UZB SPort

Enzo Maresca: Pepdan keyin kelish sharaf

Enzo Maresca ilk bor Man City bosh murabbiyi sifatida matbuot oldiga chiqdi va birinchi jumlasidayoq mezonni baland qo‘ydi. U o‘zi egallagan lavozimning og‘irligini juda yaxshi tushunadi, lekin undan qo‘rqmayapti. Aksincha, bu vazifani sharaf deb biladi.

“Avvalo, bu – imtiyoz. Klub meni tanlagani uchun bu mening omadim, – dedi italiyalik mutaxassis. – Men ko‘p marta aytganman: Pep so‘nggi 20–25 yilda dunyodagi eng yaxshi murabbiylardan biri, balki eng yaxshisi.”

Guardiola soyasi uzun. O‘n yil, 17 ta yirik sovrin, klub tarixidagi eng buyuk murabbiy maqomi. Bunday merosni davom ettirish – istalgan murabbiy uchun sinov. Ayniqsa, Angliyada bunday ssenariylarning qanchalik og‘ir ketganini hamma ko‘rgan bir paytda.

Ferguson va Wenger sabog‘i

Maresca ochiq gapirdi: tarix ogohlantiradi. Sir Alex Ferguson ketganidan keyin Man United qanday tushkunlikka tushganini, David Moyes qanday bosim ostida qolganini u juda yaxshi biladi. Xuddi shunday, Arsène Wengerdan keyingi Arsenal ham darhol oyoqqa turib ketmadi, Unai Emery davri ham og‘riqli o‘tgan.

“It’s a challenge. It’s nice”, – dedi u, lekin so‘ng darhol ogohlantiruvchi misollarni eslatdi. “Sir Alexdan keyin, Arsènedan keyin hamma biroz qiynaldi. Bir murabbiy bir klubda ko‘p yil ishlaganidan keyin keladigan odamga doim og‘ir bo‘lgan.”

Shunga qaramay, u bu bosimdan qochishni emas, uni qabul qilishni tanlayapti. Uning uchun bu – darhol to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, klub strukturasiga moslashish, muxlislar va ichki muhit ishonchini oqlash imkoniyati.

“Bu klub, bu tashkilot uchun to‘g‘ri ishlarni zudlik bilan qilish – mana haqiqiy chaqiriq”, – dedi u.

City tizimi – Maresca uchun eng katta tayanch

Maresca uchun asosiy tayanch – klubning o‘zi. U Man City tizimini o‘ziga xos kafolat sifatida ko‘radi. So‘nggi 17 yilda atigi uchta bosh murabbiy: Roberto Mancini, Manuel Pellegrini, Pep Guardiola. Futbol olamida kam uchraydigan barqarorlik.

“Tashkilot – eng asosiy narsa, – dedi u. – Bu klubda 17 yilda uchta murabbiy bo‘lgan. Bu odatiy hol emas. Har joyda ham bunday bo‘lmaydi.”

Maresca o‘zini bu zanjirning navbatdagi bo‘g‘ini sifatida ko‘radi. Uning fikricha, Mancini boshlab bergan, Pellegrini davom ettirgan va Guardiola mukammallashtirgan yo‘lni uzmasdan olib borish – asosiy maqsad.

“Men ishonaman, biz juda yaxshi ish qila olamiz. Roberto davridan, keyin Manuel davridan, so‘nggi 10 yil Pep davridan boshlab qilinayotgan ishni davom ettirishimiz mumkin”, – deya qat’iy turib oldi u.

Rodri – jarrohlik, dam va yana qaytish

Yangi bosh murabbiy uchun ilk katta xabar – Rodri bilan bog‘liq. Jamoaning markazdagi tayanch futbolchisi bel operatsiyasiga yotadi va mavsum startini o‘tkazib yuborishi kutilmoqda.

“Dushanba kuni jarrohlik amaliyoti bo‘ladi, – dedi Maresca. – Keyin unga ta’til, dam kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng u biz bilan qaytib ishlaydi.”

Savol, albatta, faqat sog‘ligi haqida emas. 30 yoshli futbolchiga Real Madrid qiziqayotgani haqida gaplar bor. Lekin Maresca bu mavzuda ham sokin.

“Katta futbolchilar atrofida doim mish-mishlar bo‘ladi. Men bundan xavotir olmayman, – dedi u. – Ular (Ispaniya) Jahon chempionatida g‘alaba qozondi, u esa eng yaxshi o‘yinchi yoki eng yaxshilardan biri bo‘ldi. Bunday futbolchini har qanday murabbiy o‘z jamoasida ko‘rishni xohlaydi. U top darajadagi futbolchi.”

U bu bilan Rodrini qo‘yib yuborishga tayyorligini emas, aksincha, uning qiymatini va jamoa uchun ahamiyatini ta’kidlayapti. Lekin bozor ochiq bo‘lgan paytda hech narsa kafolat emas.

Grealish va Trafford: kelajak hali aniq emas

Maresca oldida faqat Pep merosini saqlab qolish emas, balki tarkibni shakllantirish masalasi ham turibdi. U James Trafford va Jack Grealish bo‘yicha ham ochiq gapirdi.

Grealish o‘tgan mavsumni Everton safida ijarada o‘tkazdi va endi klubga qaytdi. Trafford esa ikkinchi darvozabon sifatida qayd etilgan, lekin unga Leeds jiddiy qiziqmoqda.

“Jack hozircha Man City futbolchisi, – dedi Maresca. – Men har qaysi klubga borganda bir narsani aytaman: agar futbolchi klubga tegishli bo‘lsa, uni mashq qildirish mening burchim. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz.”

James Trafford haqida esa u alohida ohangda gapirdi – bu bejiz emas, chunki u bilan City U-23 jamoasida birga ishlagan.

“Jamesni yaxshi bilaman, u mening darvozabonim bo‘lgan. Lekin transfer oynasi ochiq bo‘lsa – hozir ham, yanvarda ham – hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hozircha u bizning darvozabonlarimizdan biri xolos”, – dedi Maresca.

Bu so‘zlar ortida aniq signal bor: hech kimning kelajagi to‘liq kafolatlangan emas. Tarkib qayta shakllanishi mumkin, lekin bu jarayon klub tizimi va murabbiy falsafasiga mos ravishda olib boriladi.

Maresca ilk matbuot anjumanidayoq bir narsani ko‘rsatdi: u Pep soyasidan qochmaydi, undan yashirinmaydi. Aksincha, o‘sha soyani o‘z yo‘liga fon qilib olmoqchi. Endi savol bitta: u bu bosim ostida yangi davrni boshlab bera oladimi yoki Ferguson va Wengerdan keyingi kabi og‘ir sahifa bu safar Manchesterning ko‘k tomonida ham ochiladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling