Eddie Howe ketdi: Matthias Jaissle yangi murabbiy
St James’ Park tongni portlovchi xabar bilan qarshi oldi. Klub tarixidagi eng yorqin davrlardan birini boshlab bergan Eddie Howe endi Newcastle United bosh murabbiyi emas.
Uch yil yarimdan ko‘proq vaqt davomida Howe bu klubni tubdan o‘zgartirdi. 2021-yil noyabrida qulash yoqasidagi jamoani qabul qilib olgan murabbiy 2025-yilda Carabao Cupni yutdi, Newcastle’ni ikki bor Champions League sahnasiga olib chiqdi va Tyneside’da uzoq yillar eslanadigan davrni yaratdi.
Endi esa bu bob yopildi.
Shov-shuvli tong: ketish qarori va tezkor voris
Italiya insayderi Fabrizio Romano tong saharda xabarni yorib chiqdi: Howe klub bilan zudlik bilan ajrashmoqda. U ijtimoiy tarmoqda Newcastle rahbariyati qaror qilgani, murabbiy bilan yo‘llar ajralishi bo‘yicha ish boshlanganini ma’lum qildi.
Ortidan darhol keyingi zarba: Saudi Pro-League vakili Al-Ahli bosh murabbiyi, nemis mutaxassisi Matthias Jaissle yangi bosh murabbiylik uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rsatildi. Romano ma’lumotiga ko‘ra, 38 yoshli murabbiy bilan muzokaralar “juda ilg‘or bosqichda”, kelishuv “yaqin”.
Jaissle tasodifiy ism emas. U Al Ahli bilan ikki bor Asian Champions League g‘olibiga aylangan, eng muhimi, u ham Newcastle singari Saudi Arabia’s Public Investment Fund (PIF) boshchiligidagi tuzilma qo‘l ostida ishlaydi. Tizim uni yaxshi biladi, u tizimni yaxshi biladi.
Howe – kubok, Champions League va charchoq
Howe ketishining sabablari haqida The Athletic sharhlovchisi David Ornstein aniq yozdi: murabbiy o‘tgan mavsum oxirida St James’ Parkda qolishga qaror qilgan, lekin oradan ko‘p o‘tmay fikrini o‘zgartirgan va besh yillikka yaqin davom etgan davrni yakunlashga qaror qilgan.
Eng asosiy nuqta: u futboldan tanaffus olmoqchi.
Bu oddiy “ishdan bo‘shash” emas, ruhiy va jismoniy jihatdan to‘liq qayta tiklanish istagi. 48 yoshli mutaxassis klubga 70 yillik tanaffusdan so‘ng ilk kubokni hadya qildi, yuqori bosim, yuqori kutishlar, transfer bozoridagi kurashlar – bularning barchasi o‘z izini qoldirdi.
Ornstein ta’kidlaganidek, klub va murabbiy o‘rtasida hech qanday mojaroli uzilish yo‘q. Jarayon iliq, kelishilgan tarzda ketmoqda, Newcastle ham bu ssenariyga anchadan beri tayyor edi. Jaissle bilan muzokaralar ham shuning uchun tezlashgan.
Yulduzlar chiqib ketayotgan payt, murabbiy ham ketdi
So‘nggi oylar St James’ Park uchun og‘ir o‘tdi. Klubning tayanch ustunlari birin-ketin chiqib ketdi.
O‘tgan yozda Alexander Isak uzoq davom etgan sagadan so‘ng 125 million funt evaziga Liverpool safiga o‘tdi. Bu shunchaki transfer emasdi, bu PIF loyihasining birinchi katta sinovi edi. Bu yoz esa Sandro Tonali va Anthony Gordon ham ketdi. Endi Bruno Guimaraes ham chiqib ketish yo‘lini izlamoqda.
Bunday oqim har qanday murabbiyni charchatadi. Ayniqsa, Howe kabi murabbiylar uchun, u doimo “drip feed” – asta-sekin, o‘ylangan o‘zgarishlar tarafdori ekanini ochiq aytgan edi. U o‘tgan mavsum yakunida ham shuni urg‘ulagan: har bir transfer oynasida oz-ozdan, lekin sifatli o‘zgarish, olti nafar yangi futbolchi bilan butun jamoani qayta qurish emas.
Haqiqat esa boshqacha bo‘lib chiqdi. Yulduzlar ketmoqda, murabbiy esa doimiy qayta qurish rejimida ishlashga majbur bo‘ldi.
Ogohlantiruvchi signallar allaqachon bor edi
Bu ketish mutlaqo kutilmagan zarba emas. Mart oyidayoq jurnalist Graeme Bailey Howe kelajagi St James’ Parkda jiddiy muhokama ostida ekanini yozgandi. Mavsum yakunida klub 12-o‘ringa tushib ketdi, ikki marta Sunderlanddan mag‘lubiyat – bu Tyneside uchun og‘ir zarba.
Aprelga kelib Fraser Fletcher Howe kelajagi, yulduz futbolchilarning ketish istagi va yozgi oynaga tayyorgarlik fonida murabbiy o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurashayotganini yoritdi. O‘sha paytdagi ogohlantiruvchi sarlavhalar bugun aniq haqiqatga aylandi.
Shu orada Howe matbuot anjumanlarida savollardan qochmadi. U o‘zini ishonchli tutdi, “uzoq muddatli qarash” haqida gapirdi, klub manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yishini ta’kidladi. 1-may kuni u shunday degandi: murabbiy bir vaqtning o‘zida bugungi o‘yin, keyngi hafta, yozgi reja va keyingi mavsumni o‘ylashi kerak, bu uslubini hech qachon o‘zgartirmaganini aytdi.
Ammo natija bitta bo‘ldi: mavsum yakunidagi ichki tahlil Howe va uning yordamchisi Jason Tindall bilan davom etish kerakligini ko‘rsatsa-da, vaqt o‘tishi bilan murabbiy o‘zi uchun boshqa yo‘lni tanladi.
PIF loyihasi uchun yangi bob
Endi navbat PIF va Newcastle rahbariyatiga. Jaissle kelishi deyarli tayyor bo‘lsa, bu klubning texnik va taktik yo‘nalishi yana bir bor o‘zgaradi. Nemis murabbiyi Saudi Arabistonda bosim ostida ishlashga allaqachon ko‘nikkan, xalqaro sahnada g‘alabalar ko‘rgan, yosh bo‘lishiga qaramay, yirik loyihaga bosh bo‘lishga tayyor ekanini isbotlagan.
Savol bitta: u Howe boshlagan ishni davom ettiradimi yoki Newcastle’ni butunlay boshqa yo‘lga buradimi?
St James’ Park tribunalarida esa bir narsa aniq. Eddie Howe nomi bu stadionda yillar davomida minnatdorlik bilan tilga olinadi. 2025-yilgi Carabao Cup, Champions League kechalari, qulash yoqasidan qaytgan klub – bularning barchasi uning merosi.
Endi esa shu merosni kim va qanday uslubda davom ettirishi butun mavsumning eng muhim savoliga aylanmoqda.







