Enzo Fernandez transferi: Chelsea va Manchester City o'rtasidagi taqdiriy kurash
Bugun futbol bozorida tarixiy domino qatori qulashini boshlab beradigan kun bo‘lishi mumkin. Yoki hammasi muzlab qoladi.
Gap – Enzo Fernandez atrofida. Chelsea juma kuni soat 17:00 BST gacha Manchester City va boshqa da’vogarlar uchun qat’iy muddat qo‘ydi. Narx ham aniq: 120 million funt. Shuncha pulga esa nafaqat top yarim himoyachi, balki siyosiy bayonot ham sotib olinadi.
Rodri ketmasa – Fernandez kelmaydi
Manzara oddiy: City Enzo Fernandezni faqat bitta shart bajarilgandagina oladi – Rodri Barcelona safariga chiqishi kerak.
Klub ichidagi manzara aniq: agar ispaniyalik tayanch yarim himoyachi qolsa, City Fernandezni olmaydi. Bu allaqachon qaror darajasiga chiqqan fikr.
Rodri so‘nggi yillarda City saltanatining markazida turdi. 2022-23 yilgi trebl, Istanbulda Inter Milan darvozasiga kiritilgan hal qiluvchi gol, to‘rtta liga chempionligi, ko‘plab kuboklar, Ballon d’Or – bularning bari uni nafaqat jamoa, balki butun davr timsoliga aylantirdi. 30 yoshda, 298 o‘yin ortda, lekin u endi o‘z yurtiga qaytishni xohlaydi. Manzil – Barcelona. Real Madrid allaqachon poygani tark etgan.
City 80 million yevro (68,4 million funt) so‘ramoqda. Barcelona esa shartnomasining muddati kelasi yozda tugaydigan futbolchi uchun birinchi taklif sifatida atigi 38,5 million funtni stolga qo‘ydi. Bu ikki raqam orasidagi bo‘shliq hozircha Fernandez kelajagini ham muzlatib turibdi.
BBC Sport muxbiri Simon Stone ma’lumotiga ko‘ra, ikki transfer ham bir-biriga bog‘langan, lekin majburiy tarzda bir paytda yakunlanishi shart emas. City Rodrining ketishi aniq bo‘lsa, Fernandez uchun darhol harakatga o‘tishi mumkin. Hatto shunday ssenariy ham bor: Fernandez kelishiga ulguradi, Rodri esa belidagi kichik muolajadan so‘ng maydonga qaytishga hali tayyor bo‘lmaydi.
Maresca, sobiq sardor va yangi reja
Bu hikoyaning yuragida Enzo Maresca turibdi. U Fernandezni Chelsea davrida nafaqat o‘yin markaziga, balki kiyinish xonasining ham markaziga aylantirgan edi. Reece James jarohat olganida sardorlik bog‘ichini aynan unga topshirgan murabbiy ham shu.
Maresca Chelsea boshqaruvida bo‘lgan 92 o‘yinning 79 tasida Fernandezni maydonga tushirdi. Argentinlik tabiatan tayanch yarim himoyachi, lekin o‘tgan mavsum Cole Palmer jarohat olganida murabbiy uni ancha oldinga surdi. Natija – karerasidagi eng sermahsul yil: 15 gol.
Shu sababli, agar transfer amalga oshsa, Maresca qo‘lida universal qurol paydo bo‘ladi. U allaqachon Nottingham Forestdan Elliot Andersonni 116 million funt evaziga olib keldi. Anderson ham, Fernandez ham – maydon markazida ham, undan biroz oldinda ham o‘ynashga qodir futbolchilar. Bu murabbiyga sxema bilan o‘ynash, raqibga qarab o‘yin uslubini keskin o‘zgartirish imkonini beradi. Va eng muhimi, ularni birga maydonga tushirish varianti ham juda real.
City yana bir tayanch yarim himoyachi – Lille futbolchisi Ayyoub Bouaddi bilan ham bog‘lanmoqda. Bu esa klub markazdagi avlod almashinuvi haqida jiddiy o‘ylayotganini ko‘rsatadi.
Sovigan munosabatlar va keskin chiziq
Chelsea bilan City o‘rtasidagi ziddiyat shundoq ham sezilib turardi. Marescaning o‘tish jarayoni bu aloqani yanada zaharladi.
Italiyalik mutaxassis London klubida 18 oy davomida egalar bilan tez-tez to‘qnash kelgan. 1 yanvar kuni u klubni tark etdi. O‘sha paytda Chelsea beshinchi o‘rinda edi, yakunda esa o‘ninchi pog‘onaga qulab tushdi. Maresca ketganidan keyin kelgan Liam Rosenior ham ushlanib qolmadi – yozda uning o‘rnini Xabi Alonso egalladi.
Rasmiy bayonotlarda bu “o‘zaro kelishuv” sifatida ko‘rsatildi, lekin Maresca keyinroq o‘zi iste’fo berganini ochiq aytdi va bu qaror Cityga yo‘l ochganini tan oldi. U ilgari ham Pep Guardiola yordamchisi sifatida Etihadda ishlagan, shuning uchun Guardioladan keyingi asosiy nomzod sifatida ko‘rilardi. Nihoyat, mavsum oxirida City uni olib keldi – buning uchun Chelsea hali ham katta miqdorda kompensatsiya oldi.
Chelsea muxbiri Nizaar Kinsella ta’kidlaganidek, Maresca atrofidagi bu voqealar ikki klub o‘rtasida “yomon qon” qoldirdi. Murabbiyning mavsum o‘rtasida ketishi jamoani, jumladan Fernandezni ham beqarorlashtirdi, uzoq davom etgan huquqiy tortishuvlar esa natijada Chelsea foydasiga 17,2 million funt keltirdi. Maresca ikki marta City qiziqishini rad etib kelgan, oxir-oqibat istaganini oldi, lekin kechirim so‘rashga va klubga noma’lum miqdorda tovon puli to‘lashga majbur bo‘ldi.
