FIFA prezidenti Gianni Infantino maslahatchisi iste’fo berdi
Nyu-Yorkdagi futbol siyosati sahnasida kuchli zarba: FIFA prezidenti Gianni Infantino maslahatchisi bo‘lgan, AQSh futboli uchun yaxshi tanish ism Carlos Cordeiro o‘z lavozimidan iste’fo berdi. Sabab – futbol tarixidagi eng daromadli brendga aylangan musobaqa, Jahon chempionatidan ulush sotish rejasi.
Bu oddiy ishchi kelishmovchiligi emas. Bu – tamoyil uchun tashlangan ochiq chaqiriq.
“Jahon chempionatidan ulush sotilmasligi kerak”
Cordeiro o‘z bayonotida bir jumlani alohida urg‘uladi: u FIFA’ning Jahon chempionatidan ulush sotish g‘oyasini “mutlaq rad etishini” aytdi va boshqa yuqori lavozimli xodimlarni ham ovozini ko‘tarishga undadi.
“Men Jahon chempionatidan ulush sotilishini tomoshabin bo‘lib kuzatib turolmayman”, — dedi u Infantino prezidentlik ofisiga yo‘llagan iste’fo maktubida.
35 yildan ortiq bank sohasida ishlagan, Goldman Sachs’da faoliyat yuritgan, AQSh Futbol Federatsiyasiga rahbarlik qilgan Cordeiro bu borada o‘zini nafaqat futbol ichida, balki moliyaviy tizimda ham yetarlicha tajribali inson sifatida ko‘rsatdi.
U taklif etilayotgan modelni “futbol uchun yomon kelishuv” deb atadi.
20 milliard dollarlik reja va Nyu-Yorkdagi sarmoyador
Infantino rejasi oddiy: FIFA’ning tijoriy faoliyatini – erkaklar va ayollar Jahon chempionatlari, Club World Cup va boshqa yirik turnirlar bilan bog‘liq barcha biznes yo‘nalishlarini – alohida sho‘ba korxona sifatida ajratish. Taxminiy qiymat – 20 milliard dollar. Shu paketning 20 foizi xususiy investorlar qo‘liga o‘tishi ko‘zda tutilgan.
FIFA hujjatlarida “anchor investor” sifatida tilga olinayotgan asosiy sarmoyador – Nyu-Yorkda joylashgan, Joshua Kushner asos solgan investitsiya firmasi. Joshua – sobiq Oq uy maslahatchisi Jared Kushnerning ukasi.
Futbol siyosatidagi bu moliyaviy burilish, tabiiyki, AQSh siyosiy elitasiga ham tutashib ketadi. Cordeiro so‘nggi yillarda Infantino bilan birga bir necha bor Oq uyda Donald Trump bilan uchrashuvlarda qatnashgan edi. Endi esa u aynan moliyaviy tuzilma tufayli bu doiradan chiqib ketmoqda.
“FIFA’da pul yetarli. Nega yana ulush sotish kerak?”
Cordeiro tanqidining markazida bitta savol turibdi: FIFA pulga muhtoj emas ekan, nega Jahon chempionatining bir qismini abadiy qo‘ldan chiqarishi kerak?
U FIFA’ning moliyaviy holatini aniq raqamlar bilan eslatdi: tashkilotning milliardlab dollarlik zaxiralari va nol darajadagi qarzi bor. So‘nggi to‘rt yilda, yaqinda yakunlangan erkaklar Jahon chempionati hisobiga, tushum 15 milliard dollarga yetgan.
Shu fon’da 4,2 milliard dollar yig‘ish uchun “futbolning eng qimmat aktividan doimiy ulush sotish” – Cordeiro nazarida, kelajakni garovga qo‘yish bilan barobar.
“Bu – futbol kelajagini garovga qo‘yish, ustiga-ustak, bunga jiddiy asos ham yo‘q”, — deya ogohlantirdi u.
Ichkaridan kelgan ogohlantirish
Cordeiro besh yil davomida Infantino bilan yonma-yon ishlaganini, FIFA ichida “o‘yinni chin dildan sevuvchi, tamoyilli insonlar” ko‘p ekanini ta’kidladi. Endi u aynan shu odamlarga murojaat qilmoqda.
“Umid qilamanki, ular ham gapiradi. Chunki bunday miqyosdagi qarorlar futbol manfaatlari uchun qabul qilinishi kerak, undan foyda ko‘radiganlar uchun emas”, — deb yozdi u.
Bu so‘zlar FIFA ichidagi kayfiyatni ham savol ostiga qo‘yadi: prezident atrofida mutlaq sukutmi, yoki Cordeiro iste’fosi boshqalar uchun ham signal bo‘ladimi?
Infantino uchun kutilmagan bosim
Gianni Infantino o‘n yildan ortiq vaqt davomida FIFA tepasida turibdi. U kelgusi yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda deyarli raqibsiz qayta saylanadigandek ko‘rinayotgan edi. FIFA nomzodlar uchun yakuniy muddatni 18 noyabr qilib belgilagan.
Endi esa bu iste’fo va ochiq tanqid fonida savollar ko‘paydi. Ichkaridan chiqqan bunday norozilik, ayniqsa moliya va siyosat chatishtirilayotgan paytda, saylov oldidan Infantino uchun kutilmagan bosimga aylanishi mumkin.
FIFA o‘zining eng qimmat brendidan ulush sotishga jur’at qiladimi? Yoki ichkaridan ko‘tarilayotgan ovozlar bu rejaning yo‘lini to‘sadimi? Futbol boshqaruvidagi bu savol endi faqat Shveysariyadagi ofis devorlari orasida emas, butun o‘yin jamoatchiligi oldida turibdi.







