat hujumni tashkil etuvchi emas, balki raqibning qanotdan qilgan xujumlarini sindiruvchi o‘yinchi sifatida ham ajralib turdi: raqib krosslarini bloklash va o‘z jarima maydoni yaqinida to‘pni qaytarish bo‘yicha ham LaLiga’ning eng faol himoyachilari ro‘yxatiga kirdi.
Demak, Chelsea “sehrli chap oyog‘i” bor, standart vaziyatlardan sermahsul, Alex Grimaldo uslubidagi yaratuvchi futbolchini qo‘lga kiritayaptimi? Yo‘q, Chavarría boshqa tipdagi o‘yinchi. U jarima maydoni atrofida murakkab paslar berib, o‘yin ritmini o‘zgartiradigan pleymeyker emas. Lekin u hech to‘xtamaydigan yugurishlari, chiziqni kengaytirishi, raqibni yon chiziqqa tortib chiqarishi bilan jamoa uchun maydonni ochib beradi. Aynan shunday “halqa bo‘lib ishlaydigan” futbolchilar ko‘pincha murabbiylar uchun ko‘zga ko‘rinmas, ammo bebaho qurolga aylanadi.
London uchun qanday profil?
Chelsea’ning hozirgi tarkibiga nazar tashlasak, Chavarría juda aniq ehtiyojni yopadi. Yosh, texnik, lekin ba’zan beqaror bo‘lib qoladigan qanot futbolchilari bilan o‘ralgan chap tomonda u intizom, tajriba va barqarorlik olib kirishi mumkin. Jismoniy tayyorgarligi yuqori, pressingga tayyor, yuqori tempni 90 daqiqa davomida ushlab turishga o‘rgangan futbolchi uchun Premer-liganing keskin ritmi begona bo‘lmaydi.
Chelsea uchun bu transfer dabdabali nom emas, balki funksional qaror. Chavarría London klubining yulduzlar bilan to‘la, ammo ba’zan tizim izlaydigan tarkibida aynan “ishchi mexanizm” bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Savol bitta: u LaLiga’dagi mehnatkash, intizomli rolini Premer-ligadagi bosim ostida ham saqlab qoladimi?
Javobni endi Stamford Bridge ko‘radi.







