UZB SPort

Diego Simeone Julian Alvarezni qayta quchoqlaydi

Diego Simeone yozgi bo‘ron ortidan nihoyat yo‘lni tanladi. U Julian Alvarezni qayta quchoq ochib kutib oldi.

26 yoshli hujumchi bu hafta ikki kunlik mashg‘ulotni kasallik sabab o‘tkazib yubordi, undan ham oldinroq esa uning orzusi – ichki raqib Barcelona safiga o‘tish – klub tomonidan qat’iyan rad etilgan edi. Endi esa u yana Atletico Madrid tarkibida, Athletic Clubga qarshi La Liga safariga yo‘l olmoqda.

“Endi bu – uning imkoniyati”

Bilbaoga jo‘nab ketish arafasida Simeone odatdagidek keskin emas, ko‘proq mulohazali ko‘rindi. U transfer atrofidagi shovqinni jazodan ko‘ra, o‘sish uchun sinov sifatida talqin qildi.

“Julian Alvarez ertaga zayavkada bo‘ladi. U yaxshi mashg‘ulot o‘tyapti va biz undan ham, qolgan barcha jamoadoshlaridan kutganimizdek, eng yaxshisini kutamiz”, — dedi Simeone.

Klub bilan futbolchi o‘rtasidagi taranglik bir nuqtada portlab ketdi: 24 soat ichida Atletico ikki marta rasmiy bayonot chiqardi va Alvarezning Barcelona safiga o‘tishi mutlaqo yopiq mavzu ekanini ochiq aytdi. London tomoni – Arsenal bilan variant ancha iliqroq ko‘rindi, muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi, lekin yakunda hech narsa chiqmadi. Alvarez esa o‘zini yana Madriddagi ish beruvchilari bilan kelishishga majbur topdi.

Simeone bu vaziyatdan ham dars chiqarishga urindi: “Meningcha, hayot imkoniyatlarga to‘la. Julian hozir shunday imkoniyatga ega. Ko‘p vaqtimizni hukm chiqarish bilan o‘tkazamiz, aslida esa kamroq hukm qilib, ko‘proq o‘rganishimiz kerak. Umid qilaman, bu unga saboq bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi u.

Keyin esa gapni yanada sodda qilib tugatdi: “Umid qilaman, u baxtli bo‘ladi… va buni gollar bilan ko‘rsatadi”.

Yulduzni jazolash emas, qayta yondirish

Simeone uchun eng nozik nuqta aynan shu yerda. U asosiy hujumchisini jazolangan, chetga surilgan odam sifatida emas, yana markazga qaytgan, o‘zini muhim his qiladigan futbolchi sifatida ko‘rmoqchi.

Bu oson sinov emas. Alvarez Atletico safida allaqachon 107 o‘yinda 49 gol urgan, Colchoneros hujumi uchun tayanchga aylangan. Shunga qaramay, yozgi oynada uning Barcelonaga “yashirin” so‘rovi klub ichida jiddiy ishqalanish tug‘dirgan edi. Katalon klubi futbolchini olishga tayyor edi, ammo Atletico rahbariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri titul raqibini kuchaytirish g‘oyasini darhol rad etdi.

Qizig‘i shundaki, Arsenal bilan suhbatlar ancha konstruktiv kechdi. London klubi bilan bevosita muzokaralar o‘tkazildi, lekin vaqt, shartlar yoki bozorning o‘zi bu transferni yerda qoldirdi. Oqibatda Alvarez o‘zini istagan Camp Nou o‘rniga yana Metropolitano soyasiga qaytdi.

Simeone esa bir hafta avvaldayoq pozitsiyasini aniq qilib qo‘ygan edi: u futbolchini transfer shovqini orasida ham qo‘llab-quvvatlashini, 2022 yilgi jahon chempioni o‘zini qaytib kelgach “muhim” his qilishi uchun qo‘lidan kelganini qilishini aytgandi. Endi esa bu va’dalar amalda sinaladi.

Kuboklarsiz yulduz va ichki bezovtalik

Alvarezning noroziligi qayerdan kelgani tushunarli. Shaxsiy statistika bor, lekin sovrinlar yo‘q. Madridga kelganidan beri u Atletico bilan biror katta kubokni ko‘tarmadi. Hujumchi uchun bu og‘riqli nuqta. Ayniqsa, La Liga poygasi Real Madrid va Barcelona duopoliyasi ostida kechayotgan bir paytda.

Shu fon’da Barcelonaga o‘tish orzusi – faqat romantik istak emas, balki eng yirik sovrinlar uchun kurashish yo‘lidagi keskin burilish bo‘lishi mumkin edi. Ammo eshik yopildi. Endi esa yagona yo‘l – o‘sha sovrinlar sari Atletico libosida yurish.

Klub hozir turnir jadvalida raqobatbardosh holatda turibdi. Agar ular Real Madrid va Barcelona bilan teng kurashmoqchi bo‘lsa, Alvarez o‘zining eng sovuqqon, eng klinik versiyasiga qaytishi shart. Har bir yarim imkoniyat – golga aylanishi kerak bo‘lgan bosqichga kirildi.

Bilbaoda sinov, tribunada hukm

Endi navbat Athletic Club maydoniga safarga. San-Mames hech qachon mehmondo‘st bo‘lmagan, ayniqsa bosim ostidagi hujumchilar uchun.

Alvarez uchun bu nafaqat qaytish o‘yini, balki ichki hukm kuni ham bo‘lishi mumkin. Tribunalarga yig‘ilgan muxlislar uning har bir teginishini kuzatadi. Matbuot esa har bir imo-ishorasini, har bir yuz ifodasini tahlil qiladi.

Simeone uni tarkibga qaytardi. Endi so‘z navbati Alvarezga o‘tdi. U bu imkoniyatni yangi boshlanishga aylantiradimi yoki yozgi bo‘ronning aks-sadosi yana bir bor Atletico mavsumini larzaga keltiradimi?