Etihaddagi inqilob: Guardiola ketishi va yangi davr
O‘n yil davomida bir murabbiy butun klub falsafasini belgilab keldi. Endi esa bu sahifa yopildi. Etihadda yangi davr boshlandi. Pep Guardiola ketdi, uning o‘rniga Enzo Maresca keldi. Shunchaki almashinuv emas, butun imperiyaning boshqaruvini topshirish.
Guardiola Manchesterdagi ishini may oyida mahobatli yakunladi: avvaliga League Cup finalida Arsenal, so‘ng FA Cup finalida Maresca sobiq jamoasi Chelsea ustidan g‘alaba. Klubdagi 19- va 20-kuboklari. Oldinroq olti marta Premier League, uchta FA Cup, beshta League Cup, bir marta Champions League. Bu merosni o‘lchash qiyin. Uni davom ettirish esa yanada mushkul.
Maresca bu bosimni juda yaxshi his qiladi. U 2022-23 mavsumida Guardiola yonida yordamchi sifatida ishlagan, tizimni, talablarni, ichki raqobatni ko‘rgan. Endi esa u o‘sha mashinaning boshiga o‘zi o‘tiradi.
Yulduzlar ketdi, o‘yin yangilanadi
Yangi davr faqat murabbiy bilan cheklanmayapti. Maydonda ham yirik sahifalar yopildi. John Stones va Bernardo Silva klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davr qahramonlaridan bo‘lib qoldi, ammo endi ular mos ravishda Inter va Real Madrid tarkibida erkin agent sifatida yo‘lini davom ettiradi.
O‘rtada tayanch bo‘lib kelgan Rodri ham ketdi. U Barcelona safiga qo‘shildi. Bu uchlikning ketishi — nafaqat sifat, balki kiyinish xonasidagi xarakter, tajriba, g‘alaba mentalitetining katta bo‘lagini yo‘qotish demak.
City bo‘shliqni yopish uchun pulni ayamadi. Nottingham Forestdan Elliot Anderson olib kelindi. Klub Enzo Fernández va Ayyoub Bouaddi bilan ham jiddiy bog‘lanmoqda. Ammo bu transferlar ham Guardiola davridagi tayanch uchlikning o‘rnini birdan to‘ldirib bera oladimi? Savol ochiq qolmoqda.
Shu bilan birga, City allaqachon ikki mavsumdir Premier League kubogini ko‘tarmayapti. Guardiola o‘rnatgan standartlarga ko‘ra bu deyarli inqiroz darajasi. Avval Liverpool, keyin Arsenal chempionlikni tortib oldi. Maresca uchun bu mavsum — bahona qabul qilinmaydigan yil. U allaqachon Community Shieldda Mikel Arteta jamoasidan 3:0 hisobida mag‘lubiyat olib, ilk zarbani qabul qilib bo‘ldi.
Haaland: yana bir marta asosiy to‘purar bo‘lishga tayyor
Bitta narsa deyarli o‘zgarmaydi. Sog‘lom bo‘lsa, Erling Haalandning bu mavsumda ham Manchester Cityning asosiy to‘purari bo‘lmasligi — sensatsiya bo‘ladi.
Norvegiyalik hujumchi ajoyib jahon chempionatini o‘tkazdi va Premier Leaguedagi so‘nggi to‘rt mavsumning har birida kamida 22 tadan gol urdi. O‘tgan mavsumda esa 27 gol. Guardiola qo‘l ostida butun jamoa uning atrofida qurilgan edi, hujumdagi barcha oqim oxir-oqibat Haalandga borib taqalardi.
Maresca Chelsea bosh murabbiyi bo‘lgan paytda eng katta sakrashni sobiq City futbolchisi Cole Palmer amalga oshirdi, lekin Nicolas Jackson ham yetarlicha imkoniyat oldi, faqat ularni ko‘p boy berdi. Haaland bunday saxovatli bo‘lmaydi. 26 yoshga kirgan, tajribasi oshgan, maydondagi sovuqqonligi yanada kuchaygan. Agar City yarim himoyada yo‘qotgan sifatini tezda tiklay olsa, Haaland yana bir marta raqiblar uchun halokatli qurol bo‘lib qoladi.
Yangi qahramon qayerdan chiqadi?
Bu tarkibda “yangi yuz” topish oson emas. Manchester City deyarli har bir pozitsiyada tayyor yulduzlarga ega. Shuning uchun “mavsum yorqin kashfiyoti” degan tushuncha biroz shartli ko‘rinadi.
Elliot Anderson allaqachon Nottingham Forest va jahon chempionatidagi o‘yinlari bilan o‘zini ko‘rsatib bo‘lgan. Uni endi “kutilmagan” deb atash qiyin. 17 yoshli Jeremy Monga esa Leicesterdan kelib, ko‘proq kelajak uchun olinayotgandek. Undan darhol portlash kutish adolatdan bo‘lmaydi.
