Dean Huijsenning yangi raqami: 4 – orzularni ro‘yobga chiqarish
Real Madrid kiyinish xonasida yangi raqam tanlandi. Dean Huijsen kelasi mavsumda “4” raqamini olib, Madrid gigantida tarixiy yukni yelkasiga ortdi. U uchun bu shunchaki raqam emas. Bu – bolalikdan yuragiga mixday qadalgan orzuning ro‘yobi.
Ramosning izidan
Huijsen tanlovini yashirmadi: “4” – bevosita uning eng katta bolalik buti bo‘lgan Sergio Ramos bilan bog‘liq. Ustiga-ustak, “oq” libosda bu raqamni so‘nggi marta shu afsona ko‘targan.
Yoshligida Huijsen maydonga Ramosning mashhur “SR4” yozuvi tushirilgan butsalarida chiqishga uringan, har bir to‘pga sakrashida, har bir to‘qnashuvda aynan o‘sha himoyachini takrorlashga intilgan. Endi esa u o‘sha raqamni Madridning o‘zida meros qilib olyapti.
Ramos ham bu lahzani e’tiborsiz qoldirmadi. Afsona himoyachi Huijsenga qisqa, ammo og‘irlikli tilak yo‘lladi: “Umid qilamanki, bu senga ham ko‘p quvonchlar olib keladi.” Bunday javob, bunday e’tirof – har qanday yosh markaziy himoyachi uchun katta sinov bilan barobar.
Hierrodan Alabagacha bo‘lgan meros
Huijsen “4” raqamini olarkan, faqat bitta ismni o‘ylab qolmadi. U bu raqamni Real Madrid tarixida alohida o‘rin egallagan Fernando Hierro bilan ham bog‘ladi. Ayniqsa, ikkalasining ham bir hududdan chiqishi, uning o‘zi tan olganidek, bu merosni yanada shaxsiy, yanada yaqin qiladi.
Hierro – bu klub tarixida sardorlik, qat’iyat va hal qiluvchi gollar ramzi. Shu fon oldida “4” raqamini tanlash – o‘z-o‘zini bosim ostiga qo‘yish demak. Huijsen bunga ongli ravishda rozi bo‘ldi.
U raqamning yaqin o‘tmishdagi egasini ham esdan chiqarmadi. David Alaba bilan bir kiyinish xonasini bo‘lishish unga bu raqamning bugungi davrdagi talqinini yaqinroq ko‘rish imkonini berdi. Huijsen avstriyalik himoyachining professionalligi, yetakchilik fazilatlari va jamoadoshlariga doim yordam berishga tayyor turishini alohida ta’kidladi. Aynan shu sifatlar Alabaning “oq” libosdagi yo‘lini belgilab bergan.
Mas’uliyatni qabul qilgan yigit
Huijsen tanlovining og‘irligini aniq tushunadi. U klub, rahbariyat, murabbiylar shtabi, jamoadoshlari va muxlislarga ochiqchasiga minnatdorchilik bildirdi. Ishonch kreditini oldi. Endi uni oqlash navbati.
U “4” raqamidagi har bir ism ortida ulkan standartlar borligini biladi. Shunga qaramay, u faqat merosni davom ettirishni emas, o‘z tarixini yozishni xohlaydi. Bir kun kelib, Bernabeu tribunalarida uning nomi ham shu raqam bilan bir qatorda hurmat bilan tilga olinishi uchun.
Huijsen o‘z murojaatini aniq va keskin va’da bilan yakunladi: u har kuni, har bir mashg‘ulotda, har bir o‘yinda borini beradi. Chunki Santiago Bernabeu dagi “4” – bu faqat orqa tarafdagi raqam emas. Bu klubning butun bir avlodlar bo‘ylab cho‘zilgan himoya ruhi, xarakteri va talabchanlik darajasi.
Endi esa navbat Huijsenga: u bu raqamni yana bir bor afsonaga aylantira oladimi?







