Derik sudda aybdor deb topildi: 13 yilga hukm qilindi
Paranaense futbolchisi Derik sobiq sherigiga nisbatan ikki marotaba zo‘rlashda aybdor deb topildi va 13 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Hukm 2024-yilda sodir bo‘lgan hodisalarga oid ish bo‘yicha Curitiba shahridagi Ayollarga nisbatan maishiy va oilaviy zo‘ravonlik ishlari bo‘yicha sudda sudya Tais de Paula Scheer tomonidan e’lon qilindi.
21 yoshli futbolchi hozircha panjara ortiga o‘tmaydi. U apellyatsiya berish huquqi asosida erkinlikda qoladi, biroq sud unga ma’naviy zarar uchun 20 ming real (taxminan 2 800 funt/3 800 dollar) miqdorida tovon puli va sud xarajatlarini to‘lash majburiyatini yukladi.
Prokuratura oqlashni so‘ragan edi
Ishning eng keskin nuqtalaridan biri – aynan davlat ayblovchisi pozitsiyasi. Prokuratura dastlab Derikni oqlashni so‘ragan, chunki to‘plangan dalillarni yetarli deb hisoblamagan va tomonlar ko‘rsatmalaridagi zidliklarga urg‘u bergan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, Prokuratura Jinoyat kodeksining 213-moddasi (zo‘rlash) va 147-B-moddasi bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlardan Derikni Jinoyat-protsessual kodeksining 386-moddasi, VII-bandiga asosan oqlashni talab qilgan. Asos – ish materiallaridagi dalillar sudlanuvchini qat’iy ayblash uchun yetarli emasligi va sud majlislarida berilgan ko‘rsatmalarda zo‘rlash epizodlariga oid keskin farqlar mavjudligi.
Davlat ayblovchisi, shuningdek, “Fakt 01” va “Fakt 02” deb yuritilgan epizodlarda ayblanuvchi jinoyat sodir etganini tasdiqlovchi aniq, yakdil dalillar yo‘qligini qayd etib, aynan shu sababli unga ruhiy zarar uchun jinoiy javobgarlik yuklash imkonsizligini uqtirgan.
Sudya uchun asosiy dalil – jabrlanuvchi so‘zi
Shunga qaramay, sudya Tais de Paula Scheer butun ish taqdirini o‘zgartirgan qaror qabul qildi. U jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini “qat’iy, izchil va mantiqan uyg‘un” deb baholadi va hatto sud-tibbiy ekspertiza bo‘lmasa ham, hukm chiqarish uchun yetarli deb topdi.
Yozma hukmida sudya shunday izoh bergan: jinoyatning sodir etilgani va muallifligi jabrlanuvchining sobit, bir-biriga mos va uzluksiz ko‘rsatmalari hamda boshqa dalillar majmuasi bilan isbotlangan, bu esa ekspertizasiz ham ayblov hukmi uchun yetarli sanaladi.
U, ayniqsa, jinsiy jinoyatlar ko‘pincha yopiq, uy sharoitida, ko‘zdan pana holatda sodir bo‘lishini eslatib, bunday vaziyatlarda jabrlanuvchi ko‘rsatmalari alohida ishonch og‘irligiga ega ekanini ta’kidladi. Sudya gender nuqtai nazaridan hukm chiqarish bo‘yicha amaldagi protokollar va shakllangan sud amaliyotiga tayanib ish ko‘rganini qayd etdi.
Klub chetga chiqdi
Hukm futbol jamoatchiligida shov-shuv uyg‘otayotgan bir paytda, Paranaense o‘zini jarayondan keskin uzoqlashtirdi. Klub ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy bayonotida ish sud siriga tegishli ekani sababli mazmuni va undagi faktlar bo‘yicha izoh bermasligini ma’lum qildi.
Paranaense bu faqat birinchi instansiya qarori ekanini, u ustidan apellyatsiya berilishi mumkinligini eslatdi. Klub o‘zi sud jarayonining ishtirokchisi emasligini, faqat qonuniy tartib va kafolatlar to‘liq ta’minlangan holda, yakuniy hukm chiqquniga qadar jarayonni kuzatishini bildirdi.
Bugun Derik hali ham maydonga chiqishi mumkin. Ammo uning atrofidagi fon endi faqat sport natijalari bilan o‘lchanmaydi. Sud zalida boshlangan bu ish, apellyatsiya instansiyalarida qanday davom etishidan qat’i nazar, futbolchining karerasiga va klub obro‘siga uzoq muddatli iz qoldirishi aniq.







