Enzo Maresca uchun Rodri o‘rnini bosuvchi futbolchilar
Enzo Maresca uchun Manchester’dagi asal oylari kutilganidan ancha qisqa bo‘lishi mumkin. Atigi olti hafta oldin klubni qabul qilib olgan murabbiy endi birinchi katta sinovi bilan yuzma-yuz turibdi: jamoaning yuragi, maydon o‘rtasidagi hukmdor Rodri o‘rnini bosish.
Ispaniyaga qaytish bo‘yicha gap-so‘zlar tobora kuchaymoqda. 30 yoshli yarim himoyachi shartnomasining so‘nggi yiliga kirdi, Manchester City esa allaqachon Barcelona’dan kelgan 38,5 million funtlik taklifni rad etgan, Real Madrid ham kuzatib turibdi. Yevropada trebl yutgan, keyinroq Ispaniya bilan Yevropa chempioni bo‘lgan, yozda esa jahon chempionligini ham qo‘lga kiritgan futbolchini yo‘qotish – bu shunchaki transfer emas, butun tizimni qayta qurish demak.
Oldini kesib o‘tgan oldingi xochsimon bog‘lama (ACL) jarohati Rodri hukmronligini bir muddat to‘xtatgandek bo‘lgandi. Lekin u o‘tgan mavsum City safida yana o‘zini eslatdi, yozda esa Ispaniya terma jamoasini kapitani sifatida yana cho‘qqiga olib chiqdi. Endi esa yetti yillik Manchester davridan keyingi ehtimoliy xayrlashuv klub markazida ulkan bo‘shliq qoldiradi.
Maresca aynan kimga ishonadi? Uch asosiy nom atrofida shov-shuv katta.
Bouaddi – 18 yoshda, lekin tayyor dirijyor
Lille markazida o‘ynaydigan marokashlik Bouaddi nomi butun yoz davomida Manchester bilan yonma-yon tilga olinmoqda. Klub 18 yoshli futbolchi bilan uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabarlar bor, taxminiy narxi – 85 million funt atrofida. O‘zi esa bu qadamga ijobiy qarayotgani aytilmoqda.
Bouaddi o‘tgan mavsumda Ligue 1’da 30 o‘yin o‘tkazdi – bu yosh uchun jiddiy ko‘rsatkich. Eng muhimi, u allaqachon yirik sahnani ko‘rdi: 2024 yilda Champions League’da Real Madrid ustidan qozonilgan g‘alabada yulduzga aylangandi, yozgi World Cup’da ham o‘zini ko‘rsatdi. Bu tajriba uni shunchaki istiqbolli iste’dod emas, balki hozirning o‘zidayoq tayyor variant sifatida ko‘rsatadi.
Uning roli ham City uchun qulay: Bouaddi chuqurdan o‘yin boshqaradigan, pressing ostida to‘pni saqlab qoladigan, tempni boshqaradigan “dirijyor”. Ya’ni Rodri’ning o‘ziga xos nusxasi, lekin boshqa ranglarda. Yozda kelgan Elliot Anderson ko‘proq “box-to-box” tipidagi, jarima maydoniga kirib boradigan, pressingda ishlaydigan yarim himoyachi bo‘lsa, Bouaddi undan orqaroqda o‘yin ritmini ushlab turishi mumkin.
Bu yerda gap faqat Rodri haqida emas. Bernardo Silva bilan xayrlashuv City’ni ijodkorlik va xarakterdan ham mahrum qildi. Shunday paytda 18 yoshida bo‘lsa ham yuqori darajadagi o‘yin tajribasiga ega bo‘lgan, pressingga chidamli, to‘p bilan xotirjam Bouaddi – kelajak uchun emas, hozirning o‘zida ham jiddiy yechim bo‘lishi mumkin.
Enzo Fernandez – Maresca ishonchini allaqachon qozongan sardor
Bir tomonda istiqbol, boshqa tomonda esa allaqachon sinovdan o‘tgan variant. Chelsea yarim himoyachisi Enzo Fernandez – ayni paytda Maresca ro‘yxatida eng yuqori o‘rinda turgan nomlardan biri. Buning sababi oddiy: ular allaqachon birga ishlashgan.
Maresca London klubida bo‘lgan paytda Reece James bo‘lmaganda sardorlik bog‘ichini aynan Fernandezga topshirgan. Bu qaror tasodif emas. Italiyalik murabbiy argentinalik futbolchini nafaqat texnik jihatdan, balki xarakteri, maydondagi yetakchiligi uchun ham qadrlaydi. Rodri ketadigan bo‘lsa, City aynan mana shunday ovozga, maydondagi boshga muhtoj bo‘ladi.