Shu fon’da e’tibor tabiiy ravishda Abdukodir Xusanovga tushadi. U o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidayoq o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Endi esa gap boshqa: u to‘liq sog‘lom tarkibda ham markaziy himoyada asosiy tanlovga aylana oladimi?
Stones ketgan, tizim o‘zgarmoqda, himoya liniyasida raqobat qayta shakllanmoqda. Xusanov uchun bu imkoniyat oynasi. Agar u barqarorlikni topa olsa, bu mavsum u uchun nafaqat “yorqin davr”, balki City himoyasida uzoq yillik o‘rnini belgilab beradigan yilga aylanishi mumkin.
Foden uchun “yo bo‘l, yo bo‘lma” mavsumi
Phil Foden iste’dodi borasida shubha qiladigan inson topish qiyin. Ammo o‘tgan mavsumda u shu iste’dodni doimiy ravishda namoyish qila olmadi.
U ko‘proq zaxiradan tushadigan, rotatsiyadagi bo‘lak futbolchiga aylandi. 33 ta Premier League uchrashuvida atigi yettita gol — Foden darajasidagi o‘yinchi uchun kamtarona ko‘rsatkich. Natijada u jahon chempionati tarkibidan ham chetda qoldi.
Endi esa manzara boshqacha bo‘lishi mumkin. Yangilangan shartnoma, to‘liq o‘tilgan yozgi tayyorgarlik, yangi murabbiy, yangi talablar. Maresca qo‘l ostida Foden nihoyat markaziy rolni qaytarib oladimi? Agar u ritmni topsa, raqiblar uchun to‘xtatib bo‘lmaydigan o‘yinchiga aylanishi hech gap emas.
Muvaffaqiyat mezoni o‘zgarmaydi
Manchester Cityda standartlar allaqachon shakllangan. Guardiola kelishidan oldin ham, undan keyin ham: Premier League yutib olinmasa — bu muvaffaqiyatsizlik. Oddiygina shunday.
Bu talab Maresca uchun ham o‘zgarmaydi. Bernardo Silva kabi sardorni yo‘qotish, Rodri kabi tayanchni qo‘yib yuborish — bahona bo‘la olmaydi. City hali ham hamma turnirda chempionlik uchun kurashadigan tarkibga ega.
Arsenal nihoyat 22 yillik tanaffusdan so‘ng liga chempionligini qo‘lga kiritib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytardi. Endi ular “bosimni yenga olmaydigan jamoa” emas. Maresca esa shunday paytda sahnaga chiqmoqda. U nimaga qo‘l urayotganini juda yaxshi biladi: bu klubda ikkinchi o‘rin — tasalli emas, og‘riq.
Muvaffaqiyat mezoni aniq: may oyida yana liga kubogini ko‘tarish. Shundagina bu mavsum “o‘tish davri” emas, “yangi davrning boshlanishi” sifatida qabul qilinadi.
Eng katta savol: Maresca Guardiola soyasidan chiqoladimi?
Guardiola davrida City o‘zini xavfsiz qo‘llarda his qilardi. Taktika, o‘yin boshqaruvi, katta uchrashuvlardagi qarorlar — hammasi deyarli mukammal ishlardi. Endi bu kafolat yo‘q.
Maresca Chelsea bilan Club World Cup va Conference League turnirlarida sovrin yutdi, ammo ichki chempionatda uning jamoasi barqarorlik ko‘rsata olmadi. U hali Guardiola darajasidagi taktik dahoga aylangani yo‘q. Buni hech kim yashirmaydi.
Albatta, hozir uning qo‘lida avvalgi ish joylaridagi tarkiblardan bir necha pog‘ona kuchliroq jamoa bor. Bu katta ustunlik. Lekin savol baribir ochiq: hatto bunday resurs bilan ham u Guardiola o‘rnatgan “aqldan ozdiradigan” standartlarga yaqinlasha oladimi?
Bashorat: chempionlik uchun kurash, lekin…
Hozirgi manzarada Manchester City uchun eng real ssenariy — ikkinchi o‘rin. Agar Maresca darhol o‘z g‘oyalarini singdira olsa, jamoa tezda ritmga kirib, Arsenalni ham ag‘darib tashlashi mumkin. Ammo birinchi mavsumdanoq buni qilish — nihoyatda og‘ir vazifa.
City yana chempionlik poygasining markazida bo‘ladi. Savol boshqa: Etihad tribunalarida yangi davr Guardiola soyasidan qanchalik tez chiqib ketadi?






