UZB SPort

Ferrari ichidagi ziddiyat: Las-Vegasdagi to‘qnashuvdan so‘ng

Las-Vegasning yaltiragan chiroqlari ostida bo‘lib o‘tgan Gran-pri Ferrari uchun navbatdagi sharmandali sahnaga aylandi. Lewis Hamilton va Charles Leclerc yana bir bor bir-birining poygasini barbod qildi. Bu safar ham, aynan ular o‘z jamoasining eng katta raqibi bo‘lib chiqdi.

22 aylanish qolganida Leclerc Hamiltonni yengilgina turtgandek bo‘ldi, lekin natijasi og‘ir bo‘ldi: Hamilton aylanishga majbur, ikkala bolid ham ochkolardan mahrum bo‘ldi, McLaren esa oldinda, podiumda. Ferrari esa yana ichki urushini tomosha qildi.

Leclerc hodisa uchun 10 soniyalik jarima oldi. Bu uni 10-o‘ringa uloqtirdi. Hamilton esa uch pog‘ona oldinda marraga yetib keldi. Poygani esa odatdagidek Red Bull yetakchisi Max Verstappen yutdi.

Bu – mavsum ichida poyga davomida ularning natijasini izdan chiqargan ikkinchi jiddiy to‘qnashuv. Eng achinarlisi, bu Braziliyadagi “yarashuv” uchrashuvidan keyin, Meksikodagi birinchi aylanishdagi jang Ferrari’ga g‘alabani yo‘qotganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Gaplar aytildi, xulosalar chiqarildi, degan edi jamoa. Lekin trek buni inkor qildi.

Hamilton: “Bunday narsa hech qachon bo‘lmasligi kerak”

Hamilton o‘z so‘zini qisqa, lekin aniq aytdi: bunday vaziyat “hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak”. U gapni cho‘zishni istamadi, mas’uliyatni esa aniq manzilga yo‘naltirdi: “Savol endi Ferrari uchun”.

Bu so‘zlar tasodifiy emas. Yettita chempionlikdan keyin ham u o‘zini jamoa ichidagi o‘yinlarda himoyasiz ko‘rishni yoqtirmaydi. Ayniqsa, o‘tgan yil Leclerc fonida qiynalgach, 2026-yilda qayta jonlanib, mavsumning katta qismini kuchli formada o‘tkazgan paytda.

Leclerc esa ochig‘ini aytdi: “Ishlamayotgan narsani tuzatishimiz kerak”. Uning jarima olgani, stevardlar qarori, jamoa ichidagi kayfiyat – hammasi aybni, hech bo‘lmaganda rasmiy nuqtai nazarda, unga yuklaydi.

Vasseur: “Bu jamoaga hurmatsizlik”

Ferrari bosh rahbari Frederic Vasseur esa his-tuyg‘ularini yashirmadi. Uning bahosi keskin bo‘ldi: “Bu butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan holat”.

U vaziyatni faqat trekdagi xato emas, balki tizimli muammo sifatida ko‘rmoqda: “Bu jamoaga, homiylarga bo‘lgan hurmatning yetishmasligi, Meksikodan keyingi gapning aynan o‘zi. Charles’ga o‘tib ketmaslik haqida xabar berdik, chunki bu turdagi poygada oldingilarni o‘tishing kerak, aks holda o‘zingni orqadagilar yutib ketadi. Har kim o‘z poygasini qilishi kerak edi, Charles esa aniq xatoga yo‘l qo‘ydi”.

Natija og‘ir: “Bu jamoani juda qattiq jazoladi va bu butunlay qabul qilib bo‘lmaydi. Rostini aytsam, biz juda ham jahlimiz chiqqan. Meksikodan keyin xabar aniq edi, Braziliyada birga gaplashdik, bugun esa yana jamoani o‘ylab poyga qilish kerakligi eslatildi – natija esa mana shu”.

Bu faqat bitta to‘qnashuv emas. Mavsum bo‘yi Hamilton va Leclerc o‘rtasidagi tortishuvlar kuchayib bordi: trekdagi keskin kurash, strategiya bo‘yicha kelishmovchiliklar, Hamiltonning ikki xil poygada bokslarga kirish haqidagi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirgani – bularning barchasi faqat bitta maqsad bilan: Leclerc’ni mag‘lub etish.

