UZB SPort

Dylan Tombides: Hayotlarni saqlab qolish uchun kurash

Qatarda o‘tayotgan Fifa U-17 jahon chempionati maydonlarida bitta ism yana va yana tilga olinmoqda. Bu safar u gol urayotgani yo‘q, klubini qutqarayotgani ham yo‘q. Ammo u baribir g‘alaba qozonmoqda. Ism – Dylan Tombides.

Oradan 15 yil o‘tdi. O‘sha payt West Ham United hujumchisi bo‘lgan, Avstraliya yoshlar terma jamoasida o‘ynagan Dylan Fifa U-17 jahon chempionatida ishtirok etganidan ko‘p o‘tmay saraton tashxisini eshitdi. Bugun esa uning hikoyasi aynan shu turnirda yangi avlodni ogoh qilmoqda.

DT38: oilaning og‘rig‘idan tug‘ilgan harakat

Dylan 2014-yilda, atigi 20 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Futbol bir iste’doddan ayrildi, bir oila esa farzandidan. Onasi Tracey Lee va ukasi Taylor Tombides esa qayg‘ini jim qabul qilishni tanlamadi. Ular DT38 Foundation jamg‘armasini yo‘lga qo‘ydi.

Endi esa bu jamg‘arma Fifa bilan hamkorlikda ishlayapti. Maqsad aniq: 15–44 yoshdagi erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan kasallik – moyak saratoni haqida xabardorlikni oshirish. Asosiy vosita esa Dylanning o‘zi, uning hikoyasi.

U West Ham safida faqat bitta asosiy tarkib uchrashuvida maydonga tushishga ulgurgan. Lekin bugun u o‘sha bitta o‘yindan ko‘ra kattaroq ishni bajarmoqda.

Tracey Lee buni aniq ifodalaydi: Fifa bilan bog‘lanish ular uchun cho‘qqi. Bu hamkorlik nafaqat tashabbusga jiddiylik bag‘ishlaydi, balki oilaning og‘rig‘ini biroz bo‘lsa ham yengillashtiradi. Chunki ular bitta gapni biladi: ular hayotlarni saqlab qolishyapti.

Ular olgan xabarlar buni tasdiqlaydi. Kimdir yozadi: Dylan hikoyasini eslab, o‘zidagi shishni vaqtida payqaganini, shifokorga kechikmay borganini, moyak saratoni tashxisi qo‘yilganini va bugun kasalliksiz ekanini. Bitta yigit, bitta qaror, bitta hikoya – butun bir oilaning taqdirini o‘zgartirgan.

Zalda kulgi, so‘ng esa jimlik

Qatardagi bu turnirda ishtirok etayotgan har bir jamoa – jami 48 terma, taxminan 1 200 nafar futbolchi – maxsus taqdimotdan o‘tmoqda. Mavzu oson emas, lekin zarur: moyak saratoni alomatlari va o‘zini tekshirish ahamiyati.

Dastlabki daqiqalarda zalda kulgi, mayin hazillar. O‘smir yigitlar uchun bunday mavzuda ochiq gaplashish oson emas. Ayniqsa jamoadoshlari qarshisida.

Ammo Fifa tibbiy direktori Dr Andrew Massey ta’kidlaganidek, xabar baribir yetib boradi. Ayniqsa, so‘z Tracey Lee qo‘liga o‘tganda.

U o‘g‘lining eng og‘ir yo‘lini birma-bir eslatadi.

Dylan 2011-yilda o‘zini yaxshi his qilmaganda, u klub shifokorlariga bormadi. West Ham o‘sha payt tushib ketish xavfi ostida edi, u esa shifokorlarni futbol bilan band qoldirishni istadi. Shuning uchun oddiy oilaviy shifokorga yo‘l oldi.

Shifokorning javobi qisqa bo‘ldi: xavotirga o‘rin yo‘q, bu shunchaki kista, odamlar bunday kista bilan ham yashaydi. Shunday bo‘lgach, Dylan mavsumni West Ham bilan tugatdi, so‘ng Avstraliyaga uchib, u yerdagi jamoadoshlari bilan mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Keyin esa Meksikoga yo‘l oldi.

U yerda hammasi o‘zgardi.

Tasodifiy dopинг testi Dylanni chetga oldi. Natija kutilmaganda chiqdi: taqiqlangan modda yoki o‘simta belgilari. Tekshiruv chuqurlashgani sari asl haqiqat yuzaga chiqdi – bu moyak saratoni edi.

Shundan so‘ng operatsiya: bir moyagini olib tashlashdi. Ortidan uch yil davom etgan og‘ir kimyoterapiya. Saraton bilan kurashning har bir bosqichi oila xotirasida muhrlanib qoldi.

Tracey o‘sha so‘nggi umid paytlarini eslaydi. Shifokorlar navbatdagi davolash usulining atigi 10 foiz imkoniyatga ega ekanini aytishgan. Qolganini butun dunyo biladi.

Yosh futbolchilarning ko‘zidagi savol

Ana shu hikoya zalni butunlay o‘zgartiradi. Kulgi o‘rnini jimlik egallaydi. Savollar paydo bo‘ladi. Kimdir boshini egadi, kimdir ko‘zini artadi.

Yosh futbolchilar boshqacha reaksiyalar ko‘rsatadi. Yamayka yoshlar terma jamoasi a’zolari Tracey oldiga kelib, yo‘qotish uchun samimiy uzr so‘raydi. Fransiya terma jamoasi bilan suhbatlar quchoqlash va qo‘l siqishlar bilan yakunlanadi.

Bu endi shunchaki tibbiy taqdimot emas. Bu maydon tashqarisidagi real raqib – saratonga qarshi ogohlantirish.

Dylan Tombides o‘zining qisqa futbol yo‘lida ko‘p o‘yin o‘tkazmadi, ko‘p gol ham urmadi. Ammo bugun uning nomi butun bir turnir bo‘ylab yangrayapti. Har bir taqdimotda, har bir savolda, har bir jim qolgan zalda.

Savol esa ochiq: bu avlod ogohlantirishni eslab qoladimi va o‘z vaqtida bir qaror bilan o‘z hayotini himoya qila oladimi?