UZB SPort

Fifa o‘ziga ishonyapti, lekin qolgan dunyo-chi?

Fifa o‘ziga o‘zi ishonyapti. Qolgan dunyo-chi?

Jahon futbolini boshqarayotgan tashkilot bugun bizga shuni ma’lum qildi: unga bo‘lgan ishonch tiklanmoqda. Qanday bilishimiz mumkin? Chunki aynan o‘zi shunday dedi. Va hozirgi Fifa tasvirlayotgan manzarada asosiy muammo – o‘zi emas, unga qilingan “hujumlar”.

Aslida esa fon butunlay boshqacha.

“Fifa Forward Enterprise” va yashirin reja

So‘nggi haftalarda Fifa atrofida paydo bo‘lgan eng katta bo‘ron – “World Cup”ni amalda sotib yuborish xavfi bo‘ldi. Rasmiy ravishda bunday rejalar yo‘q, deyiladi. Lekin bu g‘oya qayerdandir paydo bo‘ldi, muhokama qilindi, hatto shunchalik yopiq doirada yuritildiki, tashkilot ichidagi ko‘plab rahbarlar ham voqeadan keyin xabar topdi.

Fifa Rabot (Marokash) shahrida “konstruktiv va ijobiy uchrashuv” bo‘lib o‘tganini e’lon qildi. Ammo bu uchrashuvga bor-yo‘g‘i bitta saylangan shaxs, 211 a’zo assotsiatsiya tomonidan tanlangan yagona rasmiy – prezident Gianni Infantino vakillik qiladi. Aynan shu assotsiatsiyalarning ko‘pchiligi bugun Infantino iste’fosini talab qilayotgani, boshqalari esa Fifa ichida ishlab chiqilgan, rasmiy bayonotlarda “Fifa Forward Enterprise taklifi” deb atalgan loyihaga ochiq qarshi chiqqani esa alohida ironiyaga o‘xshaydi.

Endi bu loyiha rasmiy ravishda bekor qilindi. Fifa matni esa, Orvell romanlaridan chiqqandek, bu orada asosiy muammo sifatida yana “tashkilotga qilingan adolatsiz hujumlar”ni ko‘rsatadi.

Bitta odamning xatosi yoki butun sportga qarshi to‘ntarish?

Jahon futboli bir odam atrofida inqirozga yuz tutdi. Gianni Infantino bu reja haqida deyarli hech kimga to‘liq tushuntirmadi – Fifa bosh operatsion direktori Kevin Lamour, global futbol rivojlanishi bo‘yicha rahbar Arsene Wenger, konfederatsiyalar, klublar, milliy assotsiatsiyalar, futbolchilar, muxlislar… deyarli hamma chetda qoldi.

Yoki bu oddiy aloqa xatosi emas, balki butun sport tuzilmasiga qarshi siyosiy to‘ntarish urinishimi?

Shundan so‘ng Fifa yig‘ildi, Infantino va bosh kotib Mattias Grafström qo‘shma xat e’lon qildi. Undagi 19 ta so‘z esa butun tashkilotning o‘z-o‘zini aldagan darajasini ochib berdi: “Fifa rahbariyati bugungi uchrashuv natijalari tashkilotga bo‘lgan ishonchni tiklashga yordam berishiga to‘liq ishonch bildiradi”, deyiladi xatda.

Nega ishonmas ekan? Infantino hokimiyatda qolishni istaydi. U bugungi futbolning eng bo‘luvchi shaxsimi yoki aksincha, turli manfaatlar va lagerlarni o‘ziga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan yagona odammi – har ikki holatda ham manzara bir xil: futbol jamoatchiligi unga qarshi turibdi.

Xatda “qilingan xatolar tan olindi”, degan jumla bor. Qog‘ozda hammasi chiroyli.

“Biz sizni chetda qoldirmoqchi emasdik”

Bayonotdagi eng ko‘p “kechirimga o‘xshash” jumla shunday: “Fifa kengashi va Fifa a’zo assotsiatsiyalarining jarayondan chetda qolishi niyat qilingan emasligi borasida kelishuvga erishildi”.