Hamiltonning “birinchi raqam” mavqei haqida

Savol tabiiy: Hamilton o‘zini jamoaning aniq yetakchisi sifatida ko‘rishni talab qilyaptimi?

U bunga qarshi javob berdi: “Men hech qachon o‘zimni birinchi raqam qilishni so‘ramaganman. Rostdan ham hech qachon so‘ramaganman”.

Shunga qaramay, u mavsumning bir pallalarida vaziyat boshqacha bo‘lishi kerakligini eslatdi: “Mavsumda bir payt bor ediki, men 40 ochkoga yaqin oldinda edim, va o‘sha paytda kurash men bilan Kimi (Antonelli) o‘rtasida edi. Men unga eng yaqin edim, yilning katta qismini ikkinchi o‘rinda o‘tkazdim. O‘sha vaqtda bizga uni yutish uchun orqadan kuchliroq yordam kerak edi. Mavsumda shunday paytlar bo‘ldiki, qo‘llab-quvvatlash bilan biz Kimi’ni yutishimiz mumkin edi”.

U yana bir bor Las-Vegasdagi hodisaga qaytdi: “Yo‘q, men shuni so‘ramaganman. Biz bir-birimiz bilan to‘qnashmasligimiz kerak edi. Bunday bo‘lmasligi kerak, xolos. Men bu haqda aytishim mumkin bo‘lgan hamma narsani aytdim, endi savol Ferrari uchun”.

Radio orqali keskin daqiqalar

To‘qnashuvdan avval ham havoda taranglik bor edi. Jamoa radiosi orqali ikki xil dunyo ko‘rinib turdi.

Leclerc Hamiltonning himoyasidan norozi bo‘ldi: “Bu siqishlar bilan ehtiyot bo‘lishi kerak, chunki bunday tugamaydigan ko‘rinadi”. U raqib emas, jamoadosh bilan shunday gapiryapti.

Hamilton esa o‘z navbatida keskin ohangda jamoaga murojaat qildi, Leclerc’ga “ortga chekinishini” aytishni so‘rab, ularni oldindagi raqiblarni quvishga urinayotganini ta’kidladi. So‘zlari ochiq, hissiyotli, censurasiz bo‘ldi.

Bu manzara Meksikodagi birinchi aylanishni eslatdi. O‘sha paytda Leclerc Hamilton’ga hujum qilayotgan edi, Hamilton esa ikkovi ham oldinda qolib, Ferrari’ning bir-birini himoya qiluvchi juftligi bo‘lishi kerakligini o‘ylardi. Ikkita qarash, bitta jamoa. Natija esa – yo‘qolgan imkoniyatlar.

Vasseur: sovigan bosh bilan suhbat

Poygadan so‘ng Vasseur darhol katta yig‘ilish o‘tkazishni istamadi. U ertangi kunni kutishni ma’qul ko‘rdi: “Mening hafsalam pir bo‘lganini tasavvur qila olmaysiz, lekin bundan ham muhimi – uyda ishlayotgan yigitlar uchun. Men ertaga suhbatlashmoqchiman. Charles ham vaziyatni hazm qilib olsin. Poygadan ikki daqiqa keyin ular bilan gaplashish to‘g‘ri joy emas”.

Leclerc ham bo‘lajak suhbatni bo‘rttirmadi: “Menimcha, u qattiq bo‘lmaydi. Bizning hech bir suhbatimiz qattiq bo‘lmagan, lekin bu albatta shu tarzda davom eta olmaydi. Men jarima oldim, demak, stevardlar meni aybdor deb topdi, menimcha, ko‘pchilik ham shunday o‘ylaydi, demak, bu munosib bo‘lgan”.

Ferrari endi faqat tezlik muammosini emas, o‘z yuragidagi eng og‘riqli savolni hal qilishi kerak: Hamilton va Leclerc bir jamoada haqiqiy hamkor bo‘la oladimi yoki bu duet endi doimiy portlash xavfi ostidagi bomba bo‘lib qoladimi?