FIFA tepasidagi siyosiy jang: Nasser Al-Xelayfi chiqdi, Infantino uchun imkoniyatlar
Dunyo futbolining eng yuqori qatlamida keskinlik oshgan, lekin kutilgan “og‘ir vaznli” raqib maydonga tushmaydigan bo‘ldi. UEFA uzoq vaqtdan beri 2027-yil martidagi FIFA prezidentlik saylovida Gianni Infantino’ga qarshi turadigan nomzod izlab kelayotgan edi. Ko‘zlar esa tobora bir ismga – PSG prezidenti Nasser Al-Xelayfi tomon burilayotgan edi.
Endi esa bu yo‘l yopildi.
“Hech qanday qiziqish yo‘q”
Politico va RMC Sport xabarlariga ko‘ra, Yevropa futbol doiralari Al-Xelayfi’ni FIFA ichida tobora kuchayib borayotgan tijoriy loyihalarga qarshi birlashtiruvchi figura sifatida ko‘rgan. Mojaro markazida bitta masala turibdi: FIFA o‘zining tijoriy huquqlarining bir qismini alohida tijoriy tuzilmaga ajratib, sotishni rejalashtirmoqda. Tanqidchilar buni ochiqchasiga “Jahon chempionatini sotish” deb atayapti.
Shu fonida Nasser Al-Xelayfi nomi tabiiy ravishda siyosiy maydonga tortila boshladi. Lekin Qatar ishbilarmoniga yaqin manba RMC Sport orqali chiziqni aniq chizib berdi: u bu o‘yinga kirmaydi.
“Nasserning bu rolga nisbatan mutlaqo hech qanday ambitsiyasi yo‘q, niyati ham, qiziqishi ham yo‘q. U global va Yevropa futbol institutlarini sokin tarzda qo‘llab-quvvatashda davom etadi,” – degan manba.
Shu bir og‘iz pozitsiya UEFA uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Chunki ular aynan undan Infantino’ning yangi moliyaviy harakatlariga qarshi front yuzini ko‘rishgan edi.
EFC fronti va boy berilgan imkoniyat
European Football Clubs (EFC) – hozirda Al-Xelayfi raislik qilayotgan tashkilot – FIFA tijoriy ulushlarini sotish rejasining eng keskin tanqidchilaridan biri bo‘lib turibdi. EFCning qat’iy pozitsiyasi Yevropa futbol rahbarlariga oddiy mantiqiy xulosa bergan: bu frontning boshida turgan odam saylovda ham tabiiy bayroqdor bo‘lishi kerak edi.
Uning profili bunga juda mos kelardi. Bir tomonda – PSG ustidan nazorat, boshqa tomonda – BeIN Media Group’dagi ulkan ta’sir. Siyosiy, moliyaviy va medial kuch bir nuqtada jamlangan figura. Yevropalik amaldorlar uchun aynan shunday nomzod kerak edi: og‘ir so‘zli, resursli, global miqyosda tan olingan.
Ammo Al-Xelayfi atrofidagilar bu taxminlarni “media shov-shuvi” sifatida rad etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, uning ustuvor yo‘nalishlari allaqachon belgilangan va FIFA saylov kampaniyasi bu ro‘yxatda yo‘q.
Shu qaror bilan Yevropaning eng kuchli siyosiy kartalaridan biri stol ustidan olib tashlandi.
Infantino qal’asi: raqamlar, ovozlar va tizim
Al-Xelayfi chetga chiqishi bilan yana bir haqiqat yanada ravshanlashdi: Infantino’ni ag‘darish nihoyatda mushkul. So‘nggi o‘n yil ichida u FIFA ichida hokimiyatni bosqichma-bosqich mustahkamlab bordi. RMC Sport ma’lumotlariga ko‘ra, ayniqsa Afrika, Osiyo va Janubiy Amerika assotsiatsiyalari uning asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda.
Sababi oddiy: pul oqimi. FIFA daromadlari rekord darajalarga chiqqan bir paytda bu mablag‘lar mintaqaviy federatsiyalarga qayta taqsimlanmoqda. Infratuzilma, dasturlar, grantlar – ko‘plab mamlakatlar uchun bu FIFA bilan yaqin aloqaning aniq ko‘rinadigan natijasi.
Shunday sharoitda Yevropadan keladigan har qanday “qo‘zg‘olon” matematik jihatdan murakkab masalaga aylanadi. Ovozlar soni yetmaydi. Siyosiy kapital yetmaydi. Infantino’ning iqtisodiy natijalari esa uning tarafdorlari uchun eng katta dalil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uning atrofida yana bir omil bor: bosimga chidamlilik. FIFA prezidentiga qarshi so‘nggi yillarda bir necha bor siyosiy bo‘ronlar ko‘tarildi, turli bahsli ishlar qayta-qayta ochildi. U esa har safar o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.
Endi esa kimdir unga ochiqchasiga raqib bo‘lishni xohlasa, nafaqat bugungi siyosiy jangga, balki o‘tmishdagi barcha “qog‘oz papkalar” qayta ochilishiga ham tayyor turishi kerak bo‘ladi.
UEFA – qarshilikda, lekin yetakchisiz
UEFA va FIFA o‘rtasidagi mojaro tugagani yo‘q. Aksincha, FIFA’ning Jahon chempionati tijoriy huquqlariga oid rejasi Yevropa tomoni uchun prinsipial masalaga aylanib ulgurgan. Ular bu loyihaga keskin qarshi turibdi va o‘z pozitsiyasidan chekinishni o‘ylayotgan ham yo‘q.
Ammo endi bitta muhim savol ochiq qolmoqda: bu kurashni kim boshqaradi?
Al-Xelayfi nomi byulletenlardan tushib qoldi. Demak, UEFA yangi yuz, yangi hikoya, yangi strategik figura izlashi kerak bo‘ladi. Infantino esa hozircha global sahnada deyarli raqibsiz turibdi.
2027-yilga borib, Yevropa futboli bu bo‘shliqni to‘ldiradimi yoki FIFA tepasida yana bir muddat davom etadigan status-kvoni jim kuzatishdan boshqa chorasi qolmaydimi? Savol ochiq, vaqt esa Infantino foydasiga ishlayotganga o‘xshaydi.