Savol tug‘iladi: agar niyat bo‘lmasa, nega ular chetda qoldirildi?

Butun futbol olamiga deyarli yashirincha tashlangan loyiha shunday darajada yopiq bo‘ldiki, xabardor qilinganlar doirasi Kushner oilasi a’zolari bilan cheklangandek taassurot qoldirdi. Loyiha bo‘yicha ovoz berishi kutilayotgan ayrim assotsiatsiyalar Fifa’dan boshqalarga qaraganda ko‘proq mablag‘ olishi aytildi. Bu esa ko‘plar nazarida ochiqchasiga pora taklifiga yaqinlashdi. Infantino xatida, tabiiyki, “pora” so‘zi uchramaydi.

U va’da berdi: bunday sirli sxema qayta takrorlanmaydi, mustaqil ko‘rinishga ega “ko‘rib chiqish” jarayoni o‘tkaziladi. Ammo bu tekshiruvni ham o‘sha Infantino qanoti boshqarib, o‘zi xohlagan xulosani o‘zi yozib bermaydimi?

“Hujumlarga chek qo‘yamiz”

Infantino va Fifa tanqidga nisbatan o‘ta sezgir bo‘lib qolgani ijtimoiy tarmoqlardagi postlardan ham ko‘rinib turardi. Endi esa bu kayfiyat butun tashkilotga singib ketgandek.

Bayonotdagi eng ajabtovur jumlalardan biri shunday: “Fifa bundan buyon o‘zining halolligi, yaxshi boshqaruvi va protsessual adolatiga qilingan biror hujumni ham chiday olmaydi va nomi hamda obro‘sini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”.

Bu ohang tasodifiy emas. Donald Trump o‘zini doim “adolatdan mosuvo qurbon” sifatida ko‘rsatganidek, Fifa ham bugun o‘zini shunday talqin qilmoqda.

Lekin bu obro‘ni saqlab qolish uchun kech. Infantino davrida tashkilot nomi allaqachon loyga qorilgan.

Cristiano Ronaldo va Folarin Balogun diskvalifikatsiyalarining bekor qilinishi, Lionel Messi o‘ynayotgan Inter Miami’ni Club World Cup turniriga “qoidalarni cho‘zib” tiqishtirish, Somali hakami Omar Artan’ni AQShga kiritmaslikka ko‘z yumish, Trump bilan haddan tashqari yaqin aloqalar, keyin esa noqonuniy urush boshlagan shaxsga “tinchlik mukofoti” topshirish – bularning bari bir yo‘nalishga ishora qiladi.

Fifa – ochko‘zlik timsoliga aylangan nom

Bugun Fifa deganda ko‘plar avvalambor ochko‘zlikni eslaydi. AQShda o‘tgan musobaqalarda oddiy amerikalik muxlislar chiptalarning osmonu falak narxiga kimni aybladi? Aynan Fifa’ni. Tashkilot bu jarayonda neytral hakam rolini o‘ynamadi. Aksincha, Trump ma’muriyatiga berilgan imtiyozlar, Oq Uy kayfiyatiga qarab o‘zgarib turgan qarorlar buni ochiq ko‘rsatdi.

Fifa global o‘yin nomidan gapirayotganini da’vo qiladi. Lekin “World Cup”ni sotishga o‘xshash strategiyalar, ko‘p yillik turnirni moliyaviy paketga aylantirish urinishlari, bularning barchasi dunyo futbolining katta qismini chetda qoldirgan holda olib borildi.

Agar Fifa chin dildan obro‘sini tiklamoqchi bo‘lsa, bu yo‘l boshida bitta shart turibdi: rostgo‘ylik va yangi rahbariyat. Infantino olamidan kelayotgan so‘nggi bayonot esa hozircha na birinchisini, na ikkinchisini taklif qilyapti.

Savol ochiq qoladi: jahon futboli qachon haqiqatan ham o‘zi ishonadigan Fifa’ga ega bo‘ladi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling