UZB SPort

Edu Nottingham Forestni tark etdi: o‘zgarishlar va ichki siyosat

“Nottingham Forest”dagi hokimiyat piramidasi yana o‘zgardi. Klubning global futbol bo‘yicha rahbari Edu City Groundni tark etdi. Atigi bir yilcha avval katta shov-shuv bilan kelgan braziliyalik mutaxassisning davri shunchalik tez yakunlanishini ko‘pchilik kutmagandi, ammo ichkaridagi taranglik bu jarayonni allaqachon tezlashtirib bo‘lgan edi.

Edu fevraldan beri jamoa o‘yinlariga umuman ko‘rinmadi. Bu allaqachon signal edi. Uning shartnomasi bekor qilingani aytilmoqda, ketishi esa klub atrofidagilar uchun sir bo‘lmay qolgan edi.

Nuno bilan keskinlik va Marinakis omili

Edu atrofidagi savollar o‘tgan mavsumdayoq kuchaygan, ayniqsa Nuno Espirito Santo bilan kelishmovchiliklar oshkora bo‘lib qolgach. Nuno sentyabrda ishdan bo‘shatilgan edi — o‘sha mavsumda “Forest” to‘rtta murabbiy almashtirishga ulgurdi.

Nuno o‘sha paytda intervyularida ichki taranglikni bevosita tilga olmagan bo‘lsa-da, egasi Evangelos Marinakis bilan munosabatlari “o‘zgarganini” aytib o‘tgan. Bu gaplar klub ichida nimadir uzil-kesil to‘g‘ri ketmayotganini ochiq ko‘rsatib qo‘ydi. Edu aynan shu bo‘shliqning markazida turgan figuraga aylandi.

Bo‘sh qolgan lavozim va yangi kuch markazi

Edu o‘rniga yangi global futbol rahbari izlanmaydi. Uning vakolatlari endi klubning chief football officer’i George Syrianos zimmasiga o‘tadi. Demak, qarorlar markazi yanada toraymoqda, ta’sir doiralari esa aniqroq chizilmoqda.

Edu 2025-yil iyulida ishga tayinlangandi. Uning vazifalari faqat “Nottingham Forest” bilan cheklanmasdi: Marinakis imperiyasidagi boshqa klublar — “Olympiacos” va Portugaliya klubi “Rio Ave” ham uning nazorati ostida edi. Endi bu tarmoq qay tarzda boshqarilishi — asosiy savollardan biri.

“Arsenal”dagi meros va “Forest”dagi qisqa sahna

Edu City Groundga yirik obro‘ bilan kelgandi. U “Arsenal”da olti yil ishladi, 2022-yilda klub tarixidagi ilk sporting director bo‘ldi. Futbolchi sifatida “Gunners” bilan ikki marta Premier League, ikki marta FA Cup yutgan, London klubi bilan bog‘liq nomi allaqachon tarixga yozilgan edi.

U “Arsenal”ga Mikel Arteta’ni olib kelgan odam sifatida ham eslanadi. Arteta esa o‘tgan mavsumda klubga 22 yillik tanaffusdan so‘ng ilk Premier League chempionligini olib berdi. Shunday fon bilan kelgan Edu’dan “Forest”da ham uzoq muddatli, tizimli inqilob kutilgan. Biroq City Grounddagi murakkab ichki siyosat bu rejalarni tezda yemirib tashladi.

Giannikos sahnaga chiqdi, Souloukou sahnadan tushdi

Edu ketishi klubdagi yuqori darajadagi o‘zgarishlarning navbatdagi bo‘ligi xolos. O‘tgan hafta sobiq “Olympiacos” vitse-prezidenti Theodore Giannikos “Nottingham Forest” bosh ijrochi direktori etib tayinlandi. U bu lavozimda City Grounddagi faoliyatini o‘tgan mavsum oxirida yakunlagan Lina Souloukou o‘rnini egalladi.

Marinakisga yaqin figurasi bo‘lgan Giannikosning kelishi, Edu ketishi va George Syrianos vakolatlarining kengayishi — bularning barchasi bir yo‘nalishni ko‘rsatadi: “Forest” boshqaruvida kuch markazi qaytadan chizilmoqda, qarorlar doirasi yanada markazlashmoqda.

Endi savol bitta: bu qayta taqsimlangan hokimiyat “Nottingham Forest”ni barqaror yo‘lga olib chiqadimi yoki City Ground atrofidagi bo‘ronlar endi endigina boshlanadimi?