Lekin bu ishning narxi bor. Chelsea o‘z yulduziga 120 million funt belgilagan, City esa allaqachon Anderson uchun 116 million sarflagan. Bu – har qanday klub byudjeti uchun og‘ir raqam. Shunga qaramay, statistikaga qaralsa, sabab tushunarli: o‘tgan mavsumda Fernandez 54 o‘yinda 15 ta gol urdi, 7 ta golli uzatma berdi. Bu ro‘yxatdagi variantlar orasida u muvaffaqiyatli paslar, jarima maydoniga uzatmalar va so‘nggi uchinchi zonaga yetkazilgan to‘plar bo‘yicha yetakchi.
Uning o‘yini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirishga qaratilgan: jarima maydoniga yugurishlar, raqib pressingini yorib o‘tadigan paslar, tashabbusdan qochmaslik. Maresca uslubida to‘pni nazorat qilish bilan birga, markazdan hujumga o‘tish tezligi ham muhim bo‘ladi – Fernandez aynan shu jihat bilan ajralib turadi.
Hozir esa vaqt ishlamayapti. Fernandez Argentina bilan World Cup finaliga chiqdi, finalda maydondan chetlatildi, ammo shunga qaramay, Chelsea uni qayta to‘liq jamoaga qo‘shishga tayyor. Klub 17:00 BST, juma kungacha bo‘lgan muddatni belgilagan – shu vaqtdan keyin keladigan takliflar ko‘rib chiqilmaydi, degan kayfiyat bor. Demak, agar City bu yo‘ldan boradigan bo‘lsa, qarorni cho‘zish imkoniyati yo‘q.
Alex Scott – Premyer-ligaga mos, energiya va intensivlik manbai
Yana bir yo‘l – ichki bozor. Bournemouth yarim himoyachisi Alex Scott atrofida ham bu yozda ko‘p gap bo‘ldi. 22 yoshli Angliya terma jamoasi a’zosi klub taklif qilgan yangi shartnomalarni rad etgan, lekin amaldagi bitim 2028 yilgacha amal qiladi, Bournemouth esa uni qo‘yib yuborishni istamayapti.
Bu shunchaki so‘z emas. Klub o‘tgan oy Chelsea’dan kelgan 64 million funtlik taklifni rad etdi, Arsenal urinishlarini ham to‘xtatdi. Bu qarorlar Scott’ning ichki bozor qiymatini ham, Bournemouth uchun ahamiyatini ham ko‘rsatib turibdi.
Nega City bu nomga qiziqmoqda? Sabab – Maresca futbol falsafasida. U to‘pni ushlab turish, pozitsion o‘yin, lekin shu bilan birga intensiv pressing va tezkor o‘tishlarni talab qiladi. Scott aynan shu profilga mos: energiyasi, to‘pni oyoqda olib yurish mahorati, raqib zonalariga kirib borish qobiliyati bilan ajralib turadi. Uning jarima maydoniga uzatmalari va yakkama-yakka kurashlarda yutish foizi uni markaz uchun jozibador nomzodga aylantiradi.
Scott Rodri tipidagi “orqa chiziqdagi boshqaruvchi” emas. U ko‘proq dinamik, vertikal, raqib chizig‘ini yorib o‘tadigan futbolchi. Lekin Maresca tizimida bu ham afzallikka aylanishi mumkin: Rodri ketgach, City markazi biroz boshqacha qiyofaga kirishi, ko‘proq intensivlik va pressingga tayangan o‘yin ko‘rsatishi ehtimoli bor.
Maresca oldida murakkab savol turibdi: u Rodri’ning aniq nusxasini topishga urinadimi yoki butun markazni qayta shakllantiradimi? Bouaddi – kelajak va hozirning uyg‘unlashgan varianti. Fernandez – murabbiy ishonchini allaqachon qozongan, tayyor yetakchi. Scott esa – Premyer-ligani biladigan, intensivlik va energiya olib kiradigan ichki bozor yulduzi.
Rodri kelajagi bo‘yicha qaror qancha cho‘zilsa, bu savol shuncha keskinlashadi. Manchester City so‘nggi yillarda deyarli hamma katta boshog‘riqlarni muvaffaqiyatga aylantira oldi. Endi esa navbat Maresca qo‘lida: u kimga suyanadi va yangi davrni qaysi ism bilan boshlaydi?