Endi esa aynan uning sobiq sardori Cityga o‘tishi ehtimoli bu qarama-qarshilikka yangi bob qo‘shishi mumkin.
Fernandez va Chelseaning charchagan nikohi
Maresca ketganidan keyin Fernandezning Chelseadagi kayfiyati tezda yomonlashdi. Mart oyida Paris St-Germain bilan bo‘lgan og‘ir mag‘lubiyatdan so‘ng u klubni ochiq tanqid qildi. Keyin esa orzusini aytdi: Madridga ko‘chish.
Bu so‘zlar unga qimmatga tushdi – Chelsea uni ikki o‘yinga zaxirada qoldirdi. O‘tgan oy Real Madrid rasmiy bayonot bilan chiqib, Fernandezni sotib olmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng maydonda faqat bitta jiddiy da’vogar qoldi – Manchester City.
Chelsea bugungi muddatni o‘z ichki o‘yinining bir qismi sifatida belgilagan. Rasmiy transfer oynasi 1 sentyabr, seshanba kuni soat 23:00 BST da yopiladi. Lekin London klubi ichkaridagi manbalar Kinsellaga: agar City juma kuni harakat qilmasa, imkoniyat yopiladi va Fernandez kelasi yozgacha qoladi, degan qat’iy pozitsiyani yetkazgan.
Chelsea uchun bu ikki tomonlama yutish sifatida ko‘rilmoqda: yoki u o‘z futbolchisini saqlab qoladi, yoki 120 million funtni bankka qo‘yadi. Qog‘ozda mantiqli ko‘rinadi. Amalda esa – bir necha kun kechikkan bo‘lsa ham, tarixdagi eng yirik takliflardan birini rad eta oladimi? Savol ochiq qolmoqda.
Klublar o‘z muddatlariga sodiq qolishi mumkinligini Manchester United 2020 yilda og‘riqli tarzda eslab qolgan. O‘shanda Borussia Dortmund Jadon Sanchoni sotish uchun 10 avgustni chiziq sifatida belgilagan, United esa bu faqat bosim vositasi deb o‘ylagan. Taklif kechikdi – va rad etildi. Transferga yana bir yil ketdi.
Rekordlar, raqamlar va Cityning yozgi isyoni
Agar Fernandez Cityga 120 million funt evaziga o‘tsa, bu futbol tarixidagi to‘rtinchi eng qimmat transfer bo‘ladi. Yozgi oyning o‘zida City ikki marta eng yirik oltilik ro‘yxatiga kiradi.
Hozircha faqat uch bitim undan qimmat: Alexander Isakning Newcastle’dan Liverpool’ga o‘tishi uchun to‘langan 125 million funt, shuningdek Paris St-Germain’ning 2017 yildagi Neymar va Kylian Mbappe transferlari. Andersonning Cityga 116 million funtlik o‘tishi hozir beshinchi o‘rinda, Fernandezning o‘zi esa 2023 yil fevralida Benficadan Chelsea’ga 107 million funtga ko‘chib, allaqachon ilk o‘nlikka kirib ulgurgan.
Yana bir yirik bitim City yozgi xarajatlarini 250 million funtdan oshirib yuboradi. Klub allaqachon yoshlar – Pierce Charles, Jeremy Monga, Mathys Detourbet, shuningdek zaxira darvozabon Geronimo Rulli’ni olib keldi. 2026 yil bo‘yicha umumiy raqamlar 350 million funtga yaqinlashmoqda: yanvar oyida Antoine Semenyo va Marc Guehi uchun 82,5 million funt sarflangan.
Shu bilan birga, yirik maosh oladigan bir qator futbolchilar bu yozda erkin agent sifatida ketdi – Bernardo Silva, John Stones. James Trafford esa Leeds’ga bonuslar bilan birga 45 million funtgacha bo‘lgan summa evaziga sotildi. Tijjani Reijnders Saudiya Arabistonidagi Al-Qadsiah klubiga 52 million funtga o‘tishga yaqin turibdi.
Chelsea ham o‘tirgani yo‘q
London klubi ham yozni qo‘l qovushtirib o‘tkazgani yo‘q. Uch hafta avval Bournemouth yarim himoyachisi Alex Scott uchun 64 million funtlik taklif rad etildi. Shunga qaramay, Chelsea klub rekordini yangilab, Aston Villa’dan hujumkor yarim himoyachi Morgan Rogersni 117 million funt evaziga olib keldi.
Umumiy xarajatlar allaqachon 300 million funtdan oshdi. Bunga Crystal Palace himoyachisi Maxence Lacroix uchun 52 million funt, Atalanta o‘ng qanot himoyachisi Marco Palestra uchun 47 million funt ham kiradi. Agar Fernandez sotilsa, Chelsea’ning bu yozgi sotuvlari 250 million funtdan oshib ketadi. Shuning uchun ham klub bugungi muddatni o‘zini himoya qiladigan, bozorni nazorat qiladigan chiziq sifatida ko‘rmoqda – agar argentinalik ketsa, o‘rnini bosadigan futbolchini topish uchun ikki haftadan ortiq vaqt qoladi.
Savol esa endi bitta: City Rodrining kelajagini hal qila oladimi va Chelsea belgilagan chiziqdan oldin Fernandez uchun zarbani beradimi? Yoki bu yozgi bozorning eng dramatik hikoyalaridan biri faqat so‘z darajasida qolib, haqiqiy portlashni kelasi mavsumga qoldiradimi?







