De Zerbi qo‘l ostidagi yangi Spurs: katta talablar va ambitsiyalar
O‘tgan mavsumni 17-o‘rinda, so‘nggi turlargacha tushish xavfi bilan o‘tkazgan Spurs yozni jim o‘tkazishga haqqi yo‘q edi. Klub bunga javoban bozorni larzaga keltirdi: tarkib tubdan yangilanmoqda, ambitsiyalar esa oshgan.
Transfer bozorida katta zarba
London klubi markazni qayta qurishdan boshladi. Yarim himoya endi Mateus Fernandes va Sandro Tonali atrofida shakllanadi. Fernandes West Ham’dan, Tonali esa Newcastle’dan katta mablag‘ evaziga olib kelindi – bu Spurs o‘yin ritmini o‘rtadan boshqarishni niyat qilayotganidan darak.
Roberto De Zerbi eski manbasiga ham qaytdi. U Brighton’dan markaziy himoyachi Jan Paul van Hecke’ni olib keldi. Himoya chizig‘i esa bundan ham ko‘proq yangilandi: yon himoyachi Andy Robertson, markazdagi Marcos Senesi va darvozabon Martin Dubravka erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Shunday qilib, deyarli butun orqa chiziq yangicha ko‘rinishga ega bo‘lmoqda.
Bu transferlar son uchun emas. De Zerbi ochiq aytdi: yangi jamoa, yangi ruh, lekin kuchli xarakter bilan.
“Faqat to‘p bilan emas” – De Zerbi falsafasi
Spurs hozir Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi mavsumoldi safarida. Sydneyda bo‘lgan De Zerbi yangi kampaniya 22-avgustda boshlanishidan oldin kutayotganlarini aniq qilib qo‘ydi. U “katta futbolchilar bilan, lekin ruhi, ehtirosi, klub qadriyatlari bor jamoa” qurmoqchi.
Italiyalik mutaxassis futbolga bo‘lgan yondashuvini ham ochib berdi: uningcha, bugungi futbol faqat 90 daqiqa va to‘p bilan cheklanmaydi. Bu – kun davomida necha soat ishini o‘ylashi, o‘zini shu ishga bag‘ishlashi bilan o‘lchanadigan kasb. De Zerbi aynan shunday mentalitetni talab qilmoqda.
Yangi Spursning ilk signali: Aucklandda g‘alaba
Yangi ko‘rinishdagi Spurs mavsumoldi safarini Yangi Zelandiyada boshladi va A-League chempioni Auckland FC ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarni Dane Scarlett va Richarlison urdi – biri kelajak va’dasi, biri esa hozir natija berishi kerak bo‘lgan hujumchi.
De Zerbi uchrashuvni yoshlar bilan boshladi. Maydonda energiya ko‘p, xatolar ham yetarli edi, lekin bu o‘yin tayyorgarlik davrining bir qismi. So‘nggi yarim soatda esa maydonga Mateus Fernandes, Richarlison, Conor Gallagher va Ben Davies kabi nomlar tushdi va uchrashuv “birinchi tarkib” ohangini ola boshladi.
Murabbiy uchun bu uchrashuvda hisobdan ham muhimroq jihatlar bor edi. U “gol o‘tkazmaganimiz va jarohatlarsiz yakunlaganimiz – mavsum boshida juda katta yangilik”, deya baholadi uchrashuvni. Mavsumoldi bosqichida aynan shunday mayda detallar keyin hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
Endi navbat Sydney FC va uch kundan so‘ng – Sydneyda bo‘lib o‘tadigan London derbisi, Chelsea bilan to‘qnashuvga.
Transferlar hali tugamadi
Spurs yozgi bozorni allaqachon shov-shuvli o‘tkazmoqda, lekin De Zerbi bu yakun emasligini ochiq aytmoqda. U klub egasi va rahbariyat bilan ko‘p marta gaplashganini, maqsad esa bu mavsum uchun juda kuchli jamoa tuzish va kelajakni yana “buyuk kunlar” sari qaytarish ekanini ta’kidladi.
Demak, kelishlar davom etishi mumkin. Tarkib allaqachon yangilanib bo‘lgan, lekin asosiy savol hali ochiq: bu Spurs nafaqat jon saqlab qoladigan, balki yuqoriga qarab yuguradigan jamoaga aylanishi mumkinmi?
Javobni 22-avgustdan keyin ko‘ramiz. De Zerbi esa allaqachon o‘z talablari bilan standartni ko‘tardi. Endi navbat futbolchilarda.







