Cris Cyborg: 41 yoshda jangga chanqoq
Aralash jang san’ati sahnasida bir davrni belgilagan ikki ism bor: Cris Cyborg va Ronda Rousey. Ularning to‘qnashuvi oktagonda hech qachon ro‘y bermadi, ammo so‘zlar, ayblovlar va alamli xotiralar yillar davomida jang o‘rnini bosib keldi.
Cyborg yaqinda Rousey haqida gapirar ekan, ohangi kutilmaganda yumshoq chiqdi. Nafrat emas, achinish.
"U uchun xafa bo‘laman. Afsus qilaman. U mendan qo‘rqadi deb o‘ylayman. Faqat unga eng yaxshisini tilayman", – dedi u avgust boshida USA TODAY Sports bilan suhbatda.
Bu so‘zlar havodan paydo bo‘lgani yo‘q. May oyidagi qaytish jangiga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda Ronda Rousey eski adovatni yana alangalatgandi. Mart oyida u Cris Cyborgni "aldovchi, dori bilan to‘la" jangchi deb atab, ochiqchasiga hujum qildi. Bugun esa Rousey yana nafaqada. Cyborg esa, 41 yoshda bo‘lishiga qaramay, shu yo‘l yoqasida turibdi.
Shanba, 22-avgust kuni u Orlando (Florida) shahrida bo‘lib o‘tadigan Professional Fighters League kechasida Ketlen Vieira’ga qarshi oktagonga kiradi. Bu – uning PFL bilan amaldagi shartnomasidagi so‘nggi jang.
"Men qilayotgan ishni yaxshi ko‘raman. Men chaqiriqni yaxshi ko‘raman. Shu jangdan keyin o‘zimni qanday his qilishimni ko‘rmoqchiman. Keyin esa keyingi qadamlar ayon bo‘ladi", – deydi u.
Rousey yiqilgani, Cyborg esa o‘rnidan turgani
Cyborgning fikricha, Ronda Rousey hech qachon o‘sha og‘ir mag‘lubiyatlardan keyin o‘zini tiklay olmadi. Holly Holm va Amanda Nunesga qarshi nokautlar 2016 yilda uning UFCdagi ertagini keskin yakunlagandi.
"U hamma mag‘lubiyatlarni, hamma narsani yenga olmadi", – deydi Cyborg. Unga ko‘ra, Rousey nafaqat uni, balki UFC’ni ham keskin tanqid qilishga o‘tib ketdi. "U yaxshiroq inson bo‘lib borayotgani yo‘q. Uning o‘zini qanday tutayotganini ko‘ryapsiz. U baxtli emas".
Bu so‘zlar ortida shunchaki eski raqobat emas, o‘z yo‘lini og‘ir sinovlardan o‘tib bosib kelgan jangchining nigohi turibdi.
Cyborgning o‘zi ham bir tekis yo‘l yurmagan. 29 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat, 21 nokaut. 2005 yilda Braziliyada boshlangan karerasi davomida u Holly Holm, Cat Zingano va Gina Carano kabi ismlarni nokautga uchratdi. Mag‘lub bo‘lgan yagona ikki jangi – professional debyuti va afsonaviy Amanda Nunesga qarshi bahs.
Lekin u ham tanqidlar girdobida yashadi.
2011 yilda u taqiqlangan anabolik steroid uchun ijobiy tahlil berdi. Cyborg buni ruxsatsiz qo‘shimcha sabab bo‘lganini aytdi va bir yilga diskvalifikatsiya qilindi. 2016 yilda esa u yana taqiqlangan moddaga – diuretikga – ijobiy natija ko‘rsatdi. Bu modda dopingni berkitish uchun ishlatilishi mumkin. Keyinroq shifokorlar bu dori unga davolash maqsadida yozilganini tasdiqlab, istisno berildi.
"Men o‘zimni toza sportchi ekanimni isbotladim", – deydi u hozir.
Bu gap – oqlanish emas, balki yillar davomida savollar va shubhalarga javoban aytilgan qat’iy pozitsiya.
41 yoshda – eng yaxshi formadami?
Cyborg Orlando kechasiga "oxirgi imkoniyat" kayfiyatida chiqmayapti. U o‘zini eskirgan jangchi sifatida emas, hanuz xavfli raqib sifatida ko‘radi.
"Men 41 yoshdaman, lekin o‘zimni 21 yoshimdagidan ham yaxshiroq jang qilayotgandek his qilaman", – deydi u.
Bu oddiy shior emas. Ko‘plab tengdoshlaridan farqli o‘laroq, u og‘ir jarohatlarsiz karerasini davom ettirdi. Hozir uning eng katta quroli – yillar davomida to‘plangan tajriba, qat’iyat va chidamlilik. Mashg‘ulotlarda ham, oktagonda ham.
"Men qilayotgan ishni yaxshi ko‘raman", – deya takrorlaydi u. Bu jumla unda shunchalik ko‘p marta tilga olinadiki, oxir-oqibat shunchaki ibora emas, hayot shiori bo‘lib eshitiladi.
PFL va Jake Paul’ning Most Valuable Promotions loyihasi o‘rtasidagi yaqindagi qo‘shilish esa uning kelajagini yanada qiziqarli qiladi. Endi u faqat MMA emas, boks sahnasida ham ko‘rinish berishi mumkin.
MVP hammuassisi Nakisa Bidarian shanba kechasini burilish nuqtasi deb biladi.
"Ko‘p narsa shanba kechasi ma’lum bo‘ladi. Raqibi katta, kuchli ayol, Crisni yengish va sensatsiya qilish uchun kelmoqda", – deydi u. "Cris MMA’da juda ko‘p narsaga erishdi. U hozir boksda ham vaqt o‘tkazmoqda. Yangi platformamiz bilan biz unga ikkala yo‘nalishda ham imkoniyat bera olamiz. Shuning uchun ham shanba kuni nima bo‘lishi, u o‘zini qanday his qilishi juda muhim".
Ismi hanuz jaranglayapti
Bir narsa aniq: Cris Cyborg o‘z o‘rnini yo‘qotganini his qilmayapti. Aksincha.
"Odalar hanuz mening ismimni tilga olyapti, men bilan jang qilishni xohlaydi", – deydi u.
Bu gap ortida bitta savol turibdi: 41 yoshli afsona endi sahnani tark etadimi yoki yangi davrni boshlab, PFL va ehtimol bokschilik ringida ham o‘z nomini yana bir bor baland ovozda eshittiradimi?